Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Binafshalar aytgan haqiqat

Maktabga ketayotganimda, yo‘l chekkasidagi oddiygina uy darvozasi yoniga qo‘yilgan eski yog‘och kursida bir kampir omonatgina o‘tirardi. Men baland ovozda unga salom berardim. Kampir serajin yuzlariga chiroyli tabassum yugurib, alik olardi. Kampirning ovozi shunday mehrli bo‘lardiki, vujudim shodlikka to‘lib ketardi. Bu notanish kampir bilan salom-alikdan nariga o‘tmagan bo‘lsam-da, u kundan-kun yuragimning bir bo‘lagiga aylanib borardi. Uning yoniga borgim, gaplashgim kelardi, biroq hayiqardim. Bir kuni ajoyib hodisa ro‘y berdi. Hayotimga oltin harflar bilan yozilgan kun edi bu. Kampir meni yoniga chorladi. Men yugurib bordim. U qaynoq qo‘llarini yuzimga bosdi. Men go‘yo farishtaning yonginasida o‘tirardim.

– Nechanchi sinfda o‘qiysan? – dedi mayin ovozda.

– 7-sinfda.

– Ha, ancha katta qiz bo‘lib qolibsan, ona qizim. Men senga omonat bir gapni aytib qo‘ymoqchiman, yodda tut. Hayotda ikki narsa har doim mavjud bo‘lgan, – deya gap boshladi ma’noli nigohini mendan uzmay. – Asrlar o‘tadi, zamon o‘zgaradi. Ammo shu ikki qonuniyat abadiy qoladi. Biri tug‘ilish bo‘lsa, biri o‘lishdir. Biri quvonchli, ikkinchisi qayg‘uli. Insonlar bu qonuniyat asiri, ammo qurboni emas, – deya ma’yus jilmaydi. – Endi xayrlashamiz o‘qishingdan kech qolma, omon bo‘l qizim.

Men maktab sari oshiqib borarkanman, bir necha daqiqa oldin bo‘lgan suhbat xayolimni bir zum tark etmasdi. O‘sha so‘zlar ma’nosini anglashni istardim-u, lekin bunga qodir emasligimni sezib turardim. Ammo bu xayol kun bo‘yi tark etmadi. Ertasi kuni maktabga har doimgi kayfiyatda otlandim. Biroq yo‘l chekkasidagi yog‘och kursi negadir bo‘sh turardi. Qancha qidirmay, kursi egasini topa olmadim. Shu kuni ko‘cha ham, qalbim ham huvillab qoldi. Ko‘chadagi fayz endi uni abadiy tark etgandi. Men esa mehrli ko‘zlardan ajraldim. Hammadan-da ko‘p yig‘ladim. Ammo buni hech kim sezmadi. Qo‘ni-qo‘shnilar kursichani joyida qoldirishdi. Ular buni kampir ruhiga ehtirom, deb hisoblashdi. Kampir menga o‘sha kungi suhbatda hademay bu dunyoni tark etishini tushuntirgan, degan xulosaga keldim. Ammo, bu xulosam noto‘g‘ri edi. Vaqtlar o‘tib, men u aytgan har bir so‘zning mohiyatini anglab yetyapman.

Bahor keldi. Kampir kursichasining atrofi moviy binafshalarga burkandi. Bu hodisa barchani lol qoldirdi. Kampir hali ham shu kursichada o‘tirib, barchaga mehr ulashayotgan ekan. Buni menga binafshalar aytishdi...

 

Hilola BAXTIYOROVA,

Toshkent shahar Yunusobod tumani

105-maktab 8-sinf

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.