Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bog‘misan bog‘

– Eh, qaniydi daraxtdagi mana bu xurmolar o‘rnida shokoladlar osilib turgan bo‘lsaydi, – dedi Javohir daraxtdagi so‘nggi xurmolarni terib olayotgan buvisiga.

– Qip-qizil xayolparastsan-da, Javohir, hech zamonda shokolad ham daraxtda pisharkanmi, – kuldi akasi.

– Bu sirayam xayolparastlik emas, ukangni gapida jon bor Anvar. Dunyoda shunday daraxtlar bor, – dedi Xolida buvi. – Men jurnallarda o‘qiganman. Nafaqat konfet, hatto non daraxti borligini ham bilaman.

– Ular haqida aytib bering, buvijon, – iltimos qildi Javohir.

– Yaxshi, avval oshxonaga kirib xurmolarni yuvamiz. Xurmo yeb hikoyamni eshitasizlar, – rozi bo‘ldi Xolida buvi. Bolalar oshxonadagi kursilarga yaxshilab joylashib olgach, Xolida buvi o‘zi bilgan qiziqarli ma’lumotlarni hikoya qilishga kirishdi, – dunyoda turli-tuman g‘aroyib mevalar soluvchi daraxtlar ko‘p. Hamma joyda ham bizning olma, o‘rik, noklar o‘savermaydi. Biroq ulardan ham mazaliroq, g‘aroyibroq mevali daraxtlar bor. – Yaponiya, Xitoy davlatlaridagi o‘rmonlarga borsangiz, shoxlarida xurmo emas, g‘aroyib konfetlar osilib turgan daraxtlarni ko‘rishingiz mumkin.

– Qanaqa konfet, shokoladmi? – shoshib qoldi Javohir.

– Yo‘q, shokolad emas. Bu “konfetlardan” nordon uzum ta’mi keladi. Shuning uchun yaponlar uni uzum daraxti, deb ham ataydi. Ammo uning mevasini hamma ham yeya olmaydi. Biroq Kaliforniyadagi “Pomidor daraxti”ning hosili juda ham shirin. Bolalar daraxtga chiqib qip-qizil, sersuv pomidorlarni uzib savatga joylashar ekan, uch-to‘rttasini shap-shap qilib yeb qo‘yishadi. Kaliforniyalik fermerlarga mazza. Bizni dehqonlarga o‘xshab ko‘chat ekib, tagini chopib, sug‘orib ovora bo‘lishmaydi, – jilmaydi Xolida buvi. – Yana-chi, bu yerda “qalampir daraxti” ham o‘sadi. Bizning o‘rigimizga o‘xshash ulkan daraxt shoxlari shig‘il-shig‘il qalampir shodalari bilan to‘la bo‘ladi.

– Rosa achchiqdir, men qalampirdan qo‘rqaman, – dedi Anvar. – Undan ko‘ra shunday katta daraxtda qovun pishganida zo‘r bo‘lardi.

– Achchiq emas, undan murch ta’mi keladi. Yerli aholi qaynoqqina sho‘rvaga daraxt qalampirdan ezib, terlab-terlab ichadi. Ammo gapingda jon bor. Qovunni men ham yaxshi ko‘raman. Sen aytgan “qovun daraxti”ning vatani Kolumbiya. “Qovun daraxti” tropik, subtropik mintaqalarda, Kavkazning Qora dengiz sohillarida ham uchraydi. Amerikada uni papayya yoki “frut boib” deb ham atashadi. Daraxt mevalari uzunchoq o‘zimizning mirzacho‘l qovuniga o‘xshaydi. Hidi xuddi handalaknikidek. Eti pushti rangda. Sizga o‘xshagan bolalarning jon-u dili. Kattalar undan murabbo, salat tayyorlashadi. Uning xom mevasida, bargida oshqozon kasalliklariga shifo bo‘luvchi papain fermenti bor. Bolalar, ishonasizmi, yo‘qmi, Afrika o‘rmonlarida mevasi o‘zimizning shirmoy nonlarga o‘xshab qizarib pishadigan daraxt ham bor. U qishin-yozin yashnab turadi. Daraxt o‘zidan yopishqoq modda (lateks) chiqaradi. Aholi uning mevalaridan xamir qorib non yopadi. Xom mevasini esa, qovurib yeyishadi. “Non daraxti” mevasi tarkibida kraxmal moddasi ko‘p bo‘lgani uchun undan kartoshka ta’mi keladi.

– Undan non emas, chips qilishsa bo‘lmaydimi, – shoshib qoldi Javohir. – Afrikaliklarga mazza ekan-da. Balki u yerlarda “Kolbasa daraxti” ham uchrab qolar.

– Uchraganda qandoq, yaqinda “Argumenti i fakti” gazetasida o‘qidim. “Kolbasa daraxti” Sudan, Uganda, Mozambik davlatlarida o‘sar ekan. Uning chiroyli, qip-qizil gullari bizning nomozshomgulga o‘xshab oqshomda ochilar ekan. Tun bo‘yi uning atrofida ko‘rshapalaklar parvona bo‘lib gulni changlatar ekan. Bu gul bechoralar naq bir yilda “kolbasa” bo‘lib yetilar ekan.

Har bir shoxida uzun-uzun kolbasalar tebranib turgan daraxtni tasavvur qilib Anvar tamshandi.

– Bekorga og‘zingni suvi qochyapti, “kolbasa”larni na xomligida, na pishganida yeb bo‘lmaydi. U maymunlarga yem bo‘ladi xolos, – kuldi Xolida buvi.

– Unda yeb bo‘ladiganlarini ayting, – deyishdi aka-ukalar baravariga.

– Bugunga shu ma’lumotlar yetadi. Ertaga sizga karam, shinni, sut daraxtlari haqida aytib beraman. Lekin o‘zingiz ham internetdan yoki kitoblardan bunday qiziqarli ma’lumlotlarni topsangiz bo‘ladi.

– Xo‘p bo‘ladi buvijon. Sizga katta rahmat... Garchi biz u yerlarga bormasak ham, bu g‘aroyib mevalardan ta’tib ko‘rolmasak ham, hikoyangizni miriqib tingladik, – dedi bolalar buvilarini quchoqlab.

 

Vasila PO‘LATOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.