Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bolalikning zarhal bogʻlari

Bolalikning zarhal bogʻlarida kezib yurgan oʻquvchilik yillarim men uchun qanchalar qadrli ekanligini yillar oʻtgan sayin anglab boryapman. Biz bir gala quvnoq qizaloqlar avvaliga darslarga biroz eʼtiborsiz boʻlib yurganmiz. Keyinchalik ustozlarning hurmatini qozonish ilinjida koʻproq kitoblar olamiga shoʻngʻib ketdik. Otam kelajagimni oʻylab, menga bildirmasdan radio hamda televideniye xodimlarini maktabimizga yuborganlar, ular meni imtihon qilishgan. U kishi meni kelajakda yaxshigina ijodkor boʻlishim haqida qaygʻurgan boʻlsalar ajabmas... Hash-pash deguncha, maktabni bitirganimni bilmay qoldim. Keyin oliygohga kirish uchun yoʻl oldim. Bu yorugʻ olamda nimani orzu qilgan boʻlsam hammasiga erishganman, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Oʻzbekiston Milliy universitetining geografiya fakultetida tahsil oldim. Oʻqishni aʼlo baholarda tugatgach, magistiraturada oʻqidim. Bolalikda koʻzlarimda oltindek tovlangan zarhal bogʻlar olamini oʻrganishga kirishdim. Bugun oʻzim oʻqigan oʻsha ulugʻ dargohda talabalarga dars berayapman. Shu bilan bir qatorda Sergeli tumanidagi 6-sonli maktabda targʻibotchi boʻlib ishlayapman. Boʻsh paytlarimda Oʻzbekiston televideniyasining “Assalom Oʻzbekiston” dasturiga boshlovchilik qilish uchun izlanish olib boryapman. Targʻibotchilik faoliyatim davomida bir qancha ijodkor oʻquvchilarni kashf etdim. Respublika bolalar va oʻsmirlar nashri boʻlgan “Tong yulduzi” gazetasida ularning ijodiy namunalarini chop ettirib, oʻquvchilarimni ragʻbatlantirishdan tolmayman... Bahor har yili gullarini sochib kelganida qalbimni allaqanday bir orziqish oʻz domiga oladi. Hali juda koʻp ishlarni amalga oshirishim kerakligi haqida chuqur oʻyga tolaman. Oʻquvchi oʻgʻil qizlarimizga “siz bu yorugʻ olamda intilib yashashdan hech qachon tolmang”, degim keladi.

 

Dilshoda Azimova,

Oʻzbekiston Milliy universiteti geografiya fani oʻqituvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.