Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Odob

Odamlar bilan liq toʻla avtobus noiloj navbatdagi bekatda toʻxtadi. Biror yoʻlovchi tushmadi. Ammo oldi eshikdan tuguncha koʻtargan kampir bilan chol chiqdi. Oyoq qoʻyishga joy yoʻqligidan qariyalar chiqqan joylarida turib qolishdi. Biroq bir-ikki bekat yurmasdan odamlar ularni avtobus oʻrtasiga surib, oborib qoʻyishdi.

– Bolam, – dedi chol bittalik oʻrindiqda xoʻmrayib oʻtirgan bolaga, – mana bu buvingni qoʻlidagi tugunchani ushlab oʻtir, savob boʻladi, – chol tugunchani kampiridan olayotib chayqalib ketdi, yaxshiyam doʻppili amaki chaqqonlik qilib ushlab qoldi. Aks holda...

– Bu xolani tanimayman, mening buvim yoʻq. Kesatmasdan, joyni boʻshat, kampirim oʻtirsin, deyavermaysizmi?! – dedi bola toʻngʻillab oʻrnidan turarkan.

– Bolam, oʻtiravering, sizlar ham kun boʻyi oyoqda yurib charchaysizlar. Uyimizga yaqin qoldi, bir amallab yetvolaman. Buvangiz betobligim uchun meni ayadilar-da, – dedi kampir xijolat tortib.

– U-f-f, buni avvalroq oʻylash kerak edi. Oʻrnimdan turib boʻldim-ku, endi oʻtiravering, koʻp gapirmasdan.

– Umringizdan baraka toping bolam. Sizga ham bizga oʻxshab qarish nasib qilsin, – duo qildi kampir oʻrindiqqa oʻtirayotib.

– Men qariganimda turtinib-surtinib avtobusda yurmayman, mazza qilib uyda oʻtiraman, – dedi bola baralla ovozda. Yoʻlovchilar bolaga “yalt” etib qarashdi. Doʻppili amaki nimadir demoqchi boʻldi-yu, bu odobsiz bolaga gap kor qilmasligini sezib indamay qoʻya qoldi.

– “Buvim yoʻq”, dedi, ota-ona tarbiyasini ham koʻrmagan, shekilli. Kap-katta bolaning qilgan ishini qarang, betgachoparlik ham evi bilan-da, agar meni oʻgʻlim shunday qilsa... – pichirladi bir ayol yonidagi sherigiga.

– Bolam hali yosh, qaysar bola tez quyiladi. Xudo xohlasa, shunday yigit boʻladiki... – ularning gapini boʻldi chol, boʻshagan oʻrindiqqa oʻtirayotib. Ustozlari, ota-onasi u bilan faxrlanib yuradi. Keyin bolaga yuzlandi, – kel oʻgʻlim, yonimga oʻtir. Gaplashib ketamiz.

– Rahmat, doda, amakim oʻtirvosinlar, men hozir tushaman, – bola shunday deb oldi eshikka qarab yurdi. Keyin eshitilar-eshitilmas pichirladi, – xayr buvijon, yaxshi yetvoling!

Kampir unga qarab qoʻl silkib xayrlasharkan jilmayib qoʻydi.

 

Toʻlqin MUHIDDIN

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.