Qishloqda
Umida to‘rtinchi sinfni bitirdi. Yozgi ta’til boshlanganida u qishloqqa, xolasinikiga keldi. Kattalar shunday kelishishgan edi, qizcha toza havodan bahramand bo‘ladi, bir yo‘la xolasining o‘g‘ilchasiga qaraydi.
Pochchasining hovlisi, tomorqasi unchalik katta emas, ko‘zga ko‘rinadigan bir tup bo‘ychan olmurut daraxti bor. Qolgan uch-to‘rt tup ko‘chatlar hali hosilga kirmagan.
Qo‘shni hovlida o‘rik daraxti bor ekan. Shoxlari tarvaqaylab Umidalar tarafga ham o‘tib ketgan. Mevasi g‘arq pishgan, katta-katta, sirti yaltiroq. Umida xolavachchasini goh aravada aylantirib, goh halinchakda uchirib o‘ynatib yurar ekan, bot-bot anov o‘rikka ko‘z yugurtirib qo‘yadi. Mazasi qanday ekan-a? Aylanib yurib qarasa, tagiga bitta tushibdi. Qo‘shni hovlida hech kim ko‘rinmadi, o‘sha o‘rikni olib yedi. Biram shirin...
Pochchasi va xolasi har kuni ertalab ishga ketishadi. Uyda xolasining keksa qaynonasi, Umida va kichkina Doniyor qoladi. Umida bu muloyim, kamgap kampir bilan tezda apoq-chapoq bo‘lib ketdi, unga buvi, deb murojaat qiladi. Buvi juda qari-da, to‘polonchi Doniyorni bir o‘zi eplay olmaydi, shuning uchun Umidaning yordamiga muhtoj.
Doniyor ikkisi hovlidagi xom olmurutdan olib yeb yurishdi, lekin bu ermak tez orada jonlariga tegdi. Mevasi hali pishmagan, ta’mi yo‘q, bemaza. Qo‘shninikidagi o‘rik esa boshqacha. O‘shandan bir to‘yib yeyishsa edi...
Bir kuni hamma tushlik qilgani uy-uylariga kirib ketgan pallada qiz Doniyorni yetaklab shoxlari osilib turgan shu o‘rik tagiga keldi. Qo‘shni hovlida hech kim yo‘q, yerga yana bor-yo‘g‘i bittagina o‘rik tushibdi. O‘shani qo‘liga olgan edi, Doniyor menga ber, deb xarxasha qildi. Ikkalasi bo‘lib yeyishdi. Tag‘in bo‘lsa edi...
Doniyorning esi yo‘q-da, qo‘lini shoxga cho‘zib tixirlik qila boshladi.
– Tata obey, tata obey...
– Endi bo‘ldi, ketamiz, qo‘shni ko‘rsa urishadi, – deb uni yetakladi Umida. Biroq kichkina Doniyor:
– Yo‘q, tata, tata-a! – deb o‘jarlik otiga mindi.
Qiz ikkilanib qoldi. Doniyor bir yig‘lasa tamom, keyin ko‘ndirish qiyin. Anavi bo‘yi yetadigan shoxdan ushlab, pastga egib, o‘rikdan uch-to‘rtta olsa-chi? O‘ziyam yeb maza qilardi.
Atrofga olazarak ko‘z yugurtirib, shoxga asta qo‘lini cho‘zdi. Undan ushlab pastga eggan ham ediki, qayerdandir qo‘shnining oltinchi sinfga ko‘chgan Farhod degan o‘g‘li chiqib qolsa bo‘ladimi.
– Hey qiz, o‘rikka tegma!
Umida shoxni qo‘yib yubordi. Qo‘rqib ketganidan:
– Mana, olmadim, – deya kaftlarini ochib ko‘rsatdi.
– Bor, ket! – deb o‘dag‘ayladi Farhod. – Birovning zardolisiga o‘g‘irlik qilma!
Umida mulzam holda Doniyorning qaysarligiga ham qaramay uni nari olib ketdi.
Endi nima bo‘ladi? Qo‘shnilari uning qilmishini xolasiga aytib bersa-ya?
Ertasi kuni uyda buvi, Doniyor bilan tushlik qilishayotgan edi, eshikdan bir bola chaqirib keldi. Anavi Farhodning tovushiga o‘xshaydi. Umidaning ko‘ngliga shubha oraladi – chaqimchilikka keldimikin? Biroq eshikni ochganida Farhod qo‘lida bir chelak o‘rik bilan uyga kirib keldi.
– Ayam berib yubordi, – dedi u. – Buvi, paqirni bo‘shatib berar ekansiz.
Buvi o‘rnidan turdi va boshqa idishga chelakdagi o‘riklarni bo‘shatdi. Bo‘sh chelak ichiga non, qand-qurs solib Farhodga qaytarib berdi. Bola burnini bir tortgancha chiqib ketdi. Buvi qizga o‘rikdan bir tovog‘ini berib, yuvib kelishni buyurdi. Umida mevani yuvib-chayib dasturxonga qo‘ydi. Kichkina Doniyor shu zahoti kosaga tarmashdi, Umida esa o‘zini tortdi.
– Ol, qizim, yemaysanmi? – dedi buvi.
– Bu birovniki-ku.
– Nima qipti, qo‘shni bizga ilinib berib yuboribdi, yeyaver, qizim.
Shundan so‘ng Umida zardoliga qo‘lini cho‘zdi.
– Voy-bo‘, buncha shirin, – dedi u. – Pulini bermadik-ku, buvi?
– Buning puli berilmaydi, qizim, – dedi buvi. – Pul berish uyat sanaladi-ya. Qadimgi udumlarimizni buzib bo‘lmaydi. Biznikida yuraversang, hali ko‘rasan, atrofdagi qo‘shnilarda qancha mevali daraxtlar bo‘lsa, barisidan bahramand bo‘lasan.
Buvi haq edi. Qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘larning turli-tuman mevalari pishganida birin-ketin Umidalarga ham kelib turdi.
Nihoyat pochchasining ham olmuruti pishib yetildi. Biram mazali, asaldek totli.
Xolasi qo‘shnilardan hech qaysisini qoldirmay bir chelakdan olmurut ulashdi.
Ishoq ISMOILOV,
Jizzax viloyati G‘allaorol tumani 10-umumta’lim maktab o‘qituvchisi