Biz-da, yozuvchi bo‘ladigan
O‘zimiz endi 7-sinfdamiz-u o‘rtog‘im nuqul boshini qotiradi. Ikki gapning birida katta bo‘lsam... Katta bo‘lsam... U kishim dam haydovchi bo‘lmoqchi bo‘ladilar. Zo‘r mashinalarni ko‘rganlarida-da, albatta. Ertasiga birdan oshpaz bo‘lgilari keladi. O‘sha kuni maktabda oshpaz aka shirin kotlet, yo ular yaxshi ko‘radigan kartoshka, gumma pishirgan bo‘ladilar-da. Rustam Qosimjonov chempion bo‘lganda-ku shaxmatchi bo‘lishni orzu qilib qolgandilar. Yaxshi kitob o‘qib qoluvdilarki, birdan yozuvchi bo‘lgilari kelib qoldi. Endi to‘xtang, og‘ayni, dedim u kishiga, ko‘pam besh panjangizni og‘zingizga tiqavermang. Yozuvchilikni bizga qo‘yib bering, dedim. Umringizda to‘rt qator she’r yozganmisiz? Yozmagansiz. Yo ikkita qofiyadosh so‘zni o‘zingiz mustaqil, hech kimning yordamisiz topganmisiz? Topmagansiz?! Yo inshomizni tekshirib bering, deyishganida bitta bo‘lsayam xato topganmisiz? Beshinchida o‘qiydigan singlingiz qiqir-qiqir kula-kula beshta imlo xato, to‘rtta vergul topgan. Mana biz, og‘ayni, yozuvchi bo‘lamiz, deb orzu qilsak yarashadi. Negaki, uncha-muncha yozib turamiz. Avvaliga shoirlarning she’rlarini “She’r daftari”mizga ko‘chirib mashq qilib yurdik. Roppa-rosa bir hafta avval birinchi sakkiz qator she’rimizni yozdik. G‘oz haqida.
Sizga ochig‘ini aytsak, g‘ozni o‘zimiz bir vaqtlar oromgohga borganda ko‘rganmiz. Lekin yozuvchi bichib-to‘qiy bilishi kerak, deb o‘ylayman. Uni redaksiyaga darrov jo‘natdik. Axir, yozganimizni hamma o‘qisin-da! Bo‘lmasa yozuvchi kim uchun yozadi... Qolaversa... ikkita kutubxonaga a’zomiz. Yozuvchi bo‘laman, degan odam kutubxona bilan bog‘lanib turishi kerak-da! Yo noto‘g‘rimi? Yana o‘zimizning shaxsiy kutubxonamiz bor. Yangi chiqqan kitob borki, dadamiz yoki oyijonimiz olib kelib beradilar. Ba’zan o‘zimiz ham arzonrog‘i bo‘lsa, olvolamiz. Tug‘ilgan kunimizga “mnogo tomnik” sovg‘a qilishdi. Hali uning ichidagi gaplarga o‘zimiz ham uncha tushunmaymiz. Katta bo‘lsak, o‘qiymiz-da. Hozircha manaman deganning qo‘lini ham shaxsiy kutubxonamizga tegdirmayapmiz. Qarang-a, qanday chiroyli. Urinib qolmasin, deymiz-da. Nega kulasiz? Uy to‘la kitobni asrasak, o‘zimizga ham, jamiyatga ham foyda-ku. Bir kun kelib biz elga taniqli yozuvchi bo‘ldik, deylik. Uyimizga har xil yurtdan katta-katta yozuvchilar kelib turadimi-turadi. Shunda uyimizda kitob bo‘lmasa, yo bo‘lgandayam yirtiq-chirtiq bo‘lsa, uyat bo‘lar-ov.
Yana bilasizmi, nega yozuvchi bo‘lgim keladi? Yozuvchining obro‘si ashulachilarnikidan zo‘r. Yozgan kitobini odamlar qo‘ldan-qo‘lga qo‘ymay o‘qiydi. Dam kuladi, dam yig‘laydi. Qani, ayting-chi, yozuvchi Hoshimjon Ro‘ziyevni yozganda nimani o‘ylagan? Bizni kuldirishni! U yozgani qiynalganmi? Sirayam, Hoshimjon miyasiga joylashvolib, “Manavini yozing, ha, mana bunday yozing”, deb aytib turgan. Yozuvchi amaki Hoshimjonning aytganlarini yozaverganlar-yozaverganlar. Oxiri yozib charchaganlarida Hoshimjon: “Shu yerda to‘xtata qoling, o‘zim ham uylanadigan yigit bo‘lib qoldim”, degan.
Yana-chi, yozuvchi bo‘lsang, obro‘ying shunaqa baland bo‘ladiki, ana, yozuvchi kelyapti, deb, hamma yo‘l bo‘shatgan, uchrashuvlarda gullar tutishgan, kitoblaringni ushlab, esdalik uchun dastxat bering, deb orziqib turganlarning sanog‘i yo‘q. Hmm... Sizga alam qilyaptimi? Qarang, to‘garakda bittayam yozganimizni o‘qishmaganmish. Ho‘, jiblajibonvoy, biz-chi, biz, sizga o‘xshab, atak-chechak qilib, “hijjalab” yozib o‘tirmaymiz. “Hay, yozganimiz haqida fikrlaringizni aytinglar, birinchi qatori besh bo‘g‘inli, ikkinchisi yetti bo‘g‘inli chiqib qolibdi. Nima qilay?” deb yurmaymiz. To‘g‘ri redaksiya bilan aloqa qilamiz. Nima, ikkita so‘zni bir-biriga qo‘shib yozolmaymizmi? Biz-a? Qani bo‘lmasa ko‘ring-chi: “Boshiga sol! Qo‘lingni ol!” Bu nima? Ha... jimsiz-a? Shunaqa! Birovni mot qilmoqchi bo‘lsangiz, o‘zingiz shunaqa mot bo‘lib qolasiz! Biz katta bo‘lsak, yozuvchi bo‘lamiz, deb ahd qildikmi, bo‘lamiz. Yana ovozlari qulog‘imga chalindimi? She’r yozadiganni shoir, hikoya yozadiganni yozuvchi deydi, deysizmi? Ha, aytib qo‘yay, biz-chi, biz she’r yozadigan yozuvchi bo‘lamiz.
Iy-ye, redaksiyadan xat kelibdimi? Darrova-a? Hoynahoy, javob yozishga redaksiyadagilarning kuchi yetmay, bitta yarimta zo‘rroq shoirga berishgan bo‘lsa kerak-a? “Talantingizga qoyilmiz. She’rlaringizni to‘plab kitobcha qilib chiqarish kerak. Yashavoring! Hurmat bilan ustozingiz. Imzo”. Buyog‘ini nima qildik. O‘zi bittagina she’r yozdik-ku, hechqisi yo‘q. Bir yozishga tushsak, shig‘illatvoramiz. So‘zlarni topolmay qolsak, kitoblar liq-liq. Mana hozir xatni ochamiz, o‘qiymiz. Ochdik. O‘qiyapmiz. Tavba-tavba... Redaksiyadagi xat jo‘natadiganlar ham yanglisharkan-da, a? Ismi biznikiga o‘xshaydigan bir bolaga yozilgan xatni menga jo‘natishibdi. Buni qarang, she’rimizning sarlavhasiyam bir xil-a?!
She’r yozdim, deb kekkayib u-bu narsani yuborgandir-da, javobda yozib qo‘yishibdi: “She’r yozib ovora bo‘lib yurma, sendan shoir chiqmaydi. Kuchingni boshqa narsada sina”. Mayli, adashimga boshqa javob yozib yuborishar. Biz esa, yozuvchilikda o‘zimizni sinaymiz.
Yayra SA’DULLAYEVA