Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Odam va qushcha

(avar ertagi)

 

Kunlardan birida bir odam tuzoq qo‘yib, mittigina qushcha tutib olibdi. Qushcha odamga yolvoripti:

– Meni qo‘yib yubora qoling. Sizga nimayam yordamim tegardi. Agar qo‘yib yuborsangiz, sizga uchta foydali nasihat aytardim: bittasini hoziroq qo‘lingizda aytaman, qolgan ikkitasini qo‘yib yuborganingizdan keyin aytaman.

Odam rozi bo‘libdi va qushcha unga depti:

– Esingizda saqlab qoling: boshingizga qanday baxtsizlik yog‘masin, bo‘lib o‘tgan voqeadan aslo afsus-nadomat chekmasligingiz kerak, foydasi bo‘lmaydi.

Buni eshitgan odam qushchani qo‘yib yuboribdi. U “pirr” etib uchib borib daraxt shoxiga qo‘nibdi va:

– Aql bovar qilmaydigan narsaga hecham ishonmang, – deb yana qo‘shib qo‘yibdi. – Mening jig‘ildonimda tovuqning tuxumidek keladigan yombi bor edi. Agar u sizga nasib etganida bormi, umringizning oxirigacha rohat-farog‘atda yashardingiz.

– Eh, laqma, landovur, – deb boshini changallabdi odam, – aqlim bo‘lganida seni qo‘yib yuborarmidim-a!

Qushcha qanotlarini qoqib uchishga shaylanibdi. Buni ko‘rgan odam: “Uchinchi nasihatingni aytmaysanmi?” depti. Qushcha shunday javob qilipti:

– Avvalgi ikkitasini anglab yeta olmadingiz-ku, sizga uchinchi nasihatni nima keragi bor! O‘zim zig‘ircha bo‘lsam-u jig‘ildonimga tovuqning tuxumidek oltin qayerdan sig‘ardi. Mayli, siz tuxumdek yombi bor deb, ishona qoling, biroq o‘tib ketgan voqeaga nega endi afsuslanyapsiz? – deb qushcha “pirr” etib uchib ketipti.

 

Rus tilidan Murod PARPIXO‘JAYEV tarjimasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.