Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yovvoyi o‘rdaklar

Ular g‘oyat sezgir va ehtiyotkorligi bilan boshqa ko‘chmanchi qushlardan farq qiladi. Biz ushbu beozor jonivorlarni G‘allaorol tumanidagi Qorovultepa suv ombori qirg‘oqlarida uchratdik. Ular gala hosil qilib havoga ko‘tarilayotganida qanotlarini qattiq-qattiq qoqib “vit-vit”lab baland tovushda qichqirishdi. Bu ularning dushmanlaridan himoyalanish usuli ekan. Ular ko‘l va suv havzasi bo‘ylaridagi quruq tepalik, suv qirg‘oqlari hamda eski qamish uyumlari orasiga xas-cho‘plardan uya qurishgan. Hatto ayrimlari uya ichiga momiq parlar to‘shab, och yashil tusdagi tuxumlarini qo‘yishga ham ulgurishgan ekan.

Yovvoyi o‘rdaklar vaqt o‘tishi bilan tuxumlarni yorib chiqqan jo‘jalarga ore s‘ladi. Tezda ularni suv yuzasiga tushirib oziq topishga undaydi. Uyalari suv bo‘yida bo‘lgani uchun yemish ore sl va himoyalanish oson bo‘ladi. Kichkintoylar suvda suzib jig‘ildonlarini xo‘rakka to‘ldirib, tinch va osoyishta hayot boshlaydilar. Lekin ko‘lda ularga yemish qanchalik serob bo‘lmasin, ehtiyotkorlik va hushyorlik ham talab etiladi. Shuning uchun ona o‘rdak vaqti-vaqti bilan qamishzor chetiga kelib, atrofni kuzatib turadi.

...Kutilmaganda bir kun qattiq qiyqiriq eshitilib, tepada bir nechta chayka (oq charloq) paydo bo‘ldi. Ular o‘rdak bolalari ustida gir aylanardi. Bosqinchilar dam yuqoriga ko‘tarilishar, dam pastga otilib suv yuzasiga yaqinlashgancha o‘rdakchalarni tutishga harakat qilishardi.

Tahlikali damlar ancha vaqtgacha davom etdi. Ona o‘rdak har gal vajohatli g‘ag‘illab suvdan ko‘tarilar, tumshuq va qanotlari bilan zarb berib bosqinchilar hujumini qaytarishga urinardi. Lekin kuchlar teng emasdi. Ona o‘rdak bir muddat dovdirab qoldi. Boz ustiga, qo‘rqqanidan g‘uj bo‘lib olgan bolalarining tarqalib ketmasligiga ham ko‘z-quloq bo‘lmog‘I kerak edi.

Baxtga qarshi, xuddi shu payt bosqinchilar jo‘jalardan bir nechtasini olib qochishga ulgurishdi. Qolgan jo‘jalar har tomonga qochishga tushdi. Bunday parokandalik “jang” oqibatini hal qildi. Sarosimada qolgan ona o‘rdak goh bosqinchi qushlarga tashlanar, goh bolalarini to‘plash uchun suvda gir-gir aylanardi.

Shu orada maxsus kiyimdagi sergak nozir qo‘shotar miltig‘I bilan osmonga ketma-ket o‘q uzdi. Bosqinchilar vahimaga tushib ko‘ldan uzoqlashdilar. Ona o‘rdak esa omon qolgan jo‘jalarini changalzor tomon boshlab ketdi...

Kunlar, haftalar o‘tgan sayin o‘rdak bolalarining qanotlari o‘sib, baquvvatlashdi. Xavf-xatar kamaydi. Endi kichik oila ko‘lning ochiq joylarida bexavotir yashay boshladi.

 

Abdulla SAIDOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.