Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bir dasta pul

Bir necha kundirki, Suhrob shom qorong‘isida uyiga qaytadi. O‘g‘lining bugun ham ust-boshi changga belanib, charchab, horib qaytganini ko‘rgan Fazilat opa ajablanib:

– Namuncha kechga qolib ketmasang, qayerda yuribsan o‘zi? – deb so‘radi.

– Futbol o‘ynadim.

– Shom qorong‘isigacha to‘p ketidan chopgandan ko‘ra vaqtliroq kelib, darslaringni qilsang bo‘lmaydimi? Ust-boshingga-ku qarab bo‘lmaydi, tez yuvinib chiq. Ovqat pishgani allaqachon... suzaman.

Onasining shu tobda uni o‘yinqaroqlikda ayblaganidan, Suhrob ranjimadi, chunki sinfdosh do‘sti Azizga yordami tegyapti.

Doimo darslarini qoldirmay fanlardan a’lo baholarga o‘qiydigan Azizning ikki kundan buyon maktabga kelolmaganidan tashvishga tushgan sinf rahbari Xolida opa Suhrobga yuzlanib:

– Rahmatov, Azizning yaqin o‘rtog‘isan. Nima gapligini bilmaysanmi? – deb so‘radi.

Bu savolga Suhrob javob bera olmadi. Chunki o‘zi ham shu kecha-kunduzda Azizni ko‘rgani yo‘q edi-da.

...Darslardan so‘ng Suhrob to‘g‘ri Azizlarning uyiga bordi. Ajabo, ikki yoniga gullar ekilgan darvoza qulf edi. Qo‘ni-qo‘shnilardan so‘rayin deb turganida katta ko‘chada Azizning o‘zi ko‘rindi. U Suhrob bilan har doimgidan ko‘ra ruhsiz so‘rashdi. Qo‘lida bo‘g‘cha ham bor edi.

– Qayerdan kelyapsan? – so‘radi Suhrob.

– Oyimni kasalxonaga joylashtirib qaytyapman, – dedi Aziz o‘ychan.

Darvozani ochib hovliga kirganlari hamon jigarrang laycha kuchukcha yugurib kelib Azizga suykaldi.

– Simba, qorning ochdimi? Hozir non beraman, – dedi Aziz uning boshini silab.

Suhrob ham cho‘kkalab o‘zini taniydigan kuchukchani silab-siypaladi.

– Uyda ozroq pul bor edi. Dori-darmonga ishlatdim, – dedi Aziz uyga kirishgach, – bu yog‘iga qayerdan pul topishni o‘ylayapman.

– Endi maktabga bormaysanmi?

– Boraman. Darsdan so‘ng fermerga kunbayga ishlagani chiqsammikin?..

Azizning dadasi Jamoliddin aka qo‘shni mamlakatga ishlagani ketgandi. Bundan xabardor Suhrob biroz sukutdan so‘ng:

– Dadangga telefon qilsang bo‘lmaydimi? – deb so‘radi.

– Qani, ko‘raman...

Aziz Suhrobga birga dars tayyorlagan chog‘larda ko‘p yordam beradi. Qiyin-qiyin tenglama va amallarning oson yechish yo‘llarini erinmay o‘rgatadi. Shu tobda Suhrobning ham do‘stiga juda-juda yordam bergisi keldi.

– Menga qara, Aziz... – dedi biroz o‘ylab olgach. – Senga o‘zi qancha pul kerak? Dadamdan qarz olib beraymi?

– Yo‘q o‘rtoq, unday qilma. Zarur bo‘lsa o‘zim so‘rarman. Ishlab topishga harakat qilaman, dedim-ku.

– Shunday degin... Bo‘lmasa, men ham sen bilan dalada ishlayman, – dedi Suhrob bir to‘xtamga kelgach.

Yuvinib olgan Suhrob shularni xayolidan o‘tkazib, xontaxta atrofiga yozilgan ko‘rpachaga o‘tirdi. Biroz qovog‘i soliq Ermat aka o‘g‘lini jiddiy qarshiladi:

– Har kuni kech qaytyapsan. Ochig‘ini ayt! Nima ishlar qilib yuribsan? – O‘siq qoshlari chimirilgan dadasining sinovchan nigohiga dosh bera olmagan Suhrob boshini egdi:

– O‘ynab... – nima deyishni bilmay g‘uldiradi.

– O‘ynab emas, mardikorlik qilib yuribman degin... Eshitishimga qaraganda Nurali fermerning dalasida kunbay ishlayotgan ekansan, to‘g‘rimi?

–...

– Men sendan so‘rayapman, to‘g‘rimi?! – Ermat aka xontaxtaga jahl bilan musht tushirdi. Xontaxta ustida turgan choynak, piyolalar zirillab ketdi. Suhrobning tanasidagi charchog‘i bir zumda unutilib, uning o‘rnini hayajon egalladi. Yuzi qizarib, ha, deganday bosh silkidi.

– Qani menga ayt-chi, o‘g‘lim, dalaga chiqishga seni nima majbur qilyapti. Velosiped, deding olib berdim. Kompyuter ham sovg‘a qildim. Senga yana nima kerak?! O‘qishingni qoyillatib yursang bo‘ldi-ku. Firmamda-ku... ishlar to‘lib-toshib yotibdi. Hatto o‘qishingga xalaqit bermasin, deb uydagi ul-bul ishlarni ham oyingni o‘zi qilib yuribdi. Sen bo‘lsang... qani ayt, birovlarning dalasida ishlashga seni nima majbur qilyapti?

Og‘ir sukunatdan so‘ng nihoyat Suhrob o‘zida jur’at topib tilga kirdi:

– To‘g‘ri...to‘g‘risini aytaymi, dada?

– Ayt.

– O‘rtog‘imga yordam beryapman. Biznikiga keladigan Aziz degan sinfdoshim bor-u...o‘shanga.

– Nima uchun?

– Oyisi kasalxonaga tushib qolgan. Dori-darmoniga pul kerak ekan.

– Shunday degin... – Ermat akaning jiddiy nigohi birdan yumshadi. Soqoli o‘sgan iyagini qashigancha o‘yga toldi. – Uning otasi ishlagani ketgan-a?

– Hm-m.

– Unga qancha pul kerak ekan?

– Bilmadim...

– Aytganingda o‘sha pulni men berib turmasmidim. Sen ham bunday dalama-dala sarson bo‘lmas eding.

– Siz bilmaysiz...o‘rtog‘imning qaysarligini... keyin nima derdi... g‘ururi bor.

– G‘ururi bor degin... – Ermat aka birdan kulib yubordi. – Ammo men baribir unga yordam beraman, o‘rtog‘ingga mehribonligingdan xursandman.

Shu kech Suhrob ishtaha bilan ovqatlandi...

Oradan kunlar o‘tdi. Tush payti ishkom ostidagi so‘rida Ermat aka yonboshlagancha qandaydir jurnalni varaqlardi. Bir vaqt salom berib hovliga Aziz kirib keldi.

– Va alaykum assalom. Kel o‘g‘lim, – dedi Ermat aka qaddini roslab.

Aziz so‘rining bir chetiga omonatgina o‘tirar ekan, shundoqqina hovli sahnida donlab yurgan bir juft musichaga termilgancha jim qoldi. Shu asnoda Ermat aka o‘smoqchiladi:

– Oying kasalxonadan chiqdimi?

– Yo‘q, davolanyaptilar. Ammo avvalgidan ancha yaxshi bo‘lib qoldilar.

– Durust, durust...

– Dadam qaytib keldilar. Yordamingizni eshitib xursand bo‘ldilar. “Baribir qarzdormiz. Uzishimiz kerak” deb, mana bu pullarni berib yubordilar, – Aziz Ermat akaning oldiga bir dasta pul qo‘ydi.

– Men qarz deb bermaganman-ku! – Ermat aka ko‘zoynagini olib bolaga tikildi. – O‘g‘limning yaqin do‘sti bo‘lsang, oying butunlay sog‘ayib ketgach qaytararsan, qolib ketmas.

– Mayli amaki, borida olib qo‘yavering. Qiyin paytda yordam berdingiz, rahmat.

– Azizjon o‘g‘lim... – xuddi kattalardek fikrlayotgan o‘spiringa Ermat akaning mehri tovlanib, yuragidagi gapni aytishga jazm qildi. – Sen juda mulohazali bola ekansan. O‘g‘limning senday do‘sti borligidan xur sandman. Kelgusida ham xuddi shunday bir-biringizni qo‘llab-quvvatlab yurishlaringni xohlardim.

– Xo‘p bo‘ladi, amaki, endi men boray, – o‘rnidan turdi Aziz. – Suhrobga ham rahmat deb qo‘ying... – uning ovozida qat’iyat va o‘ziga ishonch bor edi.

 

Ulug‘bek MUSTAFO

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.