Momiqvoy
Azizaning dadasi tug‘ilgan kunida ajoyib sovg‘a olib keldi. U sovg‘a qutichani ochdi-yu:
— Vu-uy, buni shirinligini!!! – deb qichqirib yubordi.
Qutichadagi oppoq, momiqqina yashil ko‘z mushukcha bu shovqindan cho‘chibmi yoki yorug‘likkami “miyov”, deb boshini ko‘tardi..
— Katta rahmat, dadajon. Anchadan beri shunaqa mushugim bo‘lishini orzu qilardim.
— Senga yoqqanidan xursandman. Bunga hamma narsa o‘rgatilgan, uy mushugi. Unga mos uycha ham sotib oldim. Ichida qumi ham bor.
— Unga nima deb laqab qo‘ysam ekan-a?
— Momiqvoy, deb atayqol. Momiqqina bo‘lib turishini qara.
— Dada, mushugimga nima bersam bo‘ladi?
— Mushuklar yeydigan hamma narsani beraver... Sut, kolbasa, non. Sichqonni o‘zi tutib olaveradi, – kuldi dadasi.
Aziza Momiqvoyga dadasi aytgan narsalardan tashqari pishloq ham berib ko‘rdi. Biroq mushukcha ularga qayrilib ham qaramadi. Pishloqni bir hidladi-yu, ketvordi.
Aziza kechgacha Momiqvoyning ko‘nglini olish bilan ovvora bo‘ldi. Mushuk qorni ochligidan miyovlardi-yu, biroq oldiga tashlangan xom go‘sht, pishgan go‘sht, mushuklar yeydigan “viskoz”ga qiyo ham boqmasdi...
— Agar mushugim ovqat yemasa, men ham hech narsa yemayman! – to‘nini teskari kiyib oldi Aziza. Bundan ota-onasi tashvishga tushib qoldi.
— Dadasi, qanaqa mushuk olib kelgansiz, kasal emasmi u? Shuncha mazali narsalarni ham yemaydimi? Mushukni veterinarga olib borib tekshirtirib keling-chi, sog‘mikan? Tag‘in kasali qizimizga yuqib qolmasin dedi onasi havotirlanib.
Vohid aka mushukchani qutichaga solib, mol doktoriga olib bordi.
Shifokor mushukni obdan ko‘zdan kechirgach, unga bir bog‘ ko‘kat berib ko‘rdi. Shunda mushukcha ko‘katga ochko‘zlarcha tashlandi va bir zumda yeb qo‘ydi.
— Tavba, mushuk ham ko‘kat yeydimi? Biz bo‘lsak unga kolbasa, go‘sht berib yuribmiz, – dedi Vohid aka hayratini yashirolmay.
— Ha,– dedi shifokor burnidagi ko‘zoynagini ko‘tarib, – bunaqa o‘txo‘r mushuklar juda noyob zot. Mingtadan 1 yoki 2 ta uchrasa kerak. Menimcha, bu mushukchangizni avvalgi egasi hech qachon go‘sht mahsulotlari yemagan. Turli o‘t-o‘lan, sabzavotlar bilan boqqan bo‘lsa kerak. Vaqt o‘tishi bilan mushukcha ham go‘shtxo‘r bo‘ladi. Buning uchun oz-ozdan go‘sht berib borish kerak.
Vohid aka qosh qoraya boshlaganda uyga keldi.. Aziza mushugini intiqib kutib o‘tirgan ekan.
— Dadajon, shoshib so‘radi: Momiqvoyning ahvoli yaxshi ekanmi? Doktor nima dedi?
— Havotirli joyi yo‘q. – Vohid aka shunday dedi-da, muzlatgichdan sabzi, bulg‘or qalampiri, karam olib kesdi-da, hayron qarab turgan Momiqvoyning oldiga qo‘ydi. . Momiqvoy ularni paqqos tushirayotgnda, Vohid aka yana jinday ko‘kat tashladi.. Mushukcha uni ham yedi. Mushugini ishtaxasini ko‘rib Aziza hayron bo‘ldi.
— Dada, Momiqvoy sabzavot, ko‘katlarni yaxshi ko‘rar ekanmi?
— Ha, endi sen ham ovqatlarga ko‘katlarni qo‘shib yeyishni o‘rganishing kerak. Sabzavotlarni ajratmasdan yegin, xo‘pmi, bo‘lmasa mushuging sendan xafa bo‘ladi.
— Xo‘p bo‘ladi, dadajon.
Oradan vaqtlar o‘tdi. Momiqvoy go‘shtni xush ko‘rib yeydigan bo‘ldi... Aziza ham shirinliklar, chips, fas-fudlar yeyishdan voz kechdi. Endi Azizaning ham taomnomasidan ko‘katlar, meva va sabzavolar o‘rin oldi.
Lobar XAYRULLAYEVA