Zog‘ora baliq
Bir kuni Botir bilan Diyor baliq oviga bormoqchi bo‘lishdi. “Yo‘q, men borolmayman”, deyishiga qaramay Samandarni ham birga olib yo‘lga tushishdi. Tonggi shudring qo‘ngan chimzor xuddi marjondek tovlanar, Samandarning biroz tobi bo‘lmagani uchun salqin havo etini junjiktirardi.
– Namuncha shumshaymasang, – Samandarning tirsagidan turtdi Botir.
– Bunaqada sen baliqnimas, baliq seni ilib ketadi, – kuldi Diyor.
Ko‘l suvi ancha salqinlab qolgan, oktabr quyoshining nurlari suv yuzida horg‘in mavjlanardi. Bolalar chuvalchanglar suvda ivigach qarmoqqa ilib suvga otishdi. Olib kelgan qotgan nonlarini ishtaha bilan chaynab, qirg‘oqqa yonboshlashdi. Shu payt Samandarning qarmog‘i qattiq silkindi. Ko‘zlari katta-katta bo‘lib ketgan Diyor qarmoq tomon engashdi.
– Zog‘ora baliq tushibdi, – shodlandi Samandar baliqni chelakka tashlarkan. Kun tushdan og‘ganda bolalar toliqishdimi yoki qorinlari ochdimi yo bo‘lmasa ovlari baroridan kelmayotganiga xafa bo‘lishdimi, xullas uyga qaytgilari keldi. Shu payt to‘satdan yana Samandarning qarmog‘i tortila boshladi.
– Nima balo, baliqlar bilan kelishib qo‘yganmisan? – jahli chiqdi Botirning.
– Yana, kasalman, deysan-a, – dedi Diyor. Samandar hech narsa demadi. Diyor bilan Botir qarmoqlarini yig‘ishtirguncha Samandar uchinchi baliqni ham tutdi. Afsuski, na Diyorning, na Botirning qarmog‘iga bir dona ham baliq ilinmadi.
Samandar galdagi baliqni chelakka solarkan, sekin peshonasiga kaftini bosdi. Uning issig‘i chiqayotgandi. Bolalar ov anjomlarini yig‘ib, uyga qaytishdi. Botir bilan Diyorning qovog‘i soliq, xo‘mraygancha churq etmay borishardi. Chimzordan o‘tib, muyulishga yetishganida, Samandar to‘xtab:
– Shoshmang, baliqlar uchta. Demak, har birimizga bittadan bo‘ladi. Kelasi safar sizlar tutsangiz, menga berasizlar, – dedi.
Bolalar indamay baliqlarni olishdi.
Kech tushganda Samandarning issig‘i ko‘tarildi. Oyisi “Tez yordam” chaqirdi.
– Bir-ikki kun dori ichib yotishi kerak. Kasalni oyoqda o‘tkazish mumkinmas, – dedi shifokor.
Samandar uch kun maktabga borolmadi. Surunkali isitmadan ko‘zlari kirtayib, sulayib qoldi. Onasi, mana senga zaxda baliq ovlashning oqibati, deb koyidi.
– O‘rtoqlarim iltimos qildi-da, – o‘zini oqladi Samandar.
– O‘rtoqlarimish. O‘rtoqlar qayoqqa yetaksa ketaveradimi, ob-havoga qaramasdan!
Samandar jim bo‘lib qoldi.
Ertasiga kechki payt eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Eshikni onasi ochdi. Ostonada Diyor bilan Botir turardi.
– Xolajon, Samandar tuzikmi? Biz unga baliq tutib keldik. Oyim aytdi, qaynoq baliq sho‘rva ichib terlasa, tuzalib ketarkan, – dedi Diyor sekingina.
Og‘abek CHORIYOROV,
Surxondaryo viloyati Sherobod tumani
3-maktab 6-sinf