Arining qasosi
Sardor sigirini soyaga olib O‘tkir o‘rtog‘i bilan daladan qaytarkan atrofi beton g‘isht bilan o‘ralgan taxta tilish sexi yonida to‘xtab qoldi.
– O‘tkir, qara, anavi devorning orasida qovog‘arining uyasi bor ekan. Hozir uchta ari ketma-ket kirib ketdi, – dedi g‘ishtlar o‘rtasidagi ochiq joyga ishora qilib.
– E, qovog‘ari juda yomon, bir marta buzog‘imni chaqqanda hammayog‘i shishib ketgan. Mol do‘xtiri Murod amaki uch kun ukol qilib, zo‘rg‘a tuzatib bergan. Arilarni yo‘qotish kerak, – O‘tkir atrofga qarab nimanidir qidirdi. Keyin asta borib daraxt tagida yotgan uzun cho‘pni oldi.
– Jinnimisan, inini buzmoqchimisan? Uni jahli yomon, dabdalamizni chiqaradi, – qo‘rqib ketdi Sardor.
– Buzamiz-u qochamiz. Kim qilganini bilmay qoladi, – dedi O‘tkir, yoriqqa cho‘p tiqib kovlarkan. Kovladi-yu, cho‘pni ham olmasdan ura qochdi. Sardor qamishni olib tashlamoqchi bo‘lgandi, ikki-uchta ari vizillab uyadan chiqdi.
Ular Sardorga e’tibor ham bermay, O‘tkirni quvlashga tushdi. Qo‘rqib ketgan Sardor o‘rtog‘ini ketidan yugurdi. Bu paytda tepasida o‘ndan ortiq ari xuddi bomba tashlashga ketayotgan samolyotlarday bir safga tizilib uchardi. Qizig‘i, ular Sardorga qarashmasdi ham. U arilarni o‘zidan uzoqlashganini sezgach, Sardor nafasini rostlash uchun ariq chetidagi tut soyasiga o‘tdi.
– Uff, xayriyat topisholmadi, – degan tanish ovozni eshitib, tepaga qaradi.
– Tavba, qanday ulgurding, yaxshiyam seni ko‘rishmadi, bo‘lmasa do‘mbira qo‘zi qilib chaqib tashlashardi.
– Meni bilasan-ku, shamoldan ham tez yuguraman, – maqtandi O‘tkir. Keyin hayron bo‘lib Sardorga qaradi, – qiziq, nega ular senga tegishmadi? Yoki uyalarini sen buzmaganligingni bilishdimikan-a?
– Men ham shunga hayronman. Qulog‘im tagidan viz-viz uchib osmonga ko‘tarilishdi. Voy, – o‘rnidan turib ketdi Sardor, – ular qaytishyapti, berkin. – O‘tkir tutlar panasiga o‘tdi. Uch-to‘rtta ari shundoq tepalaridan uchib o‘tdi. Lekin ikkitasi tut atrofida ikki-uch aylandi. Sardorning naq peshonasi tepasida vizillashdi. Sardor beixtiyor qo‘llari bilan yuzini to‘sdi. Lekin barmoqlari orasidan ularni kuzatishda davom etdi. Arilar xuddi samolyot parvozga ko‘tarilganda g‘ildiraklarini yig‘gandek oyoqlarini qattiq-qattiq silkitib yig‘ib olishdi-da, uyalari tomon uchib ketishdi. Ikki o‘rtoq uyga qaytarkan O‘tkir arilarni qanday chalg‘itganini ko‘pirtirib maqtandi.
Ertasiga Sardor dalaga bormadi. O‘tkir noiloj bir o‘zi sigirini yetaklab, yaylovga yo‘l oldi. Quyosh endigina tog‘ ortidan ko‘tarilgan, hali o‘t-o‘lanlar yuzida shudring yaltiraydi. O‘tkir yuzini chala yuvganigami, uyqusi o‘chmagan, yengil shabadada ham eti junjikadi. Kutilmaganda sigiri o‘ynoqlab o‘zini tutzorga urdi. O‘tkir sigirning arqonini qo‘yib yubormay unga qo‘shilib yugurdi. Sigir ariq bo‘yida to‘xtab qirg‘oqdagi maysalarni ochko‘zlik bilan yamlashga tushdi. Shu payt O‘tkir shortisining pochasida nimadir g‘imirlaganini sezdi. Bunday qarasa, kattakon qovog‘ari! Sho‘rlik sovuqdanmi, shudringdanmi karaxt bo‘lib qolgan shekilli, qanotini arang sudrab tepaga o‘rmalardi. O‘tkir shosha-pisha uni chertib yerga tushirib yubordi. “Kecha inini buzgan arim shekilli, o‘tloqda uxlaganga o‘xshaydi”, deb o‘yladi. Ichki bir xavotir bilan bu yerdan tezroq ketishga qaror qilib sigirini sudradi. Targ‘il tixirlik qilgach, qo‘lidagi tayoq bilan yelkasiga tushirdi. Sigir boshini qattiq siltadi-da chopib ketdi... Arqon O‘tkirning qo‘lini shilib yubordi. Uni jahl bilan itqitayotib yuz tuban yiqildi. Lekin darrov sakrab turdi-da, sigirini ketidan yugurdi. Bo‘yni, qulog‘i qattiq achishib og‘rirdi. U bo‘ynini ushlab tepaga qaradi! Boshi ustida o‘ntacha qovog‘ari ta’qib qilib kelardi. O‘tkir beixtiyor to‘xtadi. Arilar shuni kutib turganday unga yopirildi...
Dehqonlarga ovqat pishirish uchun shiyponga ketayotgan Rahima opoqi yerda behush yotgan bolani ko‘rib qolib, qorovulni chaqiribdi. Qorovul O‘tkirni qo‘lida ko‘tarib uyiga olib boribdi...
Sardor kun yoyilib ketguncha mazza qilib uxladi. Nonushta qilgach, birorta o‘rtog‘im ko‘rinib qolarmikan, deb ko‘chaga chiqdi. Shu choq yonginasidan “Tez yordam” mashinasi chinqirib o‘tdi-yu O‘tkirlarning darvozasi yonida to‘xtadi. “Tez yordam”dan tushgan ikki shifokor nosilka ko‘targancha ichkariga kirib ketdi. Sardor, Zamira buvim kasal bo‘lib qoldilarmikan, deb o‘ylab o‘sha tomonga yurdi. U yetib kelmasdan shifokorlar nosilkada kimnidir olib chiqib, “Tez yordam”ga yotqizdi-da sirenasini chinqirtirib ortiga qaytdi. Zamira buvi voqeani Sardorga so‘zlab berdi.
O‘tkir bir hafta shifoxonada yotdi. Uyga qaytgach, Sardor ko‘rgani chiqdi.
– O‘rtoq, to‘g‘ri aytgan ekansan. Boplab o‘ch oldi, mittivoylar. Toza ta’zirimni yedim. Endi nafaqat ari, chumolining ham uyini buzmayman. Axir, ular ham tabiatning bolasi, – dedi O‘tkir.
– To‘g‘ri, endi jonivorlarga ozor bemaymiz, – uning fikriga qo‘shildi Sardor.
Muhabbat HAMIDOVA