Yangi kitob
Nilufar katta tanaffusda maktab hovlisida o‘rtoqlari bilan biroz o‘ynadi.
Darsga qo‘ng‘iroq chalingach, sinfga kirib sal oldin partasi ustida qoldirib ketgan shoir Muhammad Yusufning she’rlar to‘plamini bir-bir varaqlar ekan, kitob orasidan uch varaq yirtib olinganligini ko‘rdi-yu, hozirgina shodon chaqnab turgan ko‘zlariga yosh qalqdi:
– Kitob... kitobimni qara, – deya yirtilgan sahifani partadosh dugonasi Sevinchga ko‘rsatib, yig‘lab yubordi.
Nimaligini tushunolmagan sinfdoshlari:
– Iye, nima bo‘ldi unga?
– Nega yig‘layapti? – deya uni o‘rab olishdi. Sevinch, “bilmasam” deganday yelka qisdi. Ko‘zlarini olib qochdi.
– O‘quvchilar yetakchisi Marhabo opa “Yaqinda maktabda kitobxonlik tanlovi o‘tkaziladi, bu tanlovda eng ko‘p kitob o‘qigan, eng ko‘p she’r yodlagan o‘quvchilar bellashadi”, – deb e’lon qildi. Nilufar badiiy asar o‘qishni yaxshi ko‘radi. Uylaridagi kitoblarning deyarli barchasini o‘qib bo‘lgan. Yodlagan she’rlarining hisobi yo‘q. Shundayam tanlov haqidagi xabar uni quvontirib yubordi. Tanlovda qatnashib g‘olib bo‘lishni niyat qilib, kutubxonadan Muhammad Yusufning “Ulug‘imsan, Vatanim” kitobini oldi. Chunki tanlovda Vatan haqidagi she’rlar bilan qatnashishni xohladi. Kutubxonachi Dildora opa kitobni unga berayotib:
– Bu kitobdan atigi ikkita bor. Iltimos, uni ehtiyot qil. Muddatida qaytar, – deb astoydil tayinlagan edi... Nilufar shularni ko‘nglidan o‘tkazib, partadan boshini ko‘tarib o‘ziga achinib qarab turgan sinfdoshlariga:
– Buni endi kutubxonaga qanday topshiraman. Dildora opaga nima deyman?! – dedi yig‘i aralash. O‘rtoqlari unga qanday yordam berishni bilmay jim qolishdi. Har doim uyga birga qaytadigan Sevinch ham shoshib-pishib xayrlashib ketvordi. Kechga tomon Nilufarning boshi og‘rib, isitmalab yotib qoldi. Ertasi kuni maktabga bora olmadi.
Tushdan so‘ng uni ko‘rgani Sevinch keldi. Nilufarning ayasi Salomat opa:
– Qizim, bilmaysanmi, maktabda uni hech kim xafa qilmadimi? – deb so‘radi u bilan ko‘rishgach.
Sevinch nima deb javob berishni bilmadi. Nahotki, Nilufar ayasiga hech narsa demagan bo‘lsa? Nilufar Sevinchning qo‘lida shoir Muhammad Yusufning ko‘k muqovali yangi saylanma kitobini ko‘rib sergak tortdi, kasalini ham unutib:
– Voy, yangi kitob sotib oldingmi? – dedi hayajonlanib.
– Ha-a, senga berish uchun sotib oldim, – dedi Sevinch. – Nilufar, meni kechir, kecha seni xafa qilgan men edim. Men ham tanlovda Muhammad Yusuf she’rlari bilan qatnashmoqchi edim. Kutubxonadan topa olmadim. Qarasam, partamiz ustida men izlagan kitob turibdi. Oqibatini o‘ylamasdan, shartta o‘zimga yoqqan she’rlar yozilgan varaqlarni yirtib olibman. Ko‘pchilikning oldida bunga iqror bo‘lgim kelmadi. Sen bilan xayrlashib uyga borgach, qo‘limga o‘sha varaqlarni oldim. Lekin o‘qiy olmadim. She’rlar orasidan goh sen, goh shoirning o‘zi menga qarab afsus bilan bosh chayqayotgandek bo‘laverdinglar. Nazarimda, suyukli shoirim, sen she’rni shunaqa qilib yaxshi ko‘rasanmi, kitobni shu ahvolga solishdan, do‘stingni ranjitishdan uyalmadingmi, deyayotgandek, mendan xafa bo‘layotgandek tuyuldi. Arang tong ottirdim. Dadam, tushlik qilarsan, deb bergan pullarini yig‘ib yurgandim. To‘g‘ri kitob do‘koniga bordim. Xayriyat, kitob sotilayotgan ekan.
– Nimalar deyapsan, Sevinch?
– Kechir meni, Nilu... sen kechirsang, shoir ham kechiradi. Bunaqa... bunaqa bo‘lishini bilmovdim, – Sevinch ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
– Bo‘pti, bo‘pti, yig‘lama. Kutubxonaga borib, Dildora opadan birga uzr so‘rab, yangi kitobni beramiz. Avval o‘sha she’rlarni kompyuterda ko‘chirib, yirtilgan sahifalar o‘rniga qo‘yamiz. Tanlovgacha kamida beshtadan she’r yodlab olamiz-da, g‘olib bo‘lamiz. Faqat, bundan keyin hech qachon kitob varaqlarini yirtmaslikka so‘z bersang bo‘ldi, – dugonasini bag‘riga bosdi Nilufar.
Ulug‘bek MUSTAFO