“Munchoq”
Ehtimol siz “Munchoq kim ekan?” deb o‘ylayotgandirsiz-a?.. Yo‘q, bizning Munchoq qirq kokilli, sho‘x-shodon, qora qosh qizaloq emas, u oddiygina... qo‘zichoq! “Nega bo‘lmasa uning laqabi Munchoq?” deysizmi? Unda eshiting. Qo‘yxonamizning deyarli barcha qo‘ylari qishning izg‘irin sovug‘ida qo‘zilab, faqatgina Yulduzcha laqabli qo‘y bamaylixotir yuraverdi. Uning qo‘zichog‘ini kuta-kuta kattalar axiyri charchashdi. Faqatgina Sug‘diyona har tongda uyqudan ko‘zini ochdi deguncha, Yulduzchadan xabar olgani qo‘ra tomon yugurardi. Shu zaylda yanvar, fevral o‘tdi, ammo yangi qo‘zichoqdan darak bo‘lmadi. Nihoyat qish o‘tib, bahor keldi. Erta tongdan barcha Sug‘diyonaning “Suyunchi beringlar! Tug‘ildi! Munchog‘im tug‘ildi! Suyunchi beringlar!” degan jarangdor ovozidan uyg‘ondi. Kattalar qo‘yxonaga borib qarashsa, chindan ham Yulduzchaning oldida jajjigina qo‘zichoq ko‘zlarini mo‘ltillatib atrofga alanglardi. “Buncha shirin bo‘lmasa bu kichkintoy, bahor elchisi!” der edi barcha. – Bekorga bizni shuncha kuttirmabdi-da, bu Munchog‘ing, – deb jilmaydi Sug‘diyonaning ayasi. Darhaqiqat, Munchoq boshqa qo‘zichoqlarga o‘xshamas, boshida xuddi Sug‘diyonanikiga o‘xshash iroqi do‘ppisi bor, jingalak yunglari esa go‘yoki do‘ppining ostidan mo‘ralab turgan zar kokillardek edi. Uning qarashlari ham ma’noli. O‘tloqda mazza qilib o‘tlab, uyga qaytayotgan qo‘ylar tanish qo‘raga yaqinlashgach, ularni kutayotgan mazali yemga shoshib, kim o‘zarga chopishadi. Shunda qo‘yxona eshigi oldida jonivorlar bir-birini itarib birinchi kirish uchun suzishib ketadi. Bunday paytda qo‘ylar orasida qolib ketgan qo‘zilar hayoti xavfda bo‘ladi. Ammo Munchoq qo‘yxonaga yetganda doim chetga o‘tib, kattalarga yo‘l bergandek biroz kutib turadi-da, oxirida qo‘raga kiradi. Munchog‘imning ana shunday aqlli harakatlarini ko‘rganimda uni yanada yaxshi ko‘rib ketaman.
Sug‘diyona OSMANOVA,
Toshkent viloyati Angren shahri 44-maktab o‘quvchisi