Oq tulpor
(hikoya)
Yodimda... bobom bolaligimda o‘zining oq tulporiga mingazib uzoq-uzoqlarga olib borar, bu tulpor ularga qadrli, ota merosligini bot-bot takrorlar edi.
Bobom otni shunchalik mehr bilan parvarishlar ediki, ko‘rgan kishining havasi kelardi. Kunlarning birida tulporning jilovidan tutib, birgalashib toqqa yo‘l oldik. Yo‘l yoqalab borar ekanmiz, bobom yoshlik chog‘larining eng quvonchli, yoddan chiqmas damlari xuddi shu yaylovlarda o‘tganini, tong sahardan oq tulporga minib podalar bilan tog‘larga chiqib ketganliklarini aytib yo‘lda davom etdilar.
– Bu juda sezgir ot, hatto meni bir necha marta o‘limdan ham saqlab qolgan, – dedilar otning yolini silagancha.
– O‘tgan yili otim meni falokatdan asrab qolgan. Tog‘dan podani haydab tushayotgan edim. Atrofni g‘ira-shira qorong‘ilik qoplayotgan edi. Bora-bora ko‘zim uzoqni ilg‘amaydigan bo‘lib qoldi. Oq tulpor hech yurmadi. Har yon bir-bir boqib kishnayverdi. Tog‘ etagidagi chayla tomonga intilaverdi. Podani haydab chaylaga yo‘l oldim. Yetib borgach, tulpor yotib oldi. Menga bir qaradi-da, qora ko‘zlarini xiyol yumdi. Men podani qo‘raga qamagach chaylaga kirib yotdim.
Ertalab Abdurasul akaning ovozidan uyg‘onib ketdim:
– Ey Solijon, shu yerdamisan? Kecha tog‘ etagidagi podalar ko‘chki ostida qolib ketibdi. Xayriyat, sen sog‘-omon ekansan.
Qulog‘imga tulporning oqshomdagi bezovta kishnashi eshitilgandek bo‘ldi. Darhol tulpor yotgan joyga qaradim. Joyida yo‘q. Tashqariga otildim. Ko‘m-ko‘k yaylovda poda bilan o‘tlab yuribdi. Bir-bir boshini ko‘tarib, podadan uzoqlab ketishidan cho‘chigandek, o‘ynoqlayotgan qo‘zichoqlarga qarab qo‘yardi. “Xudoga shukur”, deb uyga yo‘l oldik, – deya bobom hikoyasini tugatdi.
Bobomning ko‘zlarida yosh bilan tulpordan faxrlanib gapirishlari menda ham unga nisbatan o‘zgacha mehr uyg‘otgan edi. Oradan yillar o‘tdi. Tulpor bu orada ulg‘ayib biya bo‘ldi. O‘zidan ko‘paydi, uchta toychoqli bo‘ldi. Bobom: “Bu toychoq mendan senga esdalik bo‘lib qoladi”, – deb ularning kichigini menga sovg‘a qildi.
Maktabdan keliboq, oq tulporimni yetaklab yaylovga, bog‘larga olib borardim. Bu orada bobom olamdan o‘tdilar. Ulardan shu tulpor yodgor bo‘lib qoldi. Men uni Oq tulpor, deb nomladim. Uni minib bobom bilan yurgan joylarimizga borganimda bobom aytgan hikoya va qiziqarli voqealar qulog‘im ostida jaranglardi.
Tulporimning nigohlarida bobomning mehrini ko‘raman. U bilan uzoq sirlashaman. Gohida uning ko‘zlariga yosh qalqqandek bo‘ladi. Yuzimni-yuziga bosaman. Nafasi issiq. Ko‘zlarini yumib ochadi. Bundan ham yaxshi do‘stni topib bo‘lar ekanmi? Biz birga ulg‘ayamiz... Hali ajoyib sarguzashtli yo‘llarni bosib o‘tamiz.
Islom ASILBEKOV,
Namangan viloyati Chust tumani,
2017-yilgi Zomin seminari qatnashchisi