Qishning bir kuni
Qishning bir kuni
Ertalab uyg‘onganimda yerni oppoq qor qoplagandi. Xuddi ona tabiat insonlarga qalbi tozalik qanday bo‘lishini o‘rgatayogandek. Negadir ko‘nglim g‘ash tortib ketdi. Har doim qor yog‘ganda yuragim bir entikib ketar, xursandligimdan ichimga sig‘mas edim. Bugun ichimda ham quvonch, ham qandaydir anduhning aralashmasi kabi noma’lum bir hisni tuydim.
Yo‘llar sirpanchiq, oyoq qo‘yishga ham qo‘rqasan, kishi . Dugonam bilan o‘qishga ketyapmiz.Archalar, daraxtlar shunday chiroyliki, xuddi bir joyga borishga oshiqib, bisotidagi eng nafis ko‘ylagini kiyib olgan kelinchakka o‘xshaydi.
Katta yo‘l. Mashinalar tinmay o‘tyapti . Yoshi qirqlardan oshgan ayol oldimizda ketayotgandi. Ayolning ro‘moli hilpirab turibdi. Ikki qo‘lida katta sumka. Yiqilib ketmaslik uchun ohista-ohista qadam tashlaydi.
Qo‘llari sovuqdan qizarib , xuddi bir parcha go‘sht kabi bo‘lib qolgan...Chin yurakdan shu ayolga yaxshilik qilishni xohladim . Svetaforning yashil chirog‘i yonganda ayolning yerga qo‘ygan sumkalarini ko‘tarib oldik . Uning uyi bizning institutimiz yonida ekan. Qo‘yarda-qo‘ymay yuklarini uyigacha eltib berdik. Ayol bizdan juda xursand bo‘lganligini uning ko‘zlari aytib turardi. Sovuqdan qizarib ketgan qo‘llari bilan bizlarni duo qildi:
– Yuzingiz yorug‘, iqbolingiz porloq, rizqingiz ulug‘ bo‘lsin. Alloh rozi bo‘lsin sizdan. Baxtingiz oydek ochilsin. Shu tobda qalbimning to‘ridagi g‘ubor yuvilgandek bo‘ldi. Ko‘nglimda erta tongdan buyon turgan kemtiklik shu birgina duo bilan to‘lgandek edi.
Muyassar YO‘LDOSHALIYEVA