Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Buvimning rassom bolasi

Yuliyeva MARKOVA

 

Tasviriy san’at darsidan yangi o‘qituvchi kelganiga ham ikki oydan oshdi. Har safar uyga vazifa berishi shunaqangi alam qiladiki, lekin chizishga majburmiz.

Bir kuni idishlarga – choynak, piyola, likopchalarga naqsh chizish darsini o‘tdik. Oq idishga chiroyli qilib chizilgan ko‘k, havorang gullar juda nafis edi. Bizga qog‘ozdan likopcha yasab, unga naqsh chizishni buyurdi. Umuman olganda, rasm chizishni yaxshi ko‘raman, faqat allaqanday gul, naqshlarni emas. Asosan mashina, samolyot, vertolyot chizgim keladi. Otam bilan (kechqurunlari) bo‘sh paytlarda shunday rasmlarni chizamiz, chunki otam armiyada tankchi bo‘lgan. Undan tashqari, har xil mashina, samolyot modellarini yasashni yaxshi ko‘raman. Buvimga esa naqshlar, gullar chizish yoqadi.

Rasm darsi bizlarda dushanba kuni bo‘ladi. Yakshanba kuni papkaga darsliklarimni joylab turib, birdaniga vazifa esimga tushib qoldi. Kayfiyatim tushib bir qo‘limda qog‘oz likopchani ushlab, yig‘lamoqdan beri bo‘lib o‘tirsam, buvim kirib keldi.

– Kolya, nega xafasan? Nimadir bo‘ldimi? – so‘radi xavotirlanib.

– Bo‘ldi, – dedim men. – Rasm darsidan mana shu likopchaga naqsh chizish buyurilgan. Xuddi o‘zimizning oshxonadagi likopchaga o‘xshash. Lekin men naqsh chizishni bilmayman. “Ikki” baho olishni ham xohlamayman.

– Shunga shunchami, – dedi buvim. – Buni menga qo‘yib ber. Sen yotib uxla. Bekorga shuncha yil rasmdan dars berganmanmi, – buvim qo‘lida “likopcha” bilan oshxonaga chiqdi. Mo‘yqalamni olib chiza boshladi. Buni ko‘rgan otam, bu naqshni Kolya chizganiga o‘qituvchi ishonmaydi, chunki juda chiroyli chiqyapti. Uni erkalatib yuboryapsiz, o‘zi chizsin, – deb tanbeh berdi.

Mehribon buvijonim esa:

– Qo‘yaver, bolam uxlasin, ertaga vaqtli turishi kerak, – dedi.

Ertalab stolim ustida uy vazifam tap-tayyor turardi. Shunaqangi chiroyli chiqibdiki, oshxonamizdagi likopchaning xuddi o‘zi.

– Barakalla, Makarov. Juda chiroyli chiqibdi. “Besh” baho! – dedi rasm o‘qituvchimiz.

Keyingi darsga choynak rasmini chizish topshirildi. Uni ham mehribon buvijonim chizib berdi. Kamina yana maqtov eshitib, “besh” bahoni olib keldi. Navbatdagi topshiriq natyurmort... Hammasidan buvim bilan a’lo baho olaverdik.

Bir kuni o‘qituvchim:

– Kolya, ertaga Yoshlar ijodiy markazida tasviriy san’atdan konkurs bo‘ladi. Sen borasan. Qara, uyaltirib qo‘yma, – desa bo‘ladimi.

Bu gap ustimdan qaynoq suv quygandek ta’sir qildi.

– Nega men? Ivanova borsin. U rasm to‘garagiga qatnashadi, – dedim.

– Bo‘lmaydi, sening ishlaring unikidan yaxshi. Qo‘rqma, birinchi o‘rinni olasan, – dedi.

Men har xil bahonalar qilib ko‘rdim, bo‘lmadi. Uyga kelib hammasini buvimga aytib berdim. Buvim esa, sen bilan boraman, mensiz eplolmaysan, dedi.

– Axir konkurs bo‘lsa, qanday yordam berasiz?

– Men muxlis bo‘lib kiraman va senga o‘rgatib turaman.

Ertasiga buvim ikkimiz Yoshlar ijodiy markaziga keldik. Qatnashchilar qo‘lida katta-katta qog‘oz o‘ramlar bilan kelishgan. Faqat men buvim bilan kelibman.

Musobaqa o‘tkaziladigan xonadagi har bir qalam, qog‘oz, dastgoh, bo‘yoqlar yana bir bor ko‘zdan kechirildi. Musobaqa boshlandi. Xonaga musobaqani tashkillashtirgan ayol kirib, mavzu bilan tanishtirdi:

– Bolalar, yaqinda Vatan himoyachilari kuni. Shuning uchun otalarimiz, akalarimiz, bobolarimizni tabriklab shu mavzuga oid rasm chizamiz. Chizgan rasmingiz ularga sovg‘a bo‘ladi. Ikki kundan keyin chizgan rasmlaringiz namoyish qilinadi. Ota-onangiz bilan birga sizni ko‘rgazmaga taklif qilamiz, – dedi.

Men buvimga o‘girilib, hammasi joyida, deganday bosh barmog‘imni ko‘rsatdim.

Chizishni boshladim. Uyda otam bilan chizgan, otamning o‘zi xizmat qilgan katta tankni chizdim. Boshiga shlem kiygan otamni tanish qiyinroq-ku, lekin harakat qildim. Otamning hammadan kuchliligi, qiyin daqiqalarda ham bizni himoya qilishi shundoq bilinib turibdi.

Musobaqa tugab, hamma ishini topshirdi. Ikki kundan keyin ko‘rgazma bo‘ldi. Birinchi o‘rin olganlarga diplom berildi. Menga albatta, diplom berishmadi. Lekin chizgan rasmimni ramkaga solib devorga osib qo‘yishibdi.

Men tuman musobaqasiga qabul qilinibman. Biz oilamiz bilan ko‘rgazmaga keldik. Buvim juda-juda mamnun edi. Lekin otam hammadan ko‘p xursand edi. U har bir rasmni diqqat bilan tomosha qilardi.

Navbatdagi musobaqa ikki haftadan keyin bo‘lishini, endi onalar bayramiga bag‘ishlanishini aytdi.

Ha, omad hamisha kelavermaydi. Omadni o‘zimiz yaratamiz. Endi buvim bilan jiddiy shug‘ullanmasam bo‘lmaydi.

 

Ruschadan Barno LUTFULLAYEVA tarjimasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.