Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tog‘dagi hodisa

Davomi. Boshi bu yerda:

Tog‘dagi hodisa, Tog‘dagi hodisa, Tog‘dagi hodisa

 

Boshliq minora tepasidagi aloqa vositasidan soqchilar boshlig‘iga qo‘ng‘iroq qildi: – G‘arbiy sektorda kim postda turgan? Zudlik bilan mening oldimga yetib kelsin.

Oradan besh daqiqa o‘tgach, askar uning oldida g‘oz qotdi: – Oddiy askar Abdiyev bo‘yrug‘ingizga binoan yetib keldi.

– Siz turgan paytda sim to‘siqqa biron kimsa yaqinlashdimi?

– Qo‘ylar kelib qolibdi, o‘rtoq mayor. Tosh otib haydab yubordim. Cho‘pon bola uxlab qolgan ko‘rinadi.

– Necha marta keldi? – so‘radi mayor uning ko‘zlariga tikilib.

– Ikki marta. Baqirib urushuvdim, bola yig‘lamsirab ketdi. Boshqa kelmadi.

– Aniq bolamidi? Yuzini ko‘rdingizmi?

– Yo‘q, o‘rtoq mayor. Qo‘li bilan ko‘zini ishqalab yig‘layotgan edi.

“Qo‘li bilan ko‘zini ishqalagan. Yuzini yashirdimikan?” Mayor qo‘lidagi ruchkani aylantirib, soqchini kuzatdi. Askar qotib turardi.

– Bo‘pti, joyingizga qayting. Bundan keyin shunday holat yuz bersa, darhol menga xabar bering.

Soqchi ketdi. Mayorning boshi qotdi. “Nimaga ikki marta kelgan? Biron narsa qidirdimikan? O‘sha joyni ko‘rishga to‘g‘ri keladi”.

Sodiqov soqchilar boshlig‘iga o‘sha sektorni yaxshilab ko‘zdan kechirishni buyurdi. Shu pat qishloq tomondan bir mototsikl tarillab kela boshladi. Undan tushgan ikki kishi darvoza oldidagi soqchiga nimanidir gapira ketdi. Minoradagi telefon jiringladi:

– O‘rtoq mayor! Ikki kishi sizni so‘rashayapti. Zarur ishlari bor emish.

Kelgan odamlarning gaplarini eshitib, u taajjubga tushdi: “Demak, qo‘ylar bekorga yaqinlashmagan ekan-da!”

– U o‘g‘limni ikki kun uxlatib qo‘ygan, – dedi kelganlarning biri ko‘zi javdirab. – Nima qilganini hech kim bilmaydi.

“Mana tinchlik”, – boshi qotdi mayorning. – Hozir qayerda u odam?

– Bolaning aytishicha, u shimol tarafga qarab ketgan.

Mayor o‘z xonasiga qarab yurdi. Kelganlarni ham shu yoqqa kelishlarini buyurdi. Sodiqov xaritani yozib, tikilib qoldi. Buyruqqa binoan o‘rinbosarlari zudlik bilan yetib kelishdi.

– Men sakkizinchi kvadratga ketayapman. Siz Esonov, – u yordamchisiga yuzlandi, – shahardagi harbiy qism bilan bog‘laning. Har bir kishi, past bo‘yli odamlar tekshirilsin. U bola qiyofasida bo‘lishi ham mumkin.

Kerakli ko‘rsatmalarni berib, mayor o‘rgatilgan it va o‘ttizga yaqin askar olib, vertolyotga o‘tirdi. Tog‘ yo‘llari tepadan diqqat bilan kuzatildi. Shaharga yaqinlashishgach, vertolyot yerga qo‘ndi. Askarlar ikki guruhga bo‘linishdi. Birinchi guruh avtobuslar tomonga, ikkinchi guruh poyezd stansiyasiga yo‘l oldi. Bu orada qismdan kapitan Zaynullin qo‘ng‘iroq qildi:

– O‘rtoq mayor! Kasalxonadan aniqladik – bolaga zahar berilgan. Qo‘lga olishda shuni e’tiborga olishingiz kerak bo‘ladi.

– Tushunarli.

Mayor shahar harbiy qismi bilan bog‘landi. Guruhni qism kapitani kutib oldi.

– Salom, o‘rtoq mayor! Bizning kuzatishimizcha, bir bola kolxoz bog‘iga kirib ketdi. Hozir fuqaro kiyimidagi yigirmata askar bog‘ni qurshab turibdi. Sizning guruhingiz ko‘rinmagani ma’qul. Harbiy formadagi askarlarni ko‘rsa, hushyor tortishi mumkin. Cho‘chitib qo‘ymaylik tag‘in.

– To‘g‘ri, – dedi mayor. – Lekin unda zahar bor. Qo‘lga olishda ehtiyot bo‘ling. U bizga tirik holda kerak!

– Xo‘p bo‘ladi. Harakat qilamiz!

Kapitan o‘z guruhini bu haqda ogohlantirdi. Bog‘ ichidagi tashlandiq xonada o‘tirgan josus atrofga sekin ko‘z tashladi. Hamma yoqni is bosgan. Shiftda o‘rgimchak uyalari to‘lib ketgan.

U eshikni astagina sug‘urib oldi-da, bir-ikki urgan edi, taxtalari ochila boshladi. Eshik qismlari birlashadigan joyga kamera bilan apparatni yashirdi. Eshikni yig‘ib, yana joyiga qo‘yib qo‘ydi. Keyin kiyimlarini almashtirib, ko‘mir ostiga yashirdi. “Endi qidiraverishsin” kulimsirab qo‘ydi u. Shaharga kirishga tayyorlanish kerak. Demak, ust-boshi shahar o‘spirinlaridek bo‘lishi kerak. U urf bo‘lgan oldi uzun kepka kiyib, ko‘zoynak taqdi. Eshikdan chiqishdan oldin atrofni diqqat bilan kuzatdi. Bir kishi hafsala bilan yer chopmoqda. Yonida choynak. Yerga to‘shalgan choponiga o‘tirib, har zamonda choy ho‘plab qo‘yadi. Bundan xavfsiramasa ham bo‘ladi. Darvoza tarafda bir kishi o‘tin arralamoqda. Oshpaz shekilli, nariroqda qozon-o‘choq ham ko‘rinadi. To‘g‘rida besh-oltita o‘spirin futbol o‘ynamoqda. Josusga shu bolalar ma’qul ko‘rindi. Aralashib ketish oson. U to‘g‘ri ana shu bolalarga qarab yurdi. Shu payt bolalarning koptogi oyog‘i oldiga kelib tushdi.

– Tepvorsang-chi, – dedi bolalardan biri. Josus jilmayib qo‘ydi-da, yelkasidagi sumkasini yerga qo‘ydi. Koptokni oyog‘i bilan o‘ynab, ular tomon yurdi. Futbolni yaxshi o‘ynaydi. Ularga ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘ldi.

Yer chopayotgan “dehqon” choynak yonidagi ratsiyadan xabar bera boshladi: – U xonadan chiqdi, futbol o‘ynayotganlarga qarab yurdi.

“Oshpaz” gullar panasidagi guruhga josusning qayoqqa ketayotganini ko‘rsatdi. Ikkita o‘yinchini aldab o‘tib, darvoza tomon yurgan josus kutilmaganda yiqilib tushdi. Uni uch kishi bosib turardi. Tepasida turgan to‘rtinchisi unga sinchkovlik bilan qaradi. Demak, “futbolchilar” pistirma ekan-da! U bir harakat bilan ikkitasini uchirib yubordi. Bunday holatlarni u ko‘p marta mashq qilgan. Uchinchisini oshirib yerga urdi. Lekin tezlik bilan yetib kelgan ikkinchi guruh uni qurshab oldi. To‘rt kishi uning qo‘l va oyoqlariga mahkam yopishdi. “Qutulib ketaman. Bir urinsam bo‘ldi”, – o‘yladi u.

Siltanib, endi qo‘lini ozod qilayotganda boshiga kuchli zarba tushdi va hushidan ketdi. Sovuq xonada o‘ziga keldi. Qo‘l-oyog‘i kishanlangan, qimirlamaydigan qilib qo‘yishibdi. “Endi nima bo‘ladi? Tirik qo‘lga tushmasligim kerak edi!” – u g‘ijinib xira yoritib turgan chiroqqa qaradi. Baland. Yetib bo‘lmaydi. Yetolganida edi... Turmoqchi bo‘ldi. Foydasiz. Bular ham anoyi emasga o‘xshaydi. Zahar yashirilgan kiyimi yo‘q, yechib olinibdi.

Biron soatlardan keyin uni so‘roqqa chaqirishdi.

– Harbiy qism atrofida nima qildingiz?

– Men u yerga borganim yo‘q, – boshini egib javob berdi josus.

– Bolani nima uchun uxlatib qo‘ydingiz?

– Qanaqa bola? Men hech qanaqa bolani tanimayman.

Uning taxmini bo‘yicha bola o‘lgan bo‘lishi kerak. Oradan ikki kun o‘tdi. Balki dafn ham qilingandir? Axir u konservadan zaharlangan edi. Josus hech narsani tan olmay turaverdi. Isbot qilisha olmagach, juda borsa uni mamlakatdan chiqarib yuborishadi, xolos.

– Bolani olib kiring.

Xonaga Jamshid kirgach, josus hayron qoldi.

– Axir, axir...

– Ha, to‘g‘ri aytasiz. U o‘lgan bo‘lishi kerak edi. Lekin bir mo‘jiza bilan tirik qoldi.

– Uning kichkina kamerasi, yana bitta apparati ham bor edi, – dedi Jamshid.

– Xo‘sh, apparatlaringiz qayerda? Aytasizmi, yo‘qmi?

U indamay boshini egdi. Bog‘ni ag‘dar-to‘ntar qilgan qidiruv guruhi hech nima topolmadi. Ko‘mir ostidan eski kiyimlar chiqdi, xolos.

– Qani ayt-chi, leytenant, – yordamchisiga yuzlandi boshliq, – sen uning o‘rnida bo‘lganingda kamerani qayerga yashirarding?

– Menmi? Hech kim shubhalanmaydigan joyga.

Yog‘och to‘sinlar orasi, shift yana qaytadan tekshirildi. Hech narsa yo‘q. Leytenant eski eshikka diqqat bilan tikilib qoldi.

– Ha, biron nima topdingmi? – so‘radi boshliq.

– Qiziq, eshikning mana bu taxtasi qayerdan ko‘mir yuqi bo‘lgan?

Ikkovlashib boshqatdan eshikning har bir taxtasini ko‘zdan kechirishdi.

– Ekspert chaqirish kerak, – dedi mayor.

Yetib kelgan ekspert guruhi eshikning taxtalari olinib, qayta qo‘yilganini aniqladi. Eshik olinib, tekshirilgach, ichida maxsus kovak borligi ma’lum bo‘ldi.

– Buni qara-ya. Hech kim shubhalanmaydi ham. Kuniga o‘n marta ochib, yopasan. Sezilmaydiyam. Ustomon ekan.

Kavakdan mittigina kamera, kichkinagina apparat topib, o‘rganilgach, josus bilan birga poytaxtga yuborildi.

Oradan bir oy o‘tgach, maktabga viloyat markazidan mehmonlar kelishdi. Tantanali yig‘ilish bo‘ldi. Maktab direktori kelganlarning birini mayor Qodirov, deb tanishtirdi. So‘zga chiqqan mayor o‘quvchilarga qarata hayajon bilan shunday dedi:

– Yurtimiz tinchligi, osoyishtaligini hech kim buzolmaydi. Lekin buni ko‘rolmaydiganlar ham bor. Yaqinda ana shunday g‘arazli kimsalardan biri biz tomonga kelgan. Harbiy qismni suratga olmoqchi bo‘lgan. Maktabingiz o‘quvchisi Jamshid Vohidovning hushyorligi tufayli uning rejalari amalga oshmadi. Ko‘rsatgan jasorati, mardligi va hushyorligi uchun tengdoshingiz Jamshid viloyat boshqarmasining “Faxriy yorlig‘i” va qo‘l soati bilan taqdirlanadi. Biz ana shunday yoshlar bilan faxrlanamiz.

Gulduros qarsaklar ostida Jamshid sovg‘alarni qabul qilib olarkan, yuzi quvonchdan yorishib ketdi.

 

(Tamom)

 

Boborahmat MUHAMMADIYEV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.