Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Osmondan yog‘ilgan yong‘oqlar

(hikoya)

 

Sardor osmonni tomosha qilishni juda yaxshi ko‘radi. Qushlarning to‘p-to‘p, gohi guldasta, gohi bir qator bo‘lib uchishini zavq bilan tomosha qiladi. Rasm daftariga chizganlarining ko‘pi qushlarning surati... Bir kuni Sardor hovlida o‘ynab yurgandi. Shu payt kutilmaganda oyog‘i tagiga osmondan uch-to‘rtta yong‘oq tushdi. Hayron bo‘lib tepaga qaradi. Qushlar gala-gala bo‘lib uchardi. U yong‘oqlarni qo‘liga olganicha oyisining yoniga yugurdi:

– Oyijon, osmonda kimdir yong‘oq daraxtini qoqyapti. Qarang, hovlimizga qancha yong‘oq tushdi, – dedi. Sayyora opa jilmayib:

– Osmonda daraxt o‘smaydi, bolam, – dedi. Sardor qo‘lidagi yong‘oqlarga tikilib turib:

– Unda bular qayerdan tushdi?! – dedi ko‘zlarini katta-katta ochib.

– Yong‘oqlar yerga tushgan mahali osmonga qaradingmi? – so‘radi oyisi. Sardor boshini silkitib tasdiq ishorasini bildirdi. Sayyora opa:

– Unda nimani ko‘rding? – deb so‘radi. Sardor biroz o‘ylanib turdi-da:

– To‘p-to‘p bo‘lib uchayotgan qushlarni ko‘rdim, – dedi.

– Hoynahoy, bu yong‘oqlarni senga qarg‘alar tashlagan bo‘lsa kerak.

– Qarg‘alar? Qanaqasiga oyijon?! Iltimos, menga tezroq tushuntirib bering, – Sardor hayratini yashirolmay toqatsizlana boshladi.

– Ha, qarg‘alar yong‘oq mevasini juda yaxshi ko‘radi. Daraxtdan mevani tumshug‘i bilan uzib olib uyiga tashiydi. Shunday paytda ayrim yong‘oqlar qushning tumshug‘idan sirg‘alib tushib ketadi. Qo‘lingdagi yong‘oqlarni qarg‘alar bexosdan tushirib yuborgan. Agar bu yong‘oqlar yumshoq yerga tushganida edi, vaqt o‘tib o‘sha yerdan yong‘oq daraxti o‘sib chiqardi. Lekin bu daraxtning hosili boshqalaridan farq qiladi. Chunki uning po‘chog‘i qattiq bo‘ladi. Keksalarimiz qarg‘ani yong‘oq daraxtining dehqoni, deb ham atashadi. Farqi shundaki qarg‘a “ekkan” daraxtning mevasi “ko‘r yong‘oq” deyiladi.

– Nega “ko‘r yong‘oq”, yong‘oqning ham ko‘zi bo‘ladimi, oyijon? – Sardorning qiziqishi yanayam ortdi.

– Ha, “ko‘zi” bo‘ladi, faqat yong‘oqni chaqqaningda, ichidagi mag‘zini olish qiyinroq bo‘ladi.

– Unda bizning hovlimizdagi yong‘oqni ham qarg‘alar ekkanmi?

– Yo‘q, uni bobong yigirma yil avval o‘z qo‘li bilan ekkan, – Sayyora opa o‘g‘lini yong‘oq daraxtining yoniga yetaklab olib bordi-da qalin va yo‘g‘on tanasini qo‘llari bilan sekin siladi. – Axir mevasini qiynalmay, osongina olib yeysan-ku, – dedi. Sardorning esa savol ketidan savollari ko‘payaverdi:

– Oyijon, qarg‘alar faqat yong‘oq yeydimi?

– Yo‘q, yong‘oqdan tashqari xurmoni ham xush ko‘radi. Ana qaragin, xurmo daraxtimiz mevalarining ayrimlari cho‘qilgan, ayrimlari yeb tugatilgan. Lekin hamma mevaga ham teginilmagan. Bu qushlarning har biri o‘zi cho‘qiy boshlagan xurmoni oxirigacha yeb tugatadi. Ana undan keyingina boshqasiga o‘tadi.

– Qarg‘a judayam aqlli qush ekan-a! U vitaminlarga boy bo‘lgan mevalarni yaxshi bilarkan-da!

– Ha, o‘g‘lim, yong‘oq xotirani mustahkam qiladi, aqlni charxlaydi. Xurmo mevasi esa tanani yod bilan ta’minlaydi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, qarg‘a boshqa qushlardan butunlay farq qiladi. Men senga hozir qarg‘a haqida kitoblardan o‘qib, bilib olgan, qiziqarli ma’lumotlarimni aytib beraman.

Biologiya va zoologiya fani mutaxassislarining ta’kidlashlaricha, qarg‘a qushlar orasidagi eng ziyrak va shu bilan birga eng makkor qush ekan. Bunga sabab, qarg‘aning miyasi boshqa qushlarnikiga nisbatan kattaroq hajmga ega ekanligidadir. Ayyor qarg‘a yong‘oqni chaqishga qiynalsa, uni katta yo‘lga, avtomobillar o‘tadigan yerga tashlaydi va mashina o‘tishini, yong‘og‘i chaqilishini kutadi. Mashina yong‘oqning ustidan yurib o‘tgach, yong‘oq chaqiladi, qarg‘a esa uni darrov ilib oladi. Bu qush 7-8 gacha sanashni biladi. Juda quvnoq. Insonlarning tashqi ko‘rinishini yaxshi eslab qoladi. Ayniqsa, qushlarga ziyon yetkazadigan odamlarning yuz qiyofasini aslo unutmaydi. Ularni uzoqdan taniydi va sheriklarini xavf-xatardan ogohlantiradi.

– Qanday qilib ogohlantiradi? – ajablandi Sardor.

– Bu qushlar turli xil usulda qag‘illaydi. Xavf-xatar sezsa, boshqacha, xursandligida yana o‘zgacha qag‘illaydi. Agar qarg‘alar jo‘r ovozda qichqirsa, bu majlis bo‘lishidan darak beradi. Ajablanarli tomoni shundaki, qarg‘alarlarning oilasida o‘ziga xos sud, mahkama jarayoni bor ekan. Bu mahkamada oila va jamoa qonunlariga bo‘ysunmagan axloqsiz qarg‘alar sud qilinadi va aybiga yarasha jazo belgilanadi. Masalan, biror qarg‘a yosh palaponning og‘zidagi luqmasini tortib olsa, unga sud tomonidan to ucholmaydigan bo‘lib qolgunicha bitta qo‘ymay patlarini yulish jazosi tayinlanadi. Uning patlarini shu qadar yulib tashlashadiki, natijada aybdor qarg‘aning o‘zi ham haligi palapon kabi ucholmaydigan, zaif bo‘lib qoladi.

Sherigining inini egallab olgan yoki uni buzgan qarg‘aga jabrlangan qarg‘a uchun yangi uya qurib berish vazifasi yuklatilar ekan. Qarg‘alar mahkamasi, odatda, birorta ekinzor dalada yoki kengroq maydonda olib boriladi. Avvaliga mahkama hay’ati a’zolari belgilangan joyga kelishadi va shundan keyin ayblanuvchi qarg‘a qo‘riqchilar qurshovida, qattiq nazorat ostida maydonga keltiriladi. Muhokama boshlangach aybdor qarg‘a boshini quyi solib, qanotlarini tushirib, qag‘illamay gunohkorlarcha jim turadi...

Agar aybdor qarg‘aga o‘lim jazosi tayinlansa, qarg‘alar uni o‘tkir tumshuqlari bilan cho‘qib o‘ldirishadi. Qarg‘alardan biri yer qaziydi. Keyin o‘lgan qarg‘ani hammalari birgalashib, ehtiyotkorlik bilan chuqurga tashlab, ustidan tuproq tortib ko‘mishadi...

– Qarg‘alar yurtimizga qishda keladi, shundaymi, oyijon? – so‘radi Sardor.

– Albatta, qarg‘alarning tashrifi kuz va qish fasli kelganidan, ya’ni kunlar sovushidan darak beradi. Ular shu ikki faslda dehqonlarning ekinlariga ziyon yetkazmagan holda yerning eng chuqurlarigacha joylashgan zararkunanda hasharotlardan tozalaydi. Bu ularning odamlarga bergan beminnat yordamidir. Shundan ham bilish mumkinki, bu ongli qushlar insonlar kabi nima yaxshi-yu, nima yomon ekanligini ajrata olishadi.

Sardorjon, qushlarning turi bisyor. Biz sen bilan hali ularning har biri haqida alohida suhbatlashamiz, xo‘pmi o‘g‘lim, – dedi Sayyora opa suhbatni yakunlab.

– Qoyil, “osmondan tushgan yong‘oqlar” qarg‘alar haqida menga shuncha ma’lumot berdi, – Sardor shunday dedi-yu qo‘lidagi yong‘oqlarni tosh bilan chaqib hovlining o‘rtasiga qo‘ydi. O‘zi esa berkinib qarg‘alar kelishini kuta boshladi. Axiyri charchaganidan toqati toq bo‘lganicha uyga kirdi. Ovqatlangach, qo‘liga boshini qo‘yganicha oynadan yong‘oqlarga qarab o‘tiraverdi. So‘ng uxlab qoldi. Chamasi yarim soatlardan keyin uyg‘onib hovliga yugurib chiqqan Sardor supa ustida yong‘oqlarning faqat po‘stlog‘ini ko‘rdi va boshini silkitganicha:

– Voy, ayyor qarg‘alar-yey! Meni kuzatayotganimni sezishgan ekan-da, – dedi.

Osmonda xuddi “gaplaring to‘g‘ri” degandek bir to‘p qarg‘alar qag‘illab uchardi...

 

Nilufar JABBOROVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.