Hasad
(Hikoya)
Hasan respublika bolalar kutubxonasi tashkil etgan tanlovda 1-o‘rinni egalladi. Mukofotga planshet berildi. Hasan uni qo‘liga olganida, ko‘z oldiga buvisi keldi.
Yutug‘ini bag‘riga bosib, o‘qituvchisi bilan birga uyiga keldi. Qarib, mushtdekkina bo‘lib qolgan Karima xola ko‘ziga yosh olib, Hasanni quchoqladi:
– Baraka top, bolam. Ota-onang tirik bo‘lganida qanchalik suyunishar edi-ya, – Karima xola ro‘molining uchini mijjasiga bosdi.
– Xolajon, – dedi xiyol o‘ng‘aysizlanib o‘qituvchi, – Hasanni to‘rt yildan beri o‘qitaman. U iqtidorli, odobli, a’lochi o‘quvchilarimdan. Erishgan muvaffaqiyatidan juda xursandman. Bu hammasi sizning mehringiz tufayli. Rahmat sizga, xolajon, endi bizga ruxsat, sinfdoshlari kutyapti.
– Mayli, mayli, boraqolinglar.
Hasan o‘qituvchisi bilan sinfga kirganda barcha sinfdoshlari (Akmaldan tashqari) qarsak chalib kutib olishdi.
– Tabriklaymiz, tabriklaymiz! – deyishdi baravariga.
– Qani, endi dars boshlaymiz. Tabriklarni tanaffusda davom ettiramiz, – dedi o‘qituvchi.
Hasan partadoshi Akmalning yoniga o‘tirayotib pichirladi:
– Stulingni sal sur?
– Sig‘mayotgan bo‘lsang boshqa joyga o‘t, surilmayman! – jerkidi Akmal.
– Tinchlikmi, o‘rtoq, nega baqiryapsan?
– Har doimgi ovozim bu, ha-ya senga endi muloyim gapirish kerak-a! – zaharxanda iljaydi Akmal. – Axir endi sen g‘olibsan-ku!
– Muammo g‘olib bo‘lganimmi?
– Muammo? Muammo bo‘lishi mumkin emas, g‘olibning partadoshi bo‘laman-u, muammo bo‘ladimi?!
“Nahotki shu men bilgan Akmal bo‘lsa, – xayolidan o‘tkazdi Hasan, – to‘g‘ri, Akmal adabiyotdan mendan ham ko‘proq a’lochi. U ham tanlovga qatnashgandi. O‘rin ololmagani chatoq bo‘ldi-da. Yoki shunga g‘ashlik qilyaptimikan?”
Akmal jahl bilan stulini surgan paytda eshikdan kotiba qiz mo‘raladi-da, Hasanni direktor chaqirayotganini aytdi. Hasan o‘qituvchidan ruxsat olgach, qo‘lidagi planshetni kitobi tagiga qo‘ydi-yu, tez yurib sinfdan chiqdi. Akmal shuni kutib turgandek darrov planshetni olib papkasiga soldi. Keyin asta o‘rnidan turdi.
– Ustoz, mazam bo‘lmayapti, ketsam maylimi?
– Nima bo‘ldi, ranging ham oqarib ketibdi, qayering og‘riyapti?
– Boshim, boshim qattiq og‘riyapti.
– Ertalab nonushta qilmagandirsan-da. Mayli, uyga borgach, darrov dori ichib ol, xo‘pmi?
– Xo‘p, ustoz.
Akmal ketgach, yuz-ko‘zi kulgidan yashnab Hasan kirib keldi.
– Yana xushxabar shekilli, – dedi o‘qituvchi unga qarab.
– Ha, ustoz, tumanning ilg‘or yoshlari safida Samarqandga sayohatga borarkanman.
– Juda yaxshi, tabriklayman. O‘tir joyingga... – Hasan joyiga borib o‘tirdi-yu, – voy, – deb o‘rnidan turdi, ajablanib atrofga qaradi:
– Planshetimni kim oldi?
– Hech kim olgani yo‘q, o‘zi sinfda qoldirganmiding? – chuvillashdi bolalar.
– Mana shu, mana shu yerga qo‘yib ketgandim, – dedi Hasan parta ustiga barmog‘ini nuqib.
– Bolalar o‘rnidan turmadi, hayronman. Sinfda bo‘lsa topiladi, xafa bo‘lma. Bolalar, kimdir hazillashgan bo‘lsa darrov bersin, – dedi o‘qituvchi.
– Kerakmas, – dedi Hasan qo‘l siltab, – planshetsiz ham yashay olaman. – Shu choq qo‘ng‘iroq chalindi. Hasan hech kimga qaramay sinfdan otilib chiqib ketdi.
– Esiz, planshet Hasanning ilk yutug‘idan kelgan sovg‘a, sizlarni ko‘rsin deb sinfga olib kelgandik. Uyida qoldirsak bo‘larkan. Juda xunuk hazil bo‘ldi-da. Kim olgan bo‘lsa ham partasini ustiga qo‘yib ketsin.
– Ustoz, – dedi Tolib o‘rnidan turib, – balki Akmal olgandir. Chunki juda bezovta edi. Hasanni tabriklamadi ham. Hammamiz papkamizni ochib ko‘rsatamiz, lekin ishonchim komil, planshet hech kimdan chiqmaydi...
Hasan yo‘lida uchragan tosh-kesaklarni jahl bilan tepib borar, miyasida turli o‘ylar g‘ujg‘on o‘ynardi. “Umrimdagi eng yaxshi kunni ham rasvo qilishdi. Nega bunday qilishdi?!”
U buvisiga hech narsa demadi. Ertasi kuni Akmal maktabga kelmadi. Darslar tugagach, Hasan sinfdoshining uyiga yo‘l oldi. Darvozani Akmalning oyisi ochdi.
– Assalomu alaykum!
– Va alaykum assalom, Hasanjon!
– Akmal yaxshimi? Nega darsga bormadi? – tashvishli ovozda so‘radi Hasan salomlashgach.
– Hayronman, kechadan buyon xonasidan chiqqani yo‘q. Na gapiradi, na ovqat yeydi. Yaxshiyam kelding, zora o‘ziga kelib qolsa, – dedi Ra’no opa uni o‘g‘lining xonasiga boshlar ekan.
Hasan do‘stining yonida cho‘kkalab o‘tirdi. Uni ko‘rib Akmalning chehrasi yorishdi, ammo nimadir esiga tushib, ko‘zini olib qochdi.
– Planshetga keldingmi, papkamda turibdi. Qo‘limga ham olmadim. Qilgan ishimdan o‘zim uyalib ketyapman... Sinfdagi eng a’lochi men bo‘lsam, nega men emas, Hasan g‘olib bo‘ldi, deb alam qildi. O‘sha alam meni mana shu ahvolga soldi. Aslida, yaxshi o‘qish uchun harakat qiladiganlarning hammasi e’tiborga munosibligini tushunib yetdim.
– Hechqisi yo‘q, sendan xafa emasman. Xohlagan paytingda planshetimdan foydalanishing mumkin. Asosiysi, tezroq tuzalsang bo‘lgani.
Hasan uyiga ketar ekan, ko‘ngli oftobdek yorishdi. Chunki u sinfdoshi qilgan ishi xato ekanligini anglaganidan xursand edi.
Omina TOHIRBOYEVA,
Toshkent shahar Yashnobod tumani 152-maktab 7-sinf