Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bolaligim

Chingiz AYTMATOV

 

 (qissadan parcha)

 

...Bolaligim urush va undan keyingi yillarga to‘g‘ri kelgan. O‘sha paytlar kolxozga belgili o‘lchamda soliq rejasi solinar va yuqoridan qattiq nazorat qilinar edi. Qarzdan boshi chiqmaydigan xalq kechani kecha, kunduzni kunduz demay ishlardi...

...1942–43-yilning qishi, urush azobi barchani birdek ezib turgan kunlar. Bu davrning azob-uqubatini men bilan tengdosh bolalar ko‘p chekdilar. Ovuldagi ishga yaroqli, kuch-quvvati bor erkaklarning bari urushga ketgan. Men esa o‘z vaqtida avval Frunze, so‘ngra Moskva maktabida o‘qib xat-savodim chiqib qolgan, rus tilini ham binoyidek bilaman. O‘sha kezlari xat-savodli, ayniqsa, rus tili biladigan odamning o‘zi yo‘q, barchasi frontda. Shu bois hali yosh bola bo‘lishimga qaramay, avval xatchi, keyin esa ovuldagi eng mashaqqatli tashvish – soliq yig‘ish ham menga yuklandi. Kolxozning mendan oldingi soliq yig‘uvchisi ham askarlikka olinib, frontga jo‘nadi. Soliq degani o‘sha davrning eng mashmashali, eng muhim tadbiri edi. Beva-bechoralar, nochor va qashshoq kishilar og‘ir ahvollarini qanchalik bayon etmasinlar, hech biri bu soliqdan qutula olmasdi. Yangi ishga anchagacha ko‘nika olmay yurdim. Borgan yeringda pul talab qilasan... Bank Kirovkada, soliqni yig‘ib uni o‘z vaqtida bankka topshirish juda muhim...

...Yoz kunlarining birida odatimga ko‘ra xaltani aqchaga to‘ldirib, aloqa bo‘limiga jo‘nadim. Doimgidek temir yo‘l bo‘ylab, Maymoqni ko‘zlab ketib borardim. Yozning ko‘ngilni ko‘taradigan havosidan mast bo‘lib, o‘zimcha hordiq chiqarganday, otning jilovini bo‘sh qo‘yib ketardim. U yurishga eringandek, mudragancha odimlardi. Bexosdan chaqaloqning yig‘isiga o‘xshagan bir tovush qulog‘imga chalinganday bo‘ldi. Yangi tug‘ilgan bolaning ingalashiga o‘xshagan bu ovozdan sergak tortdim. Hayron bo‘lgancha atrofga alanglab boqdim. Cheksiz biydek dalada odam zoti ko‘rinmasa. Bu bola qaydan paydo bo‘ladi?..

Diqqat bilan quloq tutsam, bolaning ovozi qalin o‘sgan burgan o‘tning orasidan chiqayotganday. O‘sha tomonga qarab ketgan yolg‘izoyoq yo‘l ham bor edi. Otdan sakrab tushib, ovoz kelgan tarafga yugurdim.

Qamchin qo‘limda. U bilan o‘tlarni ikki tomonga yotqizib, yurish uchun o‘zimga yo‘l ochdim. Ko‘zim tushgan manzaradan aqlim shoshib, qotib qoldim. Shundoqqina burnimning ustida yo‘g‘on bir ilon kichkina quyonchaning oyog‘idan boshlab yutayotgan edi. Odatda ilonlar o‘z o‘ljasini damini chiqarmay yutib, so‘ngra hazm qiladi. Bechora jonivor chiyillagancha o‘zini o‘ng-u so‘lga urar, jon talvasasida bu zaharli balodan qutulishga harakat qilardi. Qamchi bilan ilonni savalay boshladim. Ilon hayiqqancha quyonni qo‘yib yubordi-da, o‘rmalagancha o‘t orasiga ship etib kirib ketdi. Quyoncha bo‘lsa qo‘rqqanidan joyidan jilolmay, qotgancha turardi. Unga rahmim keldi. Avaylab quchog‘imga oldim. Mayin junlarini silab, erkaladim.

Yo‘l bo‘yi uni ehtiyotlab, silab-siypab, uydagilarga bu g‘alati voqeani aytib berishimni o‘ylab kelardim.

Chindan ham hayratlanarli bir hol edi. Sal qoldi-ya, ilon uni yutib yuborishiga. Men esa uni dahshatli o‘limdan qutqarib qoldim. Quyonning chaqaloq kabi ingrayotganiga hayron bo‘lgancha Grozniyga yetib kelgan edim.

Pochtada menga har galgidek, orqa tarafdagi bo‘lmaga o‘t deyishdi. Soliqdan yig‘ilgan aqchalar bu yerda yana bir bor qayta boshdan sanalardi. Pochtachi ikkovimiz uzoq o‘tirib, pul sanar edik. Ayol odatdagidek men sanab bergan pul taxlamlarini shoshilmay qabul qilib olardi. Bir vaqt bexosdan xonani boshiga ko‘tarib qichqirib yuborsa bo‘ladimi! U jazavasi tutganday qaltirar, pullar esa sochilib ketgandi. Men ham cho‘chib tushdim. O‘rnimdan turib u tomonga qaradim-u, mashmashaning sababini tushundim. Mening o‘sha jon yo‘ldosh quyoncham yerda turar edi. Qo‘ynimdan qanday qilib sirg‘anib tushib ketganini sezmay qolibman. Aqcha sanab o‘tirib uning sakrab tushganini payqamabman. U dikonglab borib, qarshimda o‘tirgan rus ayolining oyog‘iga yopishgan ekan. Barcha qog‘oz pullar yer bilan bitta bo‘lib yotardi. Quyonni ushlab oldim-da, pullarni to‘plab, qayta sanay boshladim. Biroq hamkasb ayolning titrog‘i bosilmas, og‘ziga kelganini qaytarmay meni qarg‘ar edi:

– Bu nima degan gap! Odam bo‘lmay qora yerga kirib ket! Burnidan mishig‘i oqib yurgan bu bolaga qanday qilib shuncha pulni ishonib topshirib qo‘yadilar, aqling yetmaydi! Bu muttaham esa quyon quvalamoq bilan ovora!

Quyonni olib, Qoraqiz ammamnikiga keldim. Quyoncha bizga o‘rganib ketdi. Biroq bir kuni uni yo‘qotib qo‘ydik.

Ishdan kelsam, ammam menga ayanchli boqib:

– Quyoning qochib ketdi. Uni it yeb qo‘yganga o‘xshaydi, – dedi.

– Qanday yo‘qoladi? – so‘radim men.

– Birdan narigi qo‘shnining itlari vovullab qolishdi. Nimanidir quvalab ketishyapti. Qarasam, sening quyoning. Narigi tomorqaga o‘tib ketishdi. Quvib yetolmadim. Quyon qochib qutuldimi yoki yeb qo‘yishdimi, bilmayman, – dedi ammam ayanchli ohangda bo‘lgan hodisani so‘ylarkan.

Ko‘chaga otilib chiqdim. Ichim achishib quyonni qidira boshladim. Uy atrofini, hovlini, qo‘ni-qo‘shnilar tomonni izladim. Topolmadim. Astoydil qayg‘urdim.

Keyin ham bu jonivor quyonchamni ko‘p esladim. O‘g‘lim Eldor kichkinaligida o‘z boshimdan o‘tgan voqealarni ertakdek qilib unga aytib berar edim. U esa quyon haqidagi xotiramni alohida bir diqqat bilan tinglar, bot-bot eshitgisi kelib, qayta-qayta ayttirardi. Unga, ayniqsa, pochtadagi ayolning qo‘rqib baqirgani, u sanayotgan qog‘oz pullarning havoda uchib yurgani juda yoqar edi. U bundan rohatlanib, qiqirlab kulardi...

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.