Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“MEHMONDO‘ST”

O‘sha kuni maktabga ancha barvaqt kelib qolibman. Vaqt o‘tkazish uchun bufetga kirdim. Qarasam, oldiga  bir lagan  “gumma”ni qo‘yvolib, qo‘shnim – mendan bir sinf yuqorida o‘qiydigan  Abdulloh o‘tiribdi.

– Ishtahang karnay-ku, osh bo‘lsin, – dedim kinoya aralash.

– E, Aziz, juda vaqtida kelding-da, kimni mehmon qilsam ekan, – deb o‘tirgandim, – u o‘rnidan turib yonidagi stulga  ishora qildi. Men ikkilanib to‘xtab qoldim.

–   Tortinma o‘tiraver, ikkalamizdan ham ortadi, – dedi u jilmayib

– Namuncha, och qolganlarga o‘xshab...

– Bugun maktabda navbatchiman. Barvaqt kelib,  hammadan keyin ketishim kerak. Shunga ochqab qolmay, degandim. Lekin ko‘plik qilyapti. O‘tir, sovimasdan yeb olaylik.

– Endi ishtaha bilan  gumma chaynayotganimda, yana ikkita sinfdoshi  “ko‘makka”  keldi... Qorin to‘ygach,   Abdullohga  rahmat aytib, o‘rnimizdan turdik. Abdulloh  kirish qo‘ng‘irog‘ini chalishga ketdi.

– Ajoyib o‘rtog‘imiz bor-da,  juda saxiy. Tez-tez bizni mehmon qilib turadi, – dedi  Botir.

– Uyda  ovqatlanmay kelsam ham och qolishdan qo‘rqmayman, Abdullohga ishonaman-da, – dedi  Hojiakbar.

– Zo‘r  bola, gap yo‘q, kitobiy tilda aytsak –  chinakam Hotamtoy, – dedi sinfdoshlar, men ularning fikriga qo‘shilib bosh irg‘ab qo‘ydim.

Lekin keyin o‘ylanib qoldim. Abdulloh to‘g‘ri ish qilyaptimi? Axir u o‘zi hali  ishlab pul topmayotgan bo‘lsa. Pulni goh pensioner  buvisidan, goh dadasidan  oladi. Abdullohlarning oilasi katta. O‘zidan keyin uchta  ukasi bor. Shunday ekan, kattalarni ayasa, huda-behudaga  pul  so‘rayvermasa, dadasining puli tejaladi. Tejalgan pullar esa ukalarining bog‘chasiga, ro‘zg‘orning kam-ko‘stini  to‘ldi­rish­ga sarflanadi-ku!

Shunday emasmi? Siz nima deb o‘ylaysiz, aziz mushtariy?

 

Aziz IBROHIMOV,

Toshkent shahar

Yashnobod tumanidagi

 341-maktab o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.