Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

To‘rtko‘z

Davomi. Boshi bu yerda

 

Kuz o‘tib qish kelganda To‘rtko‘z ancha ko‘zga tashlanib qoldi. Bolalar sovuqda muzlagan hovuzda sirpanar, goho hokkey o‘ynardi. Ana shunday paytlarda ular bilan yonma-yon yugurardi.

Abduvalining tushunib bo‘lmaydigan odatlari bor. Mazza qilib hokkey o‘ynayotganlarida mushugini ko‘tarib kelibdi.

– Abdurasul, kel urishtiramiz.

– Yo‘q, men itimni mushuk bilan urishtirmayman.

– Nega?

– Chunki mushukka ozor bersam, qarg‘aydi.

– Yo‘g‘-e!

– Ishonaver.

Abduvali uni gapga solib turib mushugini To‘rtko‘zning ro‘parasiga tashladi. Oyoq osti oynadek yarqiragan.

Ilk marta muzning ustida turgan it bilan mushuk irillagancha bir-biriga ro‘parama-ro‘para bo‘ldi.

Mushuk tishlarini irjaytirib xirilladi. Prujina misol bellarini bukib, kutilmaganda To‘rtko‘zga qarab sakradi. Kuchukning kapalagi uchib ketdi. Baroqvoy To‘rtko‘zning tumshug‘ini yulib, ortga qarab qochdi. Ba’zi bolalar nima bo‘lganini sezmay ham qoldi. To‘rtko‘zning tumshug‘i qonga belandi.

– Hechqisi yo‘q, hozir tuzatamiz, – dedi Abdurasul jahli chiqqanini sezdirmay.

Uyga qaytishdi. Onasi qonni to‘xtatish yo‘llarini bilardi.

– Kuchugingni qiynab qo‘yibsan, – deb koyidi o‘g‘lini. So‘ng kigizni kuydirib, kulini qonab turgan joyga bosdi.

Kechqurun dasturxon atrofiga yig‘ilganlarida onasi kenjatoydan shikoyat qildi.

– Buningiz kuchukni mushuk bilan urishtiribdi.

– Rostdanmi?

– Men sizga yolg‘on gapiramanmi?

– Odamlar chiqisha olmasa, it-mushuk deyishadi. Mushuk beozor. Kuchuk esa uyning qo‘riqchisi. To‘rtko‘zing sal katta bo‘lsa, ko‘ringan it bilan urishtiraverasan.

– Ibrohim, bu nima deganingiz?

– Itlar qancha g‘irdi-mushak bo‘lsa, odamlar o‘rtasida ahillik shuncha ortar ekan.

Abdurasul otasining donoligidan quvondi. Ha, uning otasi dunyodagi eng botir, aqlli odam. Bahorga chiqib To‘rtko‘z barvasta itga aylandi. Endi bu ko‘chadan o‘tishga uncha-muncha itning yuragi dov bermasdi.

To‘rtko‘z bolakayning yo‘liga ko‘z tikib o‘tirardi. Abdurasul kelishi bilan unga peshvoz chiqar, panjasini tortqilab, o‘ynashni yaxshi ko‘rardi. Kuz shamoli esib, atrofga oltin yaproqlar sochila boshlagan kunlarning birida To‘rtko‘z uy bekasining ortidan ergashdi.

Onalarni ovora qilmaslik uchun shiyponni paxtazorga ko‘chirishgandi. Dilga xush yoquvchi shabada esib turardi. Toshxon ena daraxt soyasiga belanchak boylab, bog‘cha opalik qilardi. Onasi Nasibani bog‘chaga tashlab egatga tushdi. Tushga yaqin qiy-chuv bo‘lib ketdi. Hamma onalar dala boshiga yugurdi. To‘rtko‘z bilakdek keladigan ilonni kallasidan tishlab olgan, ilon esa itning tomog‘iga o‘ralib uni bo‘g‘ishga harakat qilardi. Shovqin-suronni eshitgan brigadir Uzoqboy aka boshini saraklatgancha itga yordamga shoshildi.

– Ergashali, bu yoqqa keling, – hisobchini chaqirdi u.

Ergashali ikkisi To‘rtko‘zni ilondan ajratib olishdi, ilonning boshini toshga qo‘yib, ezg‘ilab tashlashdi.

– Dunyoda itdan hushyor jonivor bo‘lmaydi, – dedi otasi kechki ovqat mahali. Zilzilaniyam birinchi it sezadi. Shuncha vaqt, senga ergashib bormagan it bugun bolaning hayoti xavf ostida qolganini sezgan. Bu voqeadan so‘ng To‘rtko‘zning obro‘si oshib ketdi. Hamma uni erkalagisi kelar, suyak, non bilan siylardi. Lekin To‘rtko‘z faqat Abdurasulga ishonardi.

Yana yangi kun boshlanayotgandi. To‘rtko‘z ostonada yotganicha do‘stini kutardi.

– Vov, vov, vov...

Ostonada ko‘zlarini ishqalab Abdurasul paydo bo‘ldi.

– Namuncha shovqin ko‘tarmasang, – deb itining oldiga qotgan non tashladi.

O‘sha kuni dalada o‘tlab yurgan qo‘y-qo‘zi, sigir-buzoqlardan xabar oldilar. Kechki payt ularni haydab kelib og‘ilga qamadilar. Qish tunlari bir tutam bo‘ladi. Shunday bo‘lsa ham sandal atrofida har turli voqealarni eslab, suhbatlashib o‘tirdilar. Endi yotmoqchi bo‘lib turganlarida To‘rtko‘zning vahimali ovozi keldi.

– Qaranglarchi, tinchlikmikan? – dedi otasi xavotirlanib.

Ostonaga turib olganicha bor ovozi bilan shovqin solayotgan it, yoniga borgan Abdurasulni etagidan tishlab tashqariga tortqiladi.

– Qani, ko‘rpa-to‘shaklaringni ko‘taringlar, – dedi otasi. – Tez bo‘linglar. Narigi uyga ko‘chamiz. “Sinch uyim, tinch uyim” degan gap bor. – Bu gapga hech kim e’tiroz bildirmadi. Buvisi pechkaga o‘tin qalab, yoqishga tayyorlab qo‘ygandi. Olov gurillab, yarim soatlarda karnay qizardi. Uy iliy boshladi. Hamma endi o‘rniga yotgandi hamki, nimadir qarsillab ketdi. Uyning shiftidan shuvillab tuproq to‘kildi.

– Kalima qaytaringlar. Kalima qaytarib kiyininglar. Birgalikda tashqariga chiqamiz, – dedi otasi o‘zini xotirjam tutib.

Hovliga chiqqanlarida yuz bergan voqeani ko‘rib hammaning yuragi o‘ynab ketdi.

– Voy, o‘lmasam, Ibrohim. Xudoyim bir o‘limdan saqladi bizni. Ota-ona bir-birlarini katta o‘g‘ilning ismi bilan chaqirardi.

Bolalar hayratdan dong qotib qoldilar. Sinchsiz, ilojsizlikdan qurilgan uyning tomi qulab tushgandi. Buvisi opasini bag‘riga bosganicha ho‘ng-ho‘ng yig‘lar, otasi esa tinimsiz yaratganga shukrona aytardi.

– Shukur, yaratgan egam, beadad shukur. Barchamizni o‘z panohingda asraganingga shukur.

To‘rtko‘z esa Abdurasulning poyida yotgancha, dumini likillatardi.

 

Abdurahmon JO‘RAYEV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.