Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Eng yaxshi usul

Nikolay VNUKOV

(hikoya)

 

Qiziq, ingliz tilini nega buncha qiyin qilib yaratishgan ekan-a? Oltinchi sinfda “Bu kitob”, “Bu sening kitobing”ga o‘xshash iboralarni o‘rganib, yodlab ko‘pincha “besh” baho olardim. Keyinchalik mavzular qiyinlashgani sari baholarim tushib keta boshladi. Sinfdoshlarim Yurka Blinov va Orka Kirikovlar ham menga o‘xshab ingliz tilidan qiynalishar, lug‘at yodlashga, iboralarni aytishga uquvi yetmas, o‘zlashtirishimiz shuning uchun pasayib, baholarimiz “uch”dan “ikki”ga tushdi. Uchinchi chorak o‘rtalarida Yurkada uchta “ikki” baho bo‘lib, o‘qituvchimiz, shu ketishda choragingga “ikki” qo‘yaman, deb ogohlantirdi. Mening ahvolim ham Yurkanikidan qolishmasdi. O‘tgan darsda Yuliya Karlovna menga ham navbatdagi gajakdor ikkini qo‘ydi. Men baholarimni qanday qilib to‘g‘rilayman, deb o‘ylaganim sari kayfiyatim buzilib, tushkunlikka tushib borardim. Bir kuni Orka Kirikov bir kitob olib keldi: birinchi bobida xotirani charxlash uchun har xil mashqlar berilgan. Bu mashqlarni bajarsangiz, bir kunda yuztadan ortiq so‘zlarni yodlash mumkin ekan. Biz lug‘atdagi deyarli barcha so‘zni yodlay boshladik. Faqat Blinov, “Bu hammasi behuda, bo‘lmagan gap” dedi. O‘sha kuni Yuliya Karlovna ingliz tili to‘plamidan bir hikoyani hammaga galma-gal o‘qita boshladi. Eng yomoni ifodali o‘qishdan so‘ng tarjima ham qildirardi.

– Kirikov! – chaqirdi Yuliya Karlovna.

Orka xuddi qahramonlardek, gavdasini g‘oz tutib chiqdi. Bo‘lmasam-chi, axir u kecha bir yuz sakson uchta so‘z yodlagan.

U shoshilmay o‘qiy boshladi.

– Xo‘p, endi tarjima qil, – dedi o‘qituvchi.

– Hozir, – shoshilib qoldi Orka, – demak, bunday...

Har kuni ertalab... qari echki... aylantirdi, otasini... katta ariq bo‘yi.

– Nima? – so‘radi Yuliya Karlovna ko‘zoynagini ko‘tarib, – tarjimasi qanday bo‘larkan?

– Har kuni ertalab qari echki otasini aylantirgani katta ariq bo‘yiga olib borardi.

Sinfda kulgi ko‘tarildi.

– Jim! – qalami bilan stolga urdi o‘qituvchi. – Qani, Sokolov, sen tarjima qil! – Menimcha, Kirikov to‘g‘ri tarjima qildi, – dedim men. – Menimcha esa... – dedi Yuliya Karlovna, – o‘tiring, Sokolov. O‘tiring, Kirikov, ikkalangizga ham “ikki”. Uyat, ixtiyoringizda ikki oy muddat bor edi. Bu vaqt ichida grammatikani bemalol yodlashingiz mumkin edi. Uyat!

– Blinov! – dedi Yurkaga yuzlanib. – Siz nima deb o‘ylaysiz? Uchta “ikki”ngiz bor.

Yurka o‘rnidan turib yelkasini qisdi va:

– Pliz, ikskyuzmi, Yuliya Karlovna, – dedi u, – Bat mi sims ay nou inglish.

Butun sinf qotib qoldi. O‘qituvchi ham hayratda edi. Sinfga shunday jimlik cho‘kdiki, hatto pastki qavatdagi farroshning qadam tovushi ham eshitilardi.

– Vord of vong, ay nou inglish, – dedi Yurka. – Iz may pronanseyshn korekt?

– Vot... – dedi zo‘rg‘a o‘qituvchi, – vot voz it hi seyd? U nima dedi? Siz nima dedingiz? Yana bir bor qaytaring, Blinov. Sey it egeyn, pliyz.

– Du yu andestend mi? – so‘radi Blinov kulimsirab. O‘qituvchimiz cho‘ntagidan dastro‘molini olib peshonasidagi terini artdi.

– Bu yoqqa kel, Blinov, – dedi u ingliz tilida, – mana buni o‘qi.

Yurka shoshilmasdan juda yaxshi o‘qidi. U hayajonlanmas, jiddiy edi. O‘qib bo‘lib Yuliya Karlovnaga qaradi.

O‘zini yo‘qotib qo‘ygan o‘qituvchimiz nima bo‘layotganiga haliyam tushunmas, og‘zini ochgancha Yurkaga tikilib turardi. Bizlar ham mo‘jiza ko‘rgandek hayratda edik. Nihoyat, Yuliya Karlovna o‘ziga keldi.

– Men sizga bir necha savol beraman, Blinov, – dedi u, – birinchidan, kim bilan shug‘ullandingiz?

– Shu payt qo‘ng‘iroq chalindi. Hamma jonlanib, shovqin boshlandi.

– Jimlikni saqlang!

Lekin hammamiz har yoqdan “besh” baho qo‘ying, deb shovqin solardik.

– Ha, ha, – dedi o‘qituvchi. – Lekin u kim bilan tayyorlanganini aytsin. Kim yordam berdi, Blinov?

– Hech kim, – dedi Yurka sekingina.

– Hech kim yordam bermadi. Shunchaki jahlim chiqdi...

– Nima? Siz jahlingiz chiqib ingliz tilini o‘rgandingizmi?

– Yo‘q. Qo‘limga tasodifan bitta kitob tushib qoldi, – dedi va portfelidan kitob chiqardi.

– Mana, – dedi kitobni o‘qituvchi yoniga qo‘yib.

– “Xotirani mustahkamlash kitobi”, – o‘qidi o‘qituvchi. Bu qanday matoh?

– Bu matoh emas, shunchaki qo‘llanma. Lekin menga boshqa narsa ta’sir qildi. U yerda odam besh-olti haftada har qanday tilni mukammal o‘rganishi mumkin, deyilgan. Nahotki, men bitta ingliz tilini ham o‘rgana olmasam, boshqalardan qayerim kam, deb o‘yladim. Shundan keyin “Tom Soyer”ni ingliz tilida o‘qidim. Avvaliga ancha qiyin bo‘ldi. Keyin osonlashdi. Kitob va lug‘at yordamida har qanday tilni bemalol o‘rganish mumkin ekan. Va bu mustaqil o‘rganish uchun eng oson va qulay yo‘l ekan.

Yuliya Karlovna kulimsirab ruchkaning qopqog‘ini ochdi va Yurkaning familiyasi oldiga kattagina chiroyli “besh” baho qo‘ydi. Hamma bolalar Yurkani o‘rab olib olqishlashar, men esa ingliz tilini tezroq o‘rganish uchun qanday kitob o‘qisam ekan, deb o‘ylardim.

 

Ruschadan Barno LUTFULLAYEVA tarjimasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.