Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kalish va muzqaymoq

Mixail Zoshchenko

 

 

olaligimdan muzqaymoqni yaxshi ko‘raman. Ko‘chamizda muzqaymoq sotib yurishganda yegim kelganidan boshim aylanib ketardi. Opam Lelya ham muzqaymoqni mendan battar yaxshi ko‘rardi. Biz, katta bo‘lsak, kuniga uch-to‘rt martadan muzqaymoq yeymiz deb, orzu qilardik. Tomog‘imiz ko‘p og‘rigani uchun onam muzqaymoq yeyishni taqiqlab qo‘ygan. Shuning uchun pul bermasdi.

Bir kuni Lelya bilan bog‘imizni aylanib yurib, bir poy yirtiq kalish topib oldik. Opam uni uzun tayoqqa ilib baland ko‘tarib oldi. Shu payt ko‘chadan “Shisha idishlar, latta-putta sotib olaman” deb baqirgancha eskifurush o‘tib qoldi. U Lelyaning qo‘lidagi eski kalishni ko‘rib so‘radi:

– Qizaloq, kalishni sotasanmi?

Lelya bu shunchaki o‘yin bo‘lsa kerak deb o‘ylab:

– Ha, sotaman, yuz so‘m! – dedi

– Yo‘q, yuz so‘m bu kalish uchun juda qimmat, – dedi eskifurush kulib. – Xohlasang, ikki tiyin beraman va sen bilan do‘stona xayrlashamiz.

U cho‘ntagidan ikki tiyin chiqarib opamga berdi va yirtiq kalishni qopiga soldi.

Eskifurush allaqachon ketib bo‘lgan, biz esa hamon hayratlangancha tangamizga tikilib turardik. Shu payt aravasini sudrab muzqaymoqchi keldi va:

– Qulupnayli muzqaymoq! – deb baqirdi.

Lelya ikkimiz yugurib borib bir tiyinlik muzqaymoqdan ikkita sotib oldik-da, bir zumda yeb qo‘ydik, keyin kalishni biroz arzonroqqa sotib qo‘yganimizga achindik. Ertasi kuni Lelya:

– Minka, men bugun ham eskifurushga kalish sotaman, – deb qoldi.

– Yana eski kalish topib oldingmi? – deb so‘radim suyunib.

– Yo‘q, qidirib ko‘rdim. Boshqa kalish topolmadim. Lekin ostonamizda o‘n beshtacha kalish turibdi. Ulardan bittasini sotsak yomon bo‘lmasdi. – Lelya shunday deganicha uyga yugurdi. Bir zumda bir poy katta, deyarli yangi kalish ko‘tarib keldi.

– Agar eski, yirtiq kalishga ikki tiyin bergan bo‘lsa, bunga kamida bir so‘m beradi. Bilasanmi, bu pulga qancha muzqaymoq olish mumkin, – dedi ko‘zlari chaqnab.

Bizlar eskifurushni bir soatdan ortiq kutdik. Nihoyat, u ko‘rindi. Shunda Lelya menga:

– Bu safar sen savdolashasan. Chunki sen erkak kishisan. Menga u yana ikki tiyin berishi mumkin, bu esa juda kam.

Men kalishni uzun tayoqqa ilib boshim uzra aylantirdim. Eskifurush yonimizga kelib kalishga ko‘zi tushdi-da:

– Yana kalish sotasizlarmi? – deb so‘radi.

Men zo‘rg‘a pichirlab:

– Sotamiz, – dedim.

U kalishni ko‘zdan kechirgach:

– Esiz, nega faqat bir poyini sotayapsizlar? Bu kalish uchun besh tiyin beraman. Agar buning ikkinchi poyi ham bo‘lganda, ellik tiyin berardim, – dedi.

Lelya menga:

– Minka bor, ostonadan yana bitta kalish olib kel, – dedi.

Men yugurib borib yana bitta katta kalish olib keldim. Eskifurush ikkita kalishni maysa ustiga qo‘yib chuqur xo‘rsindi.

– Yo‘q, bolalar! Bunaqada savdo bo‘lmaydi. Bir poy kalish erkaklarniki, bir poyi ayollarniki. Men poyma-poy kalishni nima qilaman? Men bir poyi uchun besh tiyin bermoqchi edim. Ikkalasi ikki xil bo‘lgani uchun unga to‘rt tiyin beraman.

Shu payt uy tarafdan onamning mehmonlar bilan xayrlashish uchun bizni chaqirayotganini eshitdik. Bizning dovdirab qolganimizni ko‘rgan eskifurush:

– Xo‘sh, bolalar! Sizlarga to‘rt tiyin berishga va’da bergandim, ammo, vaqtim zoye ketgani uchun uch tiyin beraman.

U Lelyaning qo‘liga uch tiyin tutqazdi-da, kalishlarni qopga joylab jo‘nadi.

Biz opam bilan yugurib uyga bordik. Kolya amaki va Olya xolam bizni kutib turishardi. Birdan Olya xola:

– Negadir kalishimning ikkinchi poyini topolmayapman, – dedi.

Lelya ikkimiz rangimiz oqarib qimir etmay turardik. Kolya amaki ham kalishining ikkinchi poyini qidirardi.

– Tavba, menikini ham ikkinchi poyi yo‘q, – dedi xavotirlanib.

Shu payt Lelya hayajonlanganidan qo‘lidagi tangani tushirib yubordi. Tanga jaranglab ketdi.

– Lelya, bu pulni qayerdan olding? – so‘radi otam.

Lelya nimalardir deb alday boshladi.

– Yolg‘on gapdan ham yomonroq narsa bormi! – dedi otam jahl bilan uning gapini bo‘lib.

Opam yig‘lab yubordi. Kalishlarni muzqaymoq olish uchun sotganimizni aytdik.

– Bu ishingiz yolg‘on gapirishdan ham yomon! – dedi otam jahldan titrab. Mehmonlar noqulay ahvolga tushib qolishdi. Otam ular oldida xijolat bo‘lib, qattiq jahli chiqqanidan:

– Tashvishlanmang, azizlar. Lelya va Minkaning hamma o‘yinchoqlarini eskifurushga sotamiz. Puliga esa sizlarga kalish olamiz.

Bu gapni eshitib opam ikkimiz yig‘lab yubordik.

– Bu hali hammasi emas. Ikki yilgacha Lelya bilan Minkaga muzqaymoq yeyishni taqiqlayman. Ikki yildan keyin muzqaymoq yeyishlari mumkin. Lekin har gal muzqaymoqni og‘ziga olganida shu ko‘ngilsiz voqea yodlariga tushadi, – dedi otam.

O‘sha kuniyoq otam hamma o‘yinchoqlarni yig‘ib eskifurushga sotib, puliga Kolya amakim bilan Olya xolamga kalish olib berdi.

Opam ikkimiz rostdan ham ikki yil muzqaymoq yemadik. Keyin esa otam aytganidek Lelya ikkimiz qachon muzqaymoq yesak, o‘sha noxush voqea esimizga tushardi.

Hozir ancha keksayib qolgan bo‘lsam-da, shu voqeani o‘ylasam, o‘zimni noqulay sezaman. Muzqaymoq tomog‘imga tiqilib qolgandek bo‘laveradi. Hozirgi aqlim o‘shanda bo‘lsa edi, shirinlik uchun hech kimni aldamagan bo‘lar edim.

 

Rus tilidan Barno LUTFULLAYEVA tarjimasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.