Ariqbobo nega ranjidi?
Bir ariqdan toza, tiniq suv oqib kelib, bog‘-u rog‘larni sug‘orar, atrofdagi o‘simliklarga hayot baxsh etarkan. Ammo shu ko‘chada o‘ynaydigan bolalar unga har xil chiqindilarni tashlab iflos qilarkan. Bolalarning ishidan qattiq hafa bo‘lgan ariq Katta Ota ariqqa arz qilibdi. Ota ariq o‘g‘liga boshqa suv bermay qo‘yibdi. Shu suv yo‘lidagi daraxtlar, o‘simliklar va bog‘-u rog‘lar sarg‘ayib qurishni boshlabdi. Buni ko‘rgan mo‘ysafidlar xavotirga tushishibdi. Chunki mahalla ahli meva-chevalarsiz qoladigan bo‘libdi-da. Qurg‘oqchilik sababini bilmoqchi bo‘lib ular suvni qidirib ketibdilar. Katta ariq boshigacha borib undan:
– Nimaga bizga suv bermay qo‘ydingiz, Ariqbobo? – deyishibdi.
Ota Ariq ularga shunday javob beribdi:
– Bolalaringiz mening bolamni ranjitishdi. Unga chiqindi uyumlari tashlab suvni uvol qilishdi. Shundan g‘azablandim, – debdi. Bu gapdan izza bo‘lgan oqsoqollar ota ariqdan bolalari uchun kechirim so‘rabdilar va ta’zim qilib ortga qaytibdilar. Yig‘ilish o‘tkazib, mahalladagi barcha bolalarni ariq tozalashga safarbar etibdilar. Nuroniylar hurmati uchun Ariqbobo ardoqli suv o‘g‘lini eski yo‘nalishiga yuboribdi. Yana gullar, bog‘u-rog‘lar yashnabdi.
Bu voqeani osmondan kuzatib turgan Quyoshbobo ham xursand bo‘lib, nurlarini yanada mo‘lroq sochishni boshlabdi.
Daminjon Pirmatov