Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yolg‘onning misi

Aliya SHENGELBAYEVA

 

Kichkintoy Qosim otasining oldida yana ayb ish qilib, gunohkor bo‘lib qoldi – o‘zi qilgan gunoh ishni boshqa birovga to‘nkab, men emas, deb osongina qutulmoqchi bo‘ldi. Otasi bu gal ham indamadi. Qosimning topgan gapiga ishongan bo‘ldi. Ichida esa...o‘g‘lining ketma-ket yolg‘on gapirayotgani, aldab qutulib ketmoqchi bo‘layotgani uni tashvishga solib qo‘ydi. Endi nima bo‘ladi?

Oradan bir hafta o‘tdi. Bir kuni otasi uni bog‘ga chaqirdi:

– Qani, o‘g‘lim, manavi eman daraxtining butoq va yaproqlarini uzib ol-chi, – dedi.

Qosim emanning yaproqlarini uzib tashladi.

– Qalay, qiynalmadingmi?

– Yo‘g‘-e, ota, juda oson ekan-ku, – dedi Qosim yengil tortib.

– Endi mana shu emanning o‘zini yulib tashla-chi, qani...

– E, bu eman juda o‘sib, tomir yoyib ketgan-ku, men uni yulolmayman, – dedi Qosim hayron bo‘lib. – Qarang, katta-ku...

Otasi Qosimning yelkasiga qo‘lini qo‘yib dedi:

– Mana, ko‘rdingmi, o‘g‘lim, agar emanning yaproqlarini, butog‘ini uzib tashlamaganingda, ular o‘sib-o‘sib katta bo‘lib ketardi. Ular kichkina bo‘lgani uchun ham sen juda osonlik bilan yulib tashlading. O‘sib ketganida kuching egishga, sindirishga ham yetmay qoladi. Odam yolg‘on gap aytishga o‘rganib qolganida ham shunday bo‘ladi. Yolg‘on gaping o‘sib-o‘sib katta yolg‘onlarga aylanmasdan avval yulib tashlaganingda, ya’ni yolg‘oning kichkinaligida yolg‘on ekanligini tan olib to‘xtaganingda, o‘zing ham yengil tortar eding, men ham qiynalib-qayg‘urmasdim. Yolg‘on gapirishga o‘rganib qolsang, u vujudingda o‘sib ketaveradi, uni keyinchalik yulib tashlayman desang, kech bo‘ladi. Hozir ayni vaqti. Gunohlaring ko‘payib, kattalashib ketmasligi uchun ulardan vaqtida voz kechishing kerak.

 

Qozoq tilidan Muzaffar AHMAD tarjimasi

 


 Qozogiston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev 2017-yilning 16-17-sentabr kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘lgan vaqtida 2018-yil Qozog‘istonda “O‘zbekiston yili” bo‘lishini e’lon qildi. Shuningdek, bu tashabbus ikki xalq madaniy aloqalari rivojlanishida katta ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.