Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Topqir singil

Shohrux va Dildora aka-singil. Ular bir oilada ulg‘ayishayotgan bo‘lsa-da, qiziqishlari, fe’l-atvori turlicha. Masalan, Dildora kitob o‘qishni yaxshi ko‘radi. Shohrux esa buning aksi – o‘yinga berilib, vaqtini bekor o‘tkazadi.

Bir kuni qog‘ozdan samolyot yasab, u yoq-bu yoqqa “g‘iz-g‘iz” uchirayotgan Shohruxga singlisi tanbeh berdi:

– Aka, men kitob o‘qiyapman. Siz menga xalaqit beryapsiz. Yaxshisi, siz ham kitob o‘qisangiz-chi?

– E, kitob o‘qib nima qilaman? Undan ko‘ra, kel, sen ham men bilan birga o‘ynayqol, – dedi aka peshonasini tirishtirib.

Dildoraga esa bu gap yoqmadi. O‘ylay-o‘ylay akasini faqatgina aql bilan kitobga do‘st tutintirish mumkinligini angladi.

– Aka, haqiqiy samolyotni qanday yasash mumkinligini bilasizmi?

Shohrux singlisining kutilmagan savolidan ajablandi. Ammo, savolning javobi uni chindan qiziqtirib qo‘ygandi.

– Yo‘q, sen bilasanmi?

Dildora o‘ylab qo‘ygan rejasining ikkinchi qismiga o‘tdi.

– Hozircha, yo‘q. Ertaga kutubxonaga borib shu mavzuga oid kitoblarni topib o‘qimoqchiman.

– Unda meni ham olib bor. Katta bo‘lsam, samolyot yasaydigan ka-a-at-ta olim bo‘lishni istayman, – Shohrux shunday deya o‘z topilmasidan mamnun jilmayib turgan singlisiga umid bilan termilib qoldi.

Ertasiga aka-singil birgalikda tuman markazidagi kutubxonaga borishdi. U yerdan qiziq-qiziq kitoblar olishdi.

Kundan kun kitobga mehri ortib borayotgan Shohruxni kuzatib turgan Dildora endi akasini badiiy adabiyotlarga qanday qiziqtirish yo‘llarini izlay boshladi.

 

Sohira XOLBOYEVA,

Toshkent shahar 211-maktab 3-sinf

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.