Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Vijdon azobi

Sinfdoshlar – Jasur va Umidning orasidan qil o‘tmasdi. Jasur barchaning e’tiborida bo‘lgani uchun Umidning ko‘nglida unga nisbatan jinday baxillik ham bor edi. Shundanmi, nima bo‘ldi-yu, bir kuni...

Umid tanaffus paytida hech kim yo‘qligidan foydalanib, sinfdoshi Mahmudning sumkasidagi 100 ming so‘mni olib, Jasurning portfeliga solib qo‘ydi.

Mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan bola­larga sovg‘a olish uchun oz-ozdan pul yig‘ib kelayotgan Mahmud sinfga kirgach, sumkasini titkilab, jamg‘armani topolmadi. Tavba? Qayoqqa yo‘qoldi? Kim o‘mardi?!

Mahmud dars o‘tayotgan ustoz Umida opaga bo‘lgan voqeani aytdi. Muallima qo‘li egri o‘quvchini topish uchun hammaning sumkasini tekshirib chiqishga majbur bo‘ldi. Pul Jasurning sumkasidan chiqdi.

–   Ustoz, men bu pulni olganim yo‘q. Kimdir meni yomonotliq qilish uchun Mahmudning pulini mening sumkamga tiqqan, – deb yig‘lamsiradi Jasur.

–   Bo‘lmagan gap, kim sening sumkangga pul soladi? Uyat. Ota-onangni chaqiramiz maktabga! – dedi muallima uni battar izza qilib.

Xullas, Jasurning ota-onasi o‘g‘li sodir etgan o‘g‘irlikdan rosa uyalishdi. Ular bolasiga jazo tayinlashga majbur bo‘ldilar: ko‘chada o‘ynash, televizor ko‘rish taqiqlandi. Fanlardan shug‘ullanish talabi kuchaytirildi. Bir kuni ingliz tili, ikkinchi kuni rus tili, indinga fizika, musiqa, matematika, xullas, nafas rostlab olishga vaqti ham, imkoni ham qolmadi. Jasurning bu darajada qat’iy jazo ostida qolganini ko‘rib Umidning vijdoni qiynaldi: “Nimaga bu qing‘irlikni qildim? Menga nima keragi bor edi? Undan kechirim so‘rashim kerak. Shundagina vijdon azobidan qutulaman”.

Umid ustozining yoniga borib bor gapni aytdi. Uning aybiga iqror bo‘lib kelganini anglagan muallima:

–   Juda yaxshi ish qilding, ana endi, Jasurdan kechirim so‘rasang, hammasiga nuqta qo‘yiladi, – dedi.

Umid ustozining daldasidan yengil tortdi va Jasurning yoniga borib uzr so‘radi:

–   Do‘stim, Mahmudning pulini sening sumkangga men solib qo‘ygandim. Kechi­rolsang, kechir...

Egilgan boshni qilich kesmaydi. Jasur Umidning gunohkorona boshini egib tur­ganidan ta’sirlandi, shekilli, bag‘riga bosdi...

 

Zuhra G‘OFUROVA,

Yashnobod tumanidagi

230-maktabning 7-sinf o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.