Dildagi hisob
Dam olish kuni bo‘lgani uchun Qodirjon bog‘da ishlayotgan hasharchilarga “temir toychog‘i”da dastyorlik qildi. Uning bobosi viloyatdagi mashhur bog‘bonlardan. “Mirishkor” fermer xo‘jaligi rahbari. Bobosi bir vaqtlar agronom bo‘lib ishlagan. Keyin mana shu qirga suv chiqarib uzum navlari olib kelib ekkan. Bu bog‘da har yili tonnalab uzum yetishtiriladi. Bobosining aytishicha, otasi “idora odami” bo‘lgani uchun kelgusida bog‘ni Qodirjon boshqarar emish.
Tushdan so‘ng yuk mashinasi keldi. Yashiklarga solinib tarozida o‘lchangan, quyoshda oltindek tovlangan uzumlar mashinaga yuklanar ekan, bobosi:
– Qodirjon, bolam, hisoblashib yubor. Birinchi qatorga 40 kilogramm, ikkinchi qatorga 34 kilogramm uzum joylandi.
– Jami 74 kilogramm bo‘ldi, bobo.
– Barakalla, unga 28,46,61 kilogrammni qo‘shamiz.
Qodirjon shoshib qoldi.
– Bobo, uyga borib kalkulyatorimni olib kelaymi, darrov hisoblab beraman, – dedi gap topolmay.
Bobosi jilmaydi-da, uning yelkasiga qoqdi:
– Yo‘q, og‘lim, sen ham charchading, buyog‘ini o‘zim amallayman.
Bu javob negadir yuziga tarsaki yegandan ham qattiqroq botdi. Bobosi chaqqonlik bilan yashiklar sonini sanar, ularni uzum og‘irligiga qo‘shib terilgan hosil miqdorini chiqarardi.
– Yashiklar og‘irligini chiqarib tashlaganimizda bir tonnayu ikki yuz kilogramm uzum teribmiz, – dedi bobosi bir parcha qog‘oz bilan ruchkasini ko‘krak cho‘ntagiga solib.
Qodirjon hech narsaga tushunmadi. U bobosining hisob-kitobga bunchalik usta ekanligiga lol qolgandi. Suv idishlarini velosipediga joylar ekan, bobosining yuziga qarashga uyaldi. Uzumzor yoqalab ketayotib, kecha matematika darsida ustozining “Dilda hisoblashni o‘rganish kerak”, degan so‘zlaridan xafa bo‘lganini esladi. Ertaga birinchi bo‘lib ustozidan kechirim so‘rash va bundan buyon qunt bilan dars tayyorlashni diliga tugdi. Axir bobosi bu yerlarni bog‘ qilish uchun ozmuncha zahmat chekmaganmi?! Agar bilimsiz bo‘lsa, bu bog‘ni bir kun ham boshqarolmasligini angladi. U hali oliygohda o‘qishi, yangi uzum navlarini yaratishi, bobosining konservalangan, quritilgan mevalar tayyorlovchi sexlar ochish haqidagi orzularini amalga oshirishi kerak.
Shu kuni Qodirjon tush ko‘rdi. Tushida bobosi ancha keksayib qolgan emish. Katta yigit bo‘lib qolgan Qodirjon g‘arq pishgan uzumlarni ko‘rsatar, bobosi esa uning hosiliga baraka tilab duo qilayotgan emish.
Hilola HAMDAMOVA