Sinovdan o‘tgan bolalar
Bolalar maktabdan qaytishdi.
– Oyi, bobom qanilar?
– Xonalarida.
Kamoliddin sumkasini oshxonada qoldirib, bobosining xonasi tomon yurdi. Jamoliddin akasining ketidan ergashdi.
Nevaralari kelganini bilgan Mahmud bobo bu yil maktabga chiqqan Jamoliddinni sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi. Axir ularga odob-axloqdan qancha saboq berdi. Kattasining-ku ancha aqli kirib qoldi. Qani, kichkinasi qanchalar ziyrak ekan? Bobo asta divanga o‘tdi. Sal yonboshlab, o‘zini uyquga soldi.
– Bobo...
Kamoliddin eshikni ochgan joyida to‘xtab qoldi. Ortidan Jamoliddin ichkariga mo‘ralamoqchi bo‘ldi.
– Jim! – dedi Kamoliddin barmog‘ini labiga bosib. – Bobom uxlab qoptilar.
– Qaniy?..
– Sekin. Uyg‘otib yuborasan. Yur, ketdik, birpas turib kiramiz.
– Hozir.
Jamoliddin akasining oldidan sekin o‘tdi-da, stulga tashlangan to‘nni olib, bobosining ustiga yopti. Keyin nafas chiqarmay asta yaqinlashdi va o‘ng yuzidan o‘pib qo‘ydi. Kamoliddin yaxshi yopilmagan to‘nni ohista to‘g‘rilab, boboning chap yuzidan o‘pdi. Bularni sezib yotgan Mahmud boboning yuragi jo‘shib ketdi. Ko‘ziga yosh keldi. Shartta “uyg‘onib” farosatli va g‘amxo‘r nabiralarini bag‘riga bosib erkalashni istadi. Amallab o‘zini qo‘lga oldi. Ammo beixtiyor jilmayib qo‘ydi.
– Bobom uyg‘ondilar shekilli, – dedi oyoq uchida yurib, ortiga qaytayotgan Jamoliddin bobosiga qarab.
– Yo‘q, bobom shirin tush ko‘ryaptilar, – dedi Kamoliddin ukasini yengidan tortib, eshikni yoparkan.
– Balki, bizlarni ko‘rayotgandir?
– Ha, bizlarni ko‘ryapti.
Qalbi shirin hislarga va ishonchga to‘lgan Mahmud bobo xotirjam uxlab qoldi.
Akbar MIRZO