Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

AYIQQA HAM MEHR KERAK

Yurtimizning Jizzax viloyatidagi Oyqor tog‘ida eng noyob hayvonlardan sanalgan qo‘ng‘ir va jigarrang ayiqlar yashaydi. Ular bir-birini hid bilish hissi yordamida topadi. Qo‘ng‘ir ayiqning hid bilish va eshitish qobiliyati kuchli. Daraxt tanasi va yirik butalarga ishqalanib, hidini qoldiradi. Bu belgilar hududiy nizolarning oldini olishda asqotadi.

Bahaybat qo‘ng‘ir ayiqqa duch kelgan har qanday odamni qo‘rquv bosadi. O‘ziga xos fe’l-atvorga ega. Yassi burni va o‘tkir tirnoqlaridan hech bir raqib qochib qutulolmaydi.  Qalin mo‘ynasi, teri ostidagi yog‘i uni qahraton sovuqdan saqlaydi. Vazni og‘ir bo‘lsa-da, tez yuguradi. Vahshiyligi harakatlaridan shundoqqina sezilib turadi. Mustahkam jag‘lari bilan daraxt shoxlari, buta va poyalarni osongina g‘ajiydi, yemak tanlab o‘tirmaydi.  Och qolsa, o‘z zurriyodi bo‘lgan ayiqchalarni ham ayab o‘tirmaydi.

Ona ayiq esa kichkintoylarini mehr bilan parvarishlaydi. U jonini xatarga qo‘yib bo‘lsa ham bolalarini himoya qiladi. Ularni yolg‘iz tashlab ovga ketmaydi.  Chunki do‘st bilan dushmanni farqiga bormaydigan ayiqchalar  hayoti  xavf  ostida qoladi-da.

Tevarak-atrof oppoq qor bilan  qoplangan qishda bolalarini omon saqlash va boqib katta qilish – ona ayiq uchun katta yutuq. 

Paxmoqvoylarining  g‘ayratidan  o‘rinli foydalangan  ona ayiq  ularga  suvda suzish, sho‘ng‘ib yemish topish,  yuqoriga chaqqon ko‘tarilish va daraxtga tirmashib chiqishdan saboq beribgina qolmasdan, xavf-xatarga to‘la tog‘ va daralar orasida   dushmandan saqlanish, yemishni qanday va qayerdan topishni ham chidam bilan  o‘rgatadi.              

Vaqt kelib ona-bola ayiqlar o‘rtasidagi rishta uzilib, bolalari mustaqil kun kechira boshlaydi. Ayiqlar ba’zan o‘z turdoshlari bilan uchrashib turadilar. Ular o‘zlari tushunadigan tilda so‘zlashadilar. Bir-birining tumshug‘ini hidlasa, yemish izlayotgan bo‘ladi. Agar ozuqaga odob bilan yaqinlashsa, o‘ljaga sherik bo‘lmoqchiligini bildiradi. Sekingina irillashi raqibiga yaqinlashmasligini, o‘kirishi esa jangga tayyor ekanligini anglatadi.

Oziq-ovqat kam paytlari ayiqlarga qiyin bo‘ladi. Shunda o‘simlik ildizlari hamda tuganaklari ham yemish o‘rnini bosaveradi. Ochlik ayiqlarni qishloq chekkasidagi ekin maydoni va daryo qirg‘oqlariga borishga majbur qiladi.  Toshlarni ag‘darib, mingoyoq, shilliqqurt kabi hasharotlarni izlaydi. Sarqitdan ham tap tortmaydi. 

Ochlik, raqiblar tahdidi, o‘g‘rincha ov qiluvchi odamlar ayiqlar hayotiga xavf soladi. Lekin Oyqor qishlog‘ida odamlar va jonivorlar bir-biriga ko‘nikib qolishgan. Jonivorlar atrofdagilarga ziyon yetkazmaydi. Doimo bir so‘qmoqdan yuradi, odamlarga hujum qilmaydi, odam hidini uzoqdan sezadi. Tog‘liklar ham ularga duch kelib qolishganda jonivorchaga yoqmaydigan harakat qilmaydi.

Qishloq odamlarida ayiqlardan hi­moya­lanish uchun zarur anjomlar bor. Ular ziyrak jonivorning g‘ashiga tegmaslik, o‘ljasiga ko‘z olaytirmaslik kerakligini yaxshi bilishadi. Bu – maktab o‘quvchilariga ham ma’lum. Ayiqlar ham inson hayoti va mulkiga dabdurustdan tajovuz qilmaydi. Lekin, shunday vajohatli, bahaybat ayiqlar ham odamlar mehriga muhtoj. Chunki ularning soni kamayib bormoqda. Yosh avlod ularga g‘amxo‘rlik qilmog‘i lozim.

 

Jizzax shahridagi 28-maktabning o‘qituvchisi

Dilobar Dovurova tayyorladi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.