Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Orzular

Har bir bola: “Katta boʻlsam, falon kasbni egallayman, falon joyda ishlayman, mashhur boʻlib ketaman”, – deb orzu qiladi. Lekin nimagadir koʻpchilik orzusiga yetolmaydi. Bunga sabab esa...

Toʻrt sinfdosh oʻrtoq kechqurun osmon toʻla yulduzlarga tikilib, bir-birlariga orzularini aytishdi.

– Katta boʻlsam, Shokir akadek tadbirkor boʻlaman. Qishlogʻimizga sport maydoni qurib beraman, – dedi Sobir.

– Men Oʻtkir Hoshimovdek yozuvchi boʻlib onam haqida kitob yozaman, – dedi Botir.

– Zoʻr-ku, men tarixga qiziqaman, tarixchi boʻlsam kerak, – jilmaydi Nabijon.

– Menga shifokorlik yoqadi. Agar shifokor boʻlsam, birinchi boʻlib bobomning oyoqlarini davolardim. Oyoqlari sovuqda qattiq ogʻriydi, – xoʻrsindi Nosir.

– Gapingiz esingizdan chiqmasin. Roppa-rosa oʻn yildan keyin shu yerda uchrashamiz. Kim orzusiga yetganini oʻshanda bilamiz, – dedi boʻlajak tadbirkor oʻrtoqlariga bepisand qarab.

Oʻrtoqlar vaʼdalashgach, uylariga tarqalishdi. Nihoyat, oradan 10 yil ham oʻtdi. Toʻrt ogʻayni vaʼdalariga vafo qilib, yana yulduzli osmon ostida uchrashdilar. Ular endi ancha ulgʻaygan, baʼzilarining sochiga oq ham oralagandi.

– Xoʻsh, kim nimani uddaladi? – soʻradi Botir, oʻrtoqlariga sinovchan tikilib.

– Oʻzingdan boshlaylik. Niyatingga yetdingmi? Shu choqqacha nima yozding? – soʻrashdi undan.

– Maktabni bitirgach, hayotni oʻrganish uchun qurilishda ishladim. Koʻp kitob oʻqidim. Institutni sirtdan tugatdim. Hikoyalar yozdim, ular kitob boʻlib chiqdi. Odamlarga yoqdi, – dedi Botir, – uni sizlarga ham taqdim etaman.

– Qoyil, orzungga yetibsan-da, doʻstim. Men tadbirkor boʻlolmadim, bilimim yetmadi, tirakashlik qilyapman, – xoʻrsindi Sobir. Uning avvalgi shiddatidan asar ham qolmagandi.

– Nabijon, oʻzingda nima gaplar, – yonida jim turgan oʻrtogʻiga yuzlandi Botir.

– Tarixchi boʻlmadim-u, tarix oʻqituvchisi boʻldim. Maktabda bolalarga tarixdan dars beryapman.

– E, bolalikda darslardan tuzukroq baho ololmaganimizni oʻylamasdan Sobir ikkalamiz maqtanvorgan ekanmiz-da! Bilimsiz orzuga yetib boʻlmas ekan. Buni vaqtida tushunganimda, albatta yaxshi baholarga oʻqirdim. Men kollejga ham kirolmadim. Bobom oyoq ogʻrigʻidan qiynalib olamdan ham oʻtib ketdilar. Hozir qurilishda ishchiman. Endi hech narsani orzu qilmayman, – dedi Nosir qizishib.

– Unday dema, doʻstim. Orzusiz odam qanotsiz qush. Orzu odamni yuksalishga chorlab turuvchi mayoq, – dedi Botir. – Orzung boʻlsa, unga yetish uchun kurashasan, irodang toblanadi. Hayotda oʻz maqsading boʻladi. Hozir oddiy ishchimisan, endi qoʻligul binokor boʻlishga intil. Hali ham kech emas. Sen mening mana bu kitobimni oʻqib chiqsang, buni oʻzing tushunasan.

Botir kitobiga dastxat yozib, oʻrtoqlariga tarqatarkan, ular yuzidagi umidni koʻrib, quvonib ketdi. Toʻgʻri, baʼzilar orzusiga yeta olmaydi. Buning sababini esa bilib oldingiz, deb oʻylayman.

 

Sunnatillo Qodirov,

Qoʻqon shahar 6-IDUM, 6-sinf

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.