Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Jur’at

Fyodor KAMALOV

 

Bola va eshakning dushmanlari bor edi. Har tong bola eshakka minib qishloqdan chiqib, kanal tomonga yo‘l olardi. Aytishlaricha, bu kanal dengizga quyilar ekan. Lekin bizning hikoyamiz bu haqda emas.

Bola sigiri uchun qishga pichan to‘playotgandi. Shu choqqacha u bir g‘aram xashak to‘plab qo‘ydi. U o‘tkir o‘roq bilan bir zumda ikki qop o‘t o‘rardi-da, eshakning ikki biqiniga ortar, so‘ng o‘zi ham eshakka ildam minib uyga yo‘l olardi. Yo‘lda uni dushmanlari qarshi olardi. Afsuski, ularga ko‘rinmasdan o‘tib ketishning iloji yo‘q edi. Negaki dushmanlari shundoqqina qishloqqa kiraverishdagi uyda yashashardi-da. Lang ochiq darvozadan avval ikkita it yugurib chiqardi. Ularning orqasidan bolaning tengdoshi – Polvon baqaloq ko‘rinardi-yu, itlarni g‘uslatardi: – Atu, ol ularni! – O‘zi bo‘lsa bu olishuvni xaxolab tomosha qilardi.

Bahaybat qora it vajohat bilan eshakning orqasidan tashlanardi, ancha ayyor malla it esa hujumga oldindan o‘tardi. Ular eshakni g‘ajib tashlagudek edi. Eshak bor ovozi bilan hangrab, tepinardi. Biroq ustidagi og‘ir yuk uni chinakam olishishiga xalaqit berardi. Shunda eshak shataloq otardi. Ustidagi egasi qop-mopi bilan yerga uchib tushardi. Shalpangquloq zumda ko‘zdan yo‘qolardi. Bola esa o‘ksib-o‘ksib yig‘lagancha qoplarni sudrab uyga yo‘l olarkan, o‘zining ham qopag‘on iti yoki qo‘lga o‘rgatilgan bo‘risi bo‘lishini orzu qilardi. U negadir bir kun kelib qamishlar orasidan yarador bo‘ri bolasini topib olib parvarishlashni niyat qilardi. Ana shunda Ko‘ktoyi anavi bezori Polvonning ta’zirini bergan bo‘lardi-da.

Nihoyat bir kuni bola qat’iy qarorga keldi. “Yetar shuncha xomxayol surganim. Tokaygacha qiz bolaga o‘xshab yig‘lab o‘tiraman. Yaramas Polvon endi mendan ko‘radi. Shunday adabini beray-ki...”

Bola pishiq arqondan chiroyli qamchin yasadi. Avvaliga qamchin ancha qo‘pol, og‘ir chiqdi. U qamchin dastasini nozikroq qilib yo‘ndi. Arqon uchlarini titib chiroyli popuk chiqardi. So‘ng hafsala bilan qamchinni havoda selpishni o‘rgandi. Qamchin har selpinganda o‘zidan shuvillagan ovoz chiqarib, yon-veridagi o‘t-o‘lanlarni selpib o‘tganda bola o‘zida yo‘q sevinardi.

– Ana endi “jangga”, – dedi eshagining quloqlarini siypalab. – Hali ko‘rasan, orqa-oldilariga qaramay shunday qochishadi-ki... – Biroq eshak xo‘jayinning gapiga uncha ham ishonmadi.

Bola qamchinni qoplar orasiga yashirgach o‘tloqqa otlanishdi.

Yetib kelgach bola o‘siq o‘tlar ustiga yotdi-da, o‘yga toldi. “Agar bugun ham uni yengolmasam, ko‘zyoshimga cho‘kib o‘lganim yaxshi”. U yuragi gup-gup urgancha eshakka minarkan, qopni mahkam siqib ko‘rdi.

– Ketdik, hangivoy! Bugun biz sen bilan o‘zimizni topamiz! – Ustiga yuk ortilmaganidan hayron bo‘lgan eshak bir-ikki tepinib, qulog‘ini chiyirdi. Keyin, “ha, xo‘jayin bir nimani o‘ylagandir-da”, deganday yengil yo‘rg‘alab ketdi. Mana, qishloqqa yaqinlashib qolishdi. Bolaning barmoqlari qotib qoldi, qamchin dastasini qo‘yib yubordi. Barmoqlarini yopib-ochib terlagan kaftini shimiga artdi.

Itlarning to‘satdan paydo bo‘lishi avvaliga bolani cho‘chitib yubordi. Shu payt ko‘zi Polvonning o‘qraygan basharasiga tushdi-yu, o‘ziga keldi.

– Ishtonidan tort, ishtonidan, – baqirdi Polvon itlariga. – Shalpangquloqni bo‘lsa dumini yulib olinglar!

Aftidan, ular hali boladagi qat’iyatni payqab ulgurishmagandi. Hammasi bir daqiqada yuz berdi.

Bola qamchinni havoda aylantirdi. Malla ko‘ppak ayanchli angillagancha o‘zini ichkariga urdi. Yo‘l-yo‘lakay Polvonni turtib yubordi.

Odaticha eshakning ortidan tashlangan qora ko‘ppak esa orqa oyoqlar zarbidan tishlarigacha qirsillab ketdi, zum o‘tmay ovozi ham o‘chdi.

Nima gap bo‘layotganini tushunib yetmagan Polvon darvoza to‘siniga suyanganicha og‘zini lang ochib qolgandi. Shu choq yelkasiga tushgan qamchin zarbidan o‘ziga kelib, uvillab yubordi.

Shundan so‘nggina bola uyiga yo‘l oldi. Keyin o‘roqni olib, xotirjam ortiga qaytdi.

 

Rus tilidan Vasila PO‘LATOVA tarjimasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.