Tog‘dagi hodisa
Davomi. Boshi bu yerda:
Tog‘dagi hodisa, Tog‘dagi hodisa
Jamshid sal o‘ziga kelib asta ko‘zini ochdi. Bu odamni ko‘z qiri bilan kuzata boshladi. Ana konservani ochib yedi. Keyin unga qandaydir suyuqlik tomizdi. “Zahar!” – o‘yladi bola. O‘zini uxlaganga soldi. Nima qilish kerak?! Negadir, madori yo‘q. Kechadan beri hech narsa yemaganidan bo‘lsa kerak. U beixtiyor tamshanib, ingradi.
– Ha, uyg‘ondingmi? Tur, nonushta qilamiz.
U bolaning og‘ziga konserva bankasidagi baliqni tiqishtira boshladi. Bola qarshilik qilmoqchi bo‘ldi, uddalay olmadi. Negadir, a’zolari o‘ziga bo‘ysunmas edi. “Menga nima bo‘layapti?” – xayoliga keldi uning. Tomat aralash baliqdan ikki luqma yedi. Josus unga biroz qarab turdi. Keyin konservani chayla derazasidan quyosh tushadigan joyga qo‘ydi. Ana endi tunuka banka ichidagi baliq ayniydi. Nimadan zaharlanishga asos bor. Endi bemalol ketsa ham bo‘ladi. Bola bir soatlarda tamom bo‘ladi. Ungacha josus 30 chaqirim yurib, qo‘shni tuman hududiga yetib oladi. Temir yo‘lga chiqib olsa bo‘lgani. U toshlardan sakrab, tez-tez keta boshladi.
Jamshid 5 daqiqalar yotgach, esini yig‘ishga harakat qila boshladi. Turmoqchi edi, yoniga ag‘darilib tushdi. “La’nati og‘u asta-sekin kuchini ko‘rsatmoqda, shekilli”. Shunda bobosining gaplari yodiga tushdi: – “Agar biron narsadan zaharlanib qolsang, tezlik bilan qayt qilish kerak!” U ko‘rsatkich barmog‘ini hiqildog‘iga tiqdi. O‘qchiy boshladi. Qayta-qayta bu ishni takrorlagach, biroz yengillashdi. Biron nima ichgisi keldi, nariroqda turgan pepsi idishini ko‘rib, bu fikridan qaytdi. Asta eshikka osilib, o‘rnidan turdi. Devor yonidagi tayog‘iga suyanib, sekin-sekin qadam tashlay boshladi. Boshi “g‘uv” etib ketdi. Yiqilmaslik kerak. So‘qmoq bo‘ylab o‘n qadamcha yurgach, bobosi ko‘rsatgan giyohga ko‘zi tushdi. O‘tirib, uning ildizini kovladi. Olgach, choponi bariga surtib, tuproqdan tozaladi va chaynadi. “Endi biroz dam olish kerak. Anavi odam qayoqqa ketdi ekan?”
Jamshid tepaga qaradi. Agar 40 metrcha tepaga emaklab chiqa olsa, hammayoq ko‘rinadi. Ko‘p o‘tirib bo‘lmaydi. Ketib qolishi mumkin. Bola tepaga qarab emaklashga tushdi. Faqat pastga qaramaslik kerak. Boshi aylanib, dumalab ketishi mumkin. U toshlardan ushlab, cho‘qqiga ko‘tarila boshladi. Nihoyatda holdan toydi. “Kuchim yetmas ekan”, – noumid bir fikr keldi. Shunda onasi, qoshlarini chimirib turgan otasi ko‘z oldiga keldi: “Seni shunday farzand qilib o‘stirdimmi? Qani, o‘g‘lim, o‘rningdan tur!”
Jamshid oriyatli bola edi, ozgina dam olib yana harakatga tushdi. Nihoyat, yuziga tog‘ning muzday shamoli urildi. Epladi. Ko‘zini yumib, o‘ziga dam berdi. Qulog‘i shang‘illay boshladi. Bu kamquvvatlikdan bo‘lsa kerak. Keyin yonidagi yovvoyi bodom shoxidan sindirib oldi. Shoxni yuziga to‘sib, u orqali qaray boshladi. Narigi cho‘qqida bir odam ketib borardi. Bu o‘sha. Josus xuddi o‘zini kuzatayotganlarini sezganday to‘xtadi. Yonidan durbin olib, Jamshid turgan cho‘qqiga tikildi. “Kuzatayapti”, – o‘yladi Jamshid. U qimirlamay turdi. Josus hech nima sezmagach, yo‘lida davom etdi. Uning qayoqqa harakatlanayotganini taxmin qilgan bola sekin yerga yotdi. Endi dam olsa ham bo‘ladi. U ko‘zlarini yumdi. Otasining mamnun holati ko‘z oldiga keldi. “Eh, hozir uyda bo‘lib qolsam edi. Onam nima ovqat pishiryapti ekan?” Pastlikda qandaydir shovqin eshitildi. Qaddini ko‘tarib qaradi. Chayla atrofida uch-to‘rt odam ko‘rindi. Ular kirib-chiqib gaplashishardi. “Meni qidirishmoqda”, – xayoliga keldi uning. Jamshid shapkasini olib silkita boshladi. Qichqirishga holi yo‘q. Kimdir ko‘rib qoldi shekilli, tepaga yugurishdi.
– Jamshid, nima bo‘ldi, bolam? Uch kundan beri daraging yo‘q. Kalit topildi. Onang traktorchi qo‘shnimiz Norqo‘ziga bergan ekan. Tur, uyga ketamiz, – otasining tashvishli ovozi eshitildi. Bola “yo‘q” deganday bosh chayqadi. Keyin uzuq-yuluq gapira boshladi:
– Begona odam... bo‘yi pastgina... xavfli... Harbiy qismni suratga oldi... ketdi. U temir yo‘lga shoshilayapti...
Jamshid qo‘li bilan josus ketgan tomonni ko‘rsatdi. Keyin hushidan ketdi. Qancha yotdi, bilmaydi. Ko‘zini ochsa, kasalxonada yotibdi. Osma ukol ulangan, yonida onasi yig‘lab o‘tiribdi. Tomog‘iga bir narsa tiqilganday bo‘ldi.
– Bolam, bolajonim. Yaxshimisan? – Onasining ko‘z yoshlari yuzini yuvib tusha boshladi. Jamshid “yaxshi” deganday ko‘zini yumdi.
– Xo‘sh, qahramon, qalaysan? – palataga vrach kirib keldi. – Oshqozonini tozaladik. Yaxshiyam zaharga qarshi nimadir yegan. Uning nima ekanini keyin aniqlaymiz.
Onasi “yalt” etib Jamshidga qaradi: – Bobong o‘rgatganmidi?
Bola “ha” deb, boshini qimirlatdi.
– Ertaga uyga ruxsat bersak ham bo‘ladi, – davom etdi vrach. – Faqat maktabga borishi mumkin emas. Hali butunlay kuchga to‘lgani yo‘q.
Uyga kelgan kuni sinfdoshlari yopirilib kelishdi. Hammasi tinmay josus haqida gapirishardi. Jamshidning bo‘lsa gapirishga hafsalasi yo‘q, “keyin bilib olasizlar” deb, gapni qisqa qilardi.
Bolalar bir soatcha o‘tirishgach, tarqalishdi. Hamma ketgach, Rustam sekin uning yoniga tiqildi.
– To‘g‘risini ayt, qo‘rqdingmi, jo‘ra? – so‘radi mehribonlik bilan.
– Sal-pal. U meni uxlatib qo‘ydi. Unga harbiy qism nega kerak ekan-a?
– Josuslarning ishi shunaqa-da, – bilag‘onlik qildi Rustam. – Yaxshiyam, qismning ichiga kirolmagan.
– Kirib bo‘pti, – dedi Jamshid. – Qism atrofida askarlar bo‘ladi.
– Bo‘pti, tuzalib ket, jo‘ra, – xayrlashdi Rustam, – velosipedni tuzatib qo‘ydim.
– Rahmat, jo‘ra. Kelib tur.
Harbiy qism boshlig‘i mayor Sodiqov kuzatuv minorasiga ko‘tarilib, atrofni durbin bilan kuzata boshladi. Dasht taraf tinch. Uzoqdan yuk mashinasining changi ko‘rindi. Qishloq aholisidan kimdir o‘tinga chiqqan ko‘rinadi. Mayor durbinni tog‘ tarafga yo‘naltirdi. Qismdan uch-to‘rt chaqirim uzoqda bir bola qo‘ylarni haydab ketmoqda. “Demak, u qismga yaqinlashgan”. Qishloq aholisi, cho‘ponlar harbiy qismga ma’lum masofa yaqiniga yo‘lamasligi haqida ogohlantirilgan-ku! Nima, bu bola bilmaydimi?
(Davomi bor)
Boborahmat MUHAMMADIYEV,
Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi 56-maktab o‘qituvchisi