Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Hunar

Yozgi ta’til bo‘lgani uchun uyda o‘tiraverib zerikdim-da, Rahimlarnikiga chiqdim. Eshikdan kirib chaqirsam, ayasi salomimga alik oldilar-da:

– Rahim o‘rtog‘ing pastda, o‘zing oldiga tushaqol, – dedilar.

Halima xolaning “pastda” deganlari yerto‘la. Rahimning dadasi taniqli o‘ymakor usta. Yerto‘lani ustaxona qilib olgan. Bir marta Rahim bilan tushganman. Ichi juda katta. Yozda tashqarida havo issiqligida ustaxona salqin bo‘ladi. Rahimning dadasi shogirdlari bilan bu yerda taxtadan o‘yma eshiklar, so‘rilar, stol-stullar yasashadi.

Ayvonning yonboshidagi zinadan yerto‘laga – ustaxonaga tushib bordim. Rahim ustaxonaga kiraverishdagi yo‘lakda pastgina kursiga o‘tirib olgan, iskanada hafsala bilan taxtachaga chizilgan naqshni o‘yar edi.

U meni ko‘rib boshini ko‘tardi.

– Ey, kel Abduazim, – dedi ajablanganday.

– Xolamdan so‘rasam, shu yerdaligingni aytdilar, – dedim qo‘lidagi taxtachaga ko‘z yugurtirib.

– Ha, – dedi Rahim quvonib, – men ham dadamning hunarlarini o‘rganyapman.

– Zerikmayapsanmi? – dedim Rahimga achinganday.

– Yo‘q, – hayron bo‘ldi Rahim. – Zerikishga vaqt yo‘q. Buyurtmamiz juda ko‘p. Dadam shogirdlari bilan ishlab ham ulgurolmayaptilar.

– Sen yordam beryapsanmi? – dedim istehzoli kulib.

– Qayoqda, men endi o‘rganyapman. Naqshni taxtaga dadam chizib berdilar. Kechadan beri o‘yib, tugatolmayapman.

– Qani menga ber-chi? – Rahimning qo‘lidan taxtachani olib, uyoq-buyog‘iga qaradim, – zo‘r naqsh-ku, – dedim havasim kelib.

– Ha, yaxshilab o‘rganib olsam, men ham dadamga o‘xshab oddiy taxtadan chiroyli naqshli eshiklar, darvozalar, ustunlar yasardim.

– Dadang naqshli ustunlar ham yasaydilarmi? – so‘radim hayajon bilan boyagi kinoyalarimdan qizarib.

– Ha, – dedi Rahim, – hozir saroy, ko‘shklarga ustunlar buyuradiganlar ko‘payib qoldi. Yog‘och so‘ri, taxta karavotlarni so‘rab keladiganlar ham ancha.

Shu payt ichkari xonadan Rahimning dadasi chiqib qoldi. Meni ko‘rib, xursand bo‘ldilarmi, kulib qo‘ydilar:

– Rahimjon, o‘rtog‘ing seni izlab chiqibdi-da, – keyin mendan, – sen ham o‘ymakor usta bo‘lmoqchimisan? – deb so‘radilar.

– Ha, agar o‘rgatsangiz, – dedim men ham quvonib, – to‘g‘risi, Rahimga havasim kelyapti.

– Unday bo‘lsa dadangdan ruxsat olib, chiqaver.

– Xo‘p bo‘ladi, ertagayoq chiqaman.

– Hunar o‘rgangan kam bo‘lmaydi. Yigit kishiga yetmish hunar oz, deganlar. Bu hunar menga katta bobomdan meros, – dedi Rahimning dadasi g‘urur bilan.

Men esa o‘zimda yo‘q xursand edim. Bilaman, dadam yo‘q demaydilar. Qanday yaxshi, endi yozgi ta’tilda mutlaqo zerikmayman. Eng muhimi, hunar o‘rganaman.

 

Abdulhay NOSIR

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.