Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qanot qoqqan orzular

Nusratjon ustozidan “Yosh hunarmand” tanlovi haqida eshitdi-yu, halovatini yo‘qotdi. Kimsan, mashhur kulolchi Sobir otaning nabirasi bo‘lsa-yu, tanlovda ishtirok etmasa, uyat bo‘ladi-ya. U tanlovda qatnashadigan bo‘ldi. Bobosi ikkovlari loy pishitishdi, hushtaklar yasab olovda quritishdi, rang berishdi. Tayyor hushtakchalarni avaylab qutiga, so‘ng xaltaga solishdi.

Birinchi soat tugagach ustozi huzuriga oshiqdi. Shu payt uning oyoqlari chalishib ketdi. Gurs etib polga yiqildi, qo‘lidagi xaltasi asfaltga borib tushdi. U ko‘zini ochganida yuqori sinfda o‘qiydigan Ahmad bezori tepasida tirjayib turardi.

– Ko‘zingga qarab yursang bo‘lmaydimi? – dedi Ahmad.

Nusratjon o‘rnidan turdi-da, “Hushtaklarimni sindirib qo‘yding” deya baqirib yigitga yopishdi. Ahmad hech narsaga tushunmay yelka qisdi va nari ketdi. Nusrat xaltasini olib hovliga chiqdi. Ust-boshini ham qoqmasdan qutichani ochdi. Hushtakchalar sinib ketgan edi. Ularga qarab yig‘lagisi keldi-yu, yig‘lolmadi. Biroz tikilib turdi-da, shudgorga borib ularni to‘kdi, ustiga tuproq tortdi.

– Nusratjon, tanlovda qatnashaman deb va’da berganding. Haligacha ishingni olib kelmading, – dedi Ravshan aka quruq qo‘l bilan xonaga xomush kirgan o‘quvchisiga qarab.

Nusrat indamadi. Ishini biron o‘rtog‘i ko‘rganida ham ustozini ishontirgan bo‘lardi. Nusrat bezori Ahmad deganlarining ustidan shikoyat qilmadi. Urishay desa kuchi yetmaydi.

Bo‘lib o‘tgan voqea haqida bobosiga ham indamadi. Kechga tomon ustaxonadan hech kimga bildirmay xonasiga loy olib keldi. Hamma uyquga ketgach ishga kirishdi. Loyni qo‘li bilan rosa pishitdi, bobosi o‘rgatganlarini takrorladi. Hushtakchalariga teshiklar qildi. Ko‘ngli to‘lmaganlarini buzib tashlab, qaytadan yasadi. Uch kecha shu ish bilan ovora bo‘ldi. Qolgan loylariga savatcha shaklini berib olma, anor kabi “mevalar” bilan to‘ldirdi. Yasagan ishlarini bobosining shogirdi pishirib bergach, yaxshilab taroshladi-da, bo‘yadi. Tayyor o‘yinchoqlarini qutichaga solar ekan, yuragida urib turgan mitti orzularini avaylab terayotgandek edi.

– Ustoz, haligi, men ishlarimni olib keldim, – dedi Nusrat o‘qituvchisining oldiga kelganida so‘z topolmay.

– Kechikdik, bugun tanlov boshlandi. Ishtirokchilar kecha ko‘rgazmalarini tayyorlab ketishgan. Men “O‘quvchim betob bo‘lib qoldi”, deb xabar jo‘natdim. Endi darsga bor, dedi Ravshan aka xotirjam ohangda.

Nusratning yuragi qalqib ketdi.

– Bobom mening yutug‘imni ko‘rmoqchilar. Ularga nima deyman? O‘z qo‘llarim bilan yasagandim. – Nusrat shunday deb qutini ustozining stoli ustiga qo‘ydi va sekin xonadan chiqdi. O‘n tun ishlab toliqmagan Nusrat og‘ir charchoqni his qilib ortiga qaytar ekan, “Sobirov” degan hayqiriqdan hushiga keldi.

– Sumkangni xonamda qoldir. Men mashinamda bo‘laman. Ulgurishimiz shart, – deya ustoz qutini ko‘targancha shoshib kelardi.

Ha, ular ulgurishdi. Ulgurganda ham hammadan oxirida tanlov zalining bir chekkasidan qimtinibgina joy olgan Nusratjon tanlov yakunida shohsupaning to‘riga ko‘tarildi. Nusratjon yasagan hushtak, sallali chol, piyolachalar qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi. Eng zo‘r sovrin Nusratjonga tegdi va keyingi bosqichga yo‘llanma oldi. U hamma charchoqlarini butkul unutgan edi.

Ular maktabga kelishganida darvoza oldida “Tez yordam” mashinasi turardi. Yuzi shilingan, bir oyog‘i taxtakashlab qo‘yilgan bezori Ahmad zambilda o‘tirardi. U ikkinchi qavatning zinasidan tushayotib, oyog‘i toyib ketib, yiqilib tushibdi.

 

Hilola HAMDAMOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.