Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ekin ekkan echki

Qoravoy laqabli echki doim podadan qochib  ketar, o‘tlab yurganida bironta poliz yoki tomorqaning yonidan o‘tib qolsa, g‘ov-to‘siqlardan ham osongina sakrab o‘tardi-da,  ichkariga kirib, sabzi, karam, lavlagilarni yeb, yeyishga ulgurmaganlarini toptab tashlardi.  Qoravoyning bunaqangi qilig‘idan so‘ng dehqondan rosa gap eshitgan cho‘pon bola uzun kaltagi bilan shumtaka echkini rosa kaltaklardi. Bir kuni kaltak zarbi uzun-uzun junlaridan ham o‘tib, tanasini qaqshatgan Qoravoy cho‘pondan arazlab  o‘rmonga qochib ketdi.

–  Bo‘ldi, endi o‘rmonda yashayman. O‘zim yaxshi ko‘radigan sabzavotlarni ekib, pishganida cho‘pon bolaning ko‘zini kuydirib rosa yeyman, – deb o‘ylabdi u.

Cho‘pon bola qo‘ylarini haydab ketibdi. Echki ish boshlabdi-yu, ammo deh­qon­chilik oson emasligini tushunibdi: yer chopay desa yelkalari og‘rib ketibdi. Ariq olgunicha holdan toyibdi. Egatlarga bod­ring, sabzi urug‘larini ek­ku­nicha, karam ko‘­chatini butunlay ma­dori qurib, yiqilib qolibdi. Nihoyat, echki ekkan urug‘lar unib chiqibdi. Ammo ko‘chatlar bir tekis emas, u yer-bu yerda yakkam-dukkam bo‘lib ko‘kargan ekan. Axir Qoravoy urug‘larni ekishni ham eplolmagan ekan-da!

Qoravoy ekinlarini parvarish qila boshlabdi. Nihoyat, bodringlar palak yozib, karamlar ancha katta bo‘lib qolganida, kimdir uning poliziga kirib, ekinlarini  payhon qilib, karamlarning boshchalarini g‘ajib ketibdi.

– Qaysi yaramas bu ish­ni qil­di?! – qichqiribdi jahli chiqqan Qoravoy ovozining boricha va... to‘satdan o‘zi ham ilgari birovlarning tomorqasidagi ekin­­larni yeb, payhon qilganini eslabdi.

Qoravoy o‘zining qilmishlari bilan bechora dehqonlarni qanchalar ranjitganini tushunib yetibdi.

 

Gulnoza TOJIBOYEVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.