Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Moziyga muhabbat

Farangiz atoqli yozuvchi Abdulla Qodiriyning “Moziyga qaytib ish ko‘rmak xayrli deydilar” degan qimmatli o‘gitini o‘ziga shior qilib olgan. Uning o‘qishni o‘rganib olganidan keyin ilk bor mutolaa qilgan kitobi ham tarixiy mavzuda bo‘lgan. Bu o‘zbek adibi Mirkarim Osimning dovyurak cho‘pon – Shiroq haqidagi hikoyasi edi. Yozuvchining tarixiy qissalari uni o‘ziga sehrlab oldi. Sak qabilasining malikasi To‘maris, kelini Zarina, Alisher Navoiyning bolaligi, avliyo shoir Boborahim Mashrab haqidagi qissalarni dadasi o‘qib berar ekan, Farangiz xuddi ertak eshitganday sehrlanib tinglardi. Shu tariqa maktabda qadimgi dunyo tarixi bilan baravar Movoraunnahr tarixini qiziqib o‘rgandi. Uning uchun tarix eng sevimli fanga aylandi. Tarix o‘qituvchisi Nigora opa Qurbonova o‘quvchisidagi qiziqishni sezib, to‘garagiga qabul qildi. Deyarli har kuni u bilan mashg‘ulot o‘tkazar, barcha savollariga atroflicha javob berishga harakat qilardi.

Farangiz 12 yoshga to‘lganda dadasi unga Odil Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi”, Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romanlarini sovg‘a qildi. “Tushunishga qiynalsang, o‘zim yordam beraman”, – dedi dadasi sovg‘ani topshirayotib. Farangiz onasi bilan birgalikda “Ulug‘bek xazinasi”ni ikki haftada o‘qib tugatdi. Tushunmagan tarixiy so‘zlarni Nargiza opasidan bilib oldi. Eng qiziq joylariga kelganda Fotima-Zuhra singillarini ham yoniga chorlab olardi. Zarnigor opa romanni obrazli qilib chiroyli ovozda o‘qigani uchun qizaloqlar ham berilib tinglashardi. Bu kitoblar unga buyuk bobolarimiz haqida juda ko‘p qiziqarli ma’lumotlar beribgina qolmay, o‘zligini anglatgan, qanday buyuk insonlarga voris ekanligini bildirgan edi. Tarixiy mavzudagi “Meros” to‘plamini o‘qigach, u yurtimizdagi tarixiy obidalar, madrasa va maqbaralarga qiziqib qoldi. Onasi uni, singillarini Toshkent va Samarqandning tarixiy joylariga ziyoratga olib bordi, muzeylarni tomosha qilishdi.

Tarixiy asarlarni o‘qigan sari Birinchi Prezidentimizning “Tarixsiz kelajak yo‘q” degan hikmatini chuqurroq anglardi. Oilaviy kutubxonadagi aksariyat kitoblar ham tarixiy mavzularda edi. Bu bilim, izlanishlar samarasini berdi. Farangiz 6-7-sinflarda “Bilimlar bellashuvi” tuman bosqichida g‘olib bo‘ldi. 8-sinfda esa shu bellashuvning shahar bosqichida 1-o‘rinni egalladi, respublikada sovrindor bo‘ldi.

– Qizim, tarixga qiziqishing yaxshi. Yutuqlaringdan xursandman. Lekin hozir ko‘pchilik til o‘rganyapti, – deb qoldi dadasi bir kuni. – Nargiza opangni qara, ingliz tilidan tashqari yana boshqa xorijiy tillarni ham o‘rganishga kirishdi.

Aslida Farangiz ham allaqachon ustoz Sayyora Berdiyevadan ingliz tilini puxta o‘rganish uchun qo‘shimcha saboq olayotgandi.

– Dadasi, qizimiz bu ishga allaqachon kirishgan, ustozi undan xursand, – dedi suhbatga quloq solib turgan Zarnigor opa.

– Shundaymi, juda yaxshi-ku. Demak, endi qizimga ingliz tilidagi kitoblarni ham sovg‘a qilsam bo‘larkan-da.

– Dada, maktabimizda kitob marafoni bo‘lyapti, iltimos, sinf kutubxonamizga kitoblar olib bering, – jonlanib ketdi Farangiz. Oradan bir hafta o‘tmasdan dadasi sinfga 20 ga yaqin badiiy kitoblar sovg‘a qildi. Shu yili Farangiz “Bilimlar bellashuvi”da uchinchi bor tuman g‘olibi bo‘ldi. Bu muvaffaqiyatlar Farangiz qalbida moziyga muhabbatni yanada orttirar, tarixiy kitoblardan bosh ko‘targisi kelmasdi. Lekin oyisi aytganiday, vaqtdan unumli foydalangani bois sevimli mashg‘ulotidan ortib boshqa fanlarni ham a’lo o‘zlashtirishga imkon berdi. Faol jamoatchi qiz Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti a’zosi. Sinf “Orasta qizlar” klubi raisi. Darvoqe, Farangizning bitta opasi, uchta singlisi bor. Zarnigor opa qizlariga o‘zbekona urf-odatlar, qizlarga xos sharqona axloq-odobdan har kuni saboq beradi. Qiz bola uy-ro‘zg‘or yumushlarini yaxshi bilsa, kelajakda qoqilmaydi deb, qizlariga orastalik, pazandalik, chevarlikni ham erinmay o‘rgatadi. Shu bois, Farangizga sinfdosh qizlarga sardorlik qilish qiyin bo‘lmayapti. Dugonalari maktabning eng odobli, madaniyatli qizlari hisoblanadi. Lekin tarixga, moziyga muhabbat qalbining tub-tubidan joy olgani uchun u boy tarixiy merosimiz, alloma bobolarimiz hayoti va faoliyatini o‘qib o‘rganishdan charchamaydi. Eng muhimi, xalqimiz tarixini bilishni o‘z farzandlik burchi, deb hisoblaydi. Shu kunlarda u “Tarixi Rashidiya” asarini o‘rganmoqda, tarix fanidan bo‘ladigan shahar olimpiadasiga tayyorlanyapti. Ketma-ket “Bilimlar bellashuvi”dagi muvaffaqiyati uning tuman olimpiadasida ham g‘olib bo‘lishiga zamin bo‘ldi. Yashnobod tumanidagi 255-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Farangiz Usmonova olimpiadaning shahar bosqichidagina emas, respublikada ham birinchilikni qo‘lga kiritib, ustozlari, ota-onasi oldida yuzi yorug‘ bo‘lishiga ishonadi. Biz ham moziyga qaytib ish ko‘rayotgan tarixchi qizning ezgu niyatlari amalga oshishiga ishonamiz.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.