Telepat
Taniqli yozuvchi Erkin USMONOV “Gulxan” jurnalining sadoqatli do‘stlaridan edi. Bunday deyishimga sabab, u kishi butun umr jurnal bilan hamkorlik qildi. Qanday asar yozmasin, hikoyami, sarguzasht qissami darhol tahririyatimizga olib kelardi. “Bu asarni birinchi bo‘lib “Gulxan”chilar o‘qisin, bu bolalar juda ziyrak, bilimdon. Agar ular hikoyani maqtasa, undan keyin kitob qilaman”, derdilar o‘zlariga juda yarashgan tabassum bilan.
Darvoqe, sizlarning ota-onalaringiz ham Erkin akaning hikoyalarini yaxshi bilishadi. Nega desangiz, ular yozuvchining jurnal sahifalarida e’lon qilingan o‘nlab qissalarini o‘qishgan. Bolalarni juda-juda yaxshi ko‘rgan, ularning olamini yaxshi bilgan adibning asarlarini bugungi kun bolalari ham sevib o‘qishmoqda. Quyida e’lon qilinayotgan jajji fantastik qissani o‘qigach, fikrimizga qo‘shilishingizga ishonamiz.
(fantastik qissa)
Maktabga yangi direktor keldi-yu Qobiljonning tinchi buzildi.
Ilgari maza edi. Qobiljon maktabda shunchaki “bokschi” yo “futbolchi emas, balki “Qobil paxan” degan nom bilan mashhur, undan hamma hayiqardi. Aytgani-aytgan, degani-degan edi.
Masalan, biron bola (qaysi sinfda o‘qishidan qat’i nazar) pista chaqib kelyapti, deylik! “Qobil paxan” undan “Pistadan cho‘z!” deyishi shart emas, o‘zi, chopib kelib, hovuchini to‘ldirib berardi. Yoki, matematikadan yozma ish bo‘lyapti, deylik! Xo‘sh, miyani suyultirib yuboradigan masala va misollarni boshini qotirib yechib o‘tiradimi? Hecham-da! Botir, Rustam, Hasan-Husan... Uning uchun ishlab, sekin uzatib yuboradigan a’lochi o‘rtoqlari...
Mana endi yangi direktor paydo bo‘ldi-yu, bulargayam ko‘z tegdi. Sinf rahbari Xolida opaning aytishicha, yangi direktor intizomsiz, o‘qishi yomon, to‘polonchi bolalarning ro‘yxatini so‘ragan emish. “Seniyam yozib berishga majbur bo‘ldim”, – dedi ustoz, “xafa bo‘lma”, degan ohangda. Hammasi shundan keyin boshlandi. Bolalar xavotirda, o‘qituvchilar esa negadir indashmas, bir-birlariga ma’noli qarab, kulimsirab qo‘yaqolishardi.
Ana o‘sha “ro‘yxat” topshirilganidan uch-to‘rt kun o‘tar-o‘tmas, direktor Qobiljonniyam xonasiga chaqirtirdi.
“Obbo, shunisi yetmay turuvdi. “Odobnoma”dan dars eshitib chiqarkanmiz-da!..” – dedi Qobiljon ichida g‘ijinib.
U shunday xayollar bilan, istar-istamas direktor xonasiga bordi, istar-istamas eshikni ochdi, istar-istamas salom berdi, yo‘liga “mumkinmi?” deb qo‘ydi.
Yangi direktorga uzoqdan bir-ikki ko‘zi tushgandi-yu, yaqindan ko‘rmagandi. Juda g‘alati ekan! Yuz-qo‘llari oftob ko‘rmagandek oppoq, yonib turadigan ko‘zlari odamga teshib yuborgudek tikiladigan, simobrang kostyum-shimi o‘ziga yarashgan, o‘ttiz yoshlardagi, sportchilarga o‘xshab ketadigan yigit ekan. Ismi ham g‘alati – Temur Mahkamovich! Qobiljon direktor ishga yangi kelgan kunlari ismini eshitib, “Temir Tersakovich” desayam bo‘laverarkan”, deb mazax qilganini eslab, kulgisi qistadi-yu, o‘zini tiydi.
– Ustoz aytgandilar... chaqirtirgan ekansiz, – dedi ko‘zlarini olib qochishga urinib.
– Ha, – dedi direktor uzun-uzun barmoqlari bilan stolni chertib, – bir tanishib... “Odobnoma”dan dars o‘tib qo‘yay degandim!
Qobiljon bu gapni eshitib seskanib ketdi. “Tavba, – dedi o‘z-o‘ziga, – bu gapni hech kimga aytmagandim-ku! Hozirgina xayolimdan o‘tkazgandim xolos. Unday bo‘lsa, birinchi marta ko‘rib turishim. Qayoqdan bildiykan?..”
– Qani, bunday o‘tir-chi! – dedi direktor sovuqqina qilib. Qobiljon stulga omonatgina o‘tirdi.
– Endi tanishib olaylik! Meni bilasan... – dedi direktor unga sinchkovlik bilan tikilib.
Qobiljon “ha” degandek bosh irg‘adi.
– “Temir Tersakovich”! Shunaqami?
Qobiljonning yuragi “shuv” etib ketdi. Kim sotgan bo‘lishi mumkin?” xayolidan kechdi uning.
– Hech kim sotmadi, – dedi direktor o‘rnidan turib, uyoqdan-buyoqqa yurarkan, – hech kimdan shubhalanishingga asos yo‘q. Xalqda “O‘zingga ehtiyot bo‘l, qo‘shningni o‘g‘ri tutma”, degan maqol bor. – Direktor shunday deb o‘rnidan turdi. Qobiljonning tepasiga kelib to‘xtadi.
– Seni isming Qobiljon. Familyang Fattohov. To‘g‘rimi? Laqabing “Qobil paxan”! Maktabning “zo‘r”laridansan, shunaqami?!
– Yo‘g‘-e... – dedi Qobiljon quloqlarigacha qizarib.
Direktorning yuziga tabassum yugurdi. – Xo‘p deyaver. Hammasini bilaman. Boks to‘garagiga qatnaysan, maktab futbol jamoasining a’zosisan. Bu yaxshi. Lekin maktab bu, faqat boks-u futbol degani emas! Shuncha kuch-quvvating, harakatingning bir bo‘lagini matematika yo ona tili, fizika yo chet tiliga sarflasang bo‘lmaydimi? Yo, kallang yaxshi ishlamaydimi?
“Agar boshqa birontasi shunaqa deganda, dabdalasini chiqarib tashlardim-a!” lablarini alam bilan tishladi Qobiljon.
– Hech nima qila olmaysan! – uning xayolini bo‘ldi direktor. Qobiljon qotdi-qoldi. “Yo, tavba! – dedi o‘z-o‘ziga, – bu qanaqasi bo‘ldi? Bu odam xayolimdan o‘tgan fikrlarni qanaqasiga bilib olyaptiykan?”.
– O‘ylayverma, foydasi yo‘q! – dedi direktor. – Buning uchun fizika, matematika, informatika, hamma fanlarni yaxshi o‘zlashtirish kerak!
Qobiljon batamom gangib qoldi.
– Bo‘pti, boraqol, – dedi direktor, – zo‘r bo‘lsang, kuchingni o‘qishda ko‘rsat! Esingda tursin, endi meni nazoratim ostida bo‘lasan. Har bir harakatingni kuzatib boraman. Bor!...
Qobiljon direktorning xonasidan dovdirab-sovdirab chiqdi. Bu uchrashuv haqida hech kimga hech narsa demadi. Chunki, bo‘lib o‘tgan bu hodisadan uning o‘zi ham hayratda, sira ishongisi kelmasdi.
Ertasiga “darsdan keyin maktab bog‘ida obodonchilik ishlari bo‘larkan, hammayoqni tozalab, tartibga keltirar ekanmiz”, – degan xabar tarqaldi.
“Endi bir kami qizlarga o‘xshab supurgi, chelak ko‘tarib yurish qolgandi. Quyonning rasmini chizish kerak!” – xayolidan o‘tkazdi, Qobiljon va sinf rahbarining ko‘zini shamg‘alat qilib, sekin portfelini qo‘liga olayotgan edi, ikkinchi qavat derazasi qarsillab ochildi-yu, direktor ko‘rindi.
– Qobiljon!.. Fattohov!.. – dedi u qovog‘ini solib, – quyonnig rasmi rasm darsida chiziladi! O‘rtoqlaring bilan qorovul amakidan zambil, belkurak olib kelinglar! Men, hozir chiqaman!..
Qobiljon hang-mang bo‘ldi-qoldi.. “Nimalar bo‘lyapti o‘zi? – o‘yladi u dovdirab, – direktor mening xayolimdagi gaplarni qayoqdan bilyapti o‘zi? Ham qiziq, ham qo‘rqinchli-ya?!”
Qobiljon qancha o‘ylamasin, o‘yining tagiga yetolmadi. Shu kuni maktab hududini tozalashdi. Ularga boshqa sinflar ham qo‘shilishdi. O‘tlarni yulishdi, daraxtlarning tagini yumshatishdi, sug‘orishdi. Qisqasi, horib-charchab uyga qaytdi. Hatto boks mashg‘ulotiga borishga ham holi kelmadi...
Bir-birini quvalab kunlar o‘tdi.
Shanba kuni matematikadan bir dunyo uy vazifasi berilgan edi. Turgan gap, Qobiljon birontasiniyam ishlayolmadi. Bunga harakat ham qilmadi. Buning o‘rniga kun bo‘yi kompyuter o‘ynadi. Ertasiga esa maktabga hammadan oldin keldi. “Botirdanmi, Rustamdanmi ko‘chirib olaqolaman”, – degan xayolda yo‘lakdan o‘tib borarkan, deraza yonida qo‘llarini qovushtirgancha turgan Temur Mahkamovichni ko‘rib, beixtiyor to‘xtadi. Salom berdi.
– “Uy vazifasi”ni hech kimdan ko‘chirib olmaysan! – dedi u har bir so‘zini dona-dona qilib, – qani, men bilan yur-chi.
Qobiljon oyoqlarini sudrab unga noiloj ergashdi. Xonaga kirishdi.
– Qani, topshiriqni ko‘rsat-chi? – dedi direktor.
Qobiljon kitobini ochib, unga uzatdi.
– Yaxshi, yaxshi, – dedi direktor masalalarga ko‘z yugurtirib va Qobiljonning yelkasiga qoqib qo‘ydi, – endi mana shu yerda jimgina o‘tirib, hamma masalalarni ishla! Keyin o‘zim tekshiraman!.. – U shunday deb chiqib ketdi.
Qobiljon yolg‘iz qoldi. O‘tgan bir soatga yaqin vaqt ichida kallasi xumdek shishib, burnining uchigacha ter bosdi. Kitobni qayta-qayta varaqladi, yechiladigan masalalarga tegishli qoidalarni topib o‘qidi, hisoblab ko‘rdi, chiqmadi, yana o‘qidi, o‘tgan safargi topshiriqlarga solishtirdi, nimanidir ilg‘agandek bo‘ldi-yu, o‘ziyam hayron qoldi. Keyin “Bu yerda jinniga o‘xshab, nima qilib o‘tiribman?” degan xayolga bordi, direktorni eslab qo‘rqib ketdi. Bu fikrni miyasidan quvishga harakat qildi. Yana yozib-chizishga tutindi. Shu zaylda uchta masalani yechish uchun daftarining yarmi bo‘yalib ketdi.
Nihoyat, eshik ochilib Temur Mahkamovich kirib keldi. “Xo‘sh, Fattohov, ishlar qalay?” – deya daftarni qo‘liga oldi, kulimsiragancha varaqladi, nimalarnidir to‘g‘riladi, keyin Qobiljonga tutqazib: “Mana, bo‘larkan-u, faqat kallani sal ishlatish kerak”, dedi va qo‘shib qo‘ydi: – minus uch baho qo‘ysa bo‘ladi!..
Qobiljon “Shuncha harakatga-ya?” demoqchi edi, indamadi, alamini ichiga yutib chiqib ketdi. U bo‘lib o‘tgan voqeadan hayron edi.
Eng qizig‘i matematika darsida bo‘ldi. Ustoz u ishlagan masalalarni ko‘rib, chiqib, maqtadi va “Uch” baho qo‘yamiz. Lekin baquvvat “uch”, dedi. Butun sinf hayratda qoldi. Sababi, bu Qobiljonning keyingi paytda birinchi marta uy vazifasini mustaqil bajarib kelishi va baho olishi edi.
Qobiljon esa, shunga qaramay, yig‘lagudek bo‘lib uyiga qaytdi....
Unga alam qilardi.
Qaysi kuni yo‘lakdagi xas-xazonlarni supurib, zambilga solib tashigani, daraxtlarning tagini yumshatib, suv quygani, direktorning xonasida muk tushib masala-yu misollar ishlagani, sinfdoshlarining, ayniqsa o‘qituvchilarining o‘ziga g‘alati qarab-qarab qo‘yayotganlari, hamma, hammasi alam qilardi. Alamini esa kimdan, nimadan olishini bilmasdi.
Axiyri, bo‘lmadi, kechqurun bir varaq qog‘ozga yirik-yirik harflar bilan “Temur Mahkamovich” deb yozdi-da, yostig‘iga qadadi. Keyin yostiqni rosa boks qildi, xumordan chiqquncha urdi-so‘kdi, toza do‘pposladi. Yostiq titilib, dabdalasi chiqib ketgandan keyingina sal hovuridan tushib, uxlab qoldi...
Ertasiga yana kutilmagan hodisa yuz berdi. Sinfga kirib kelishi bilan uni direktor chaqirtirganini aytishdi. Hayron bo‘lib bordi.
Temur Mahkamovich odatdagidek jiddiy qiyofada kim bilandir telefonda gaplashib o‘tirardi. Qobiljon kirgach, trubkani qo‘ydi-yu, salomiga alik ham olmay “hujum”ga o‘tdi.
– Menga qara, Fattohov! – dedi ko‘zlari yonib, – o‘g‘il bolamisan, o‘zi?
Bechora yostiqda ayb nima? Nega urding? Kuching shunga yetdimi? Nima uchun yirtib, patlarni to‘zitib tashlading? Oyingga rahming kelmadimi?!.
Xullas, shu kuniyam Qobiljon xuddi “nokaut”ga uchragan bokschidek shalvirab sinfga kirib keldi. Uning hayrati borgan sari oshib borardi...
Boshqa bolalarga qanaqa bilmaydi-yu lekin Qobiljonga bugundan boshlab yana mazza bo‘ldi.
Maktab direktori qandaydir xizmat safari bilan Toshkentga, Fanlar Akademiyasiga ketgan ekan. Qulog‘i tinchiydi endi. Yana asl holiga qaytdi. Yana ikkala qo‘li cho‘ntakda, maktab yo‘laklarida kerilib yuradigan, bolalarning yuragini olib, kuchayadigan bo‘ldi. Lekin shunga qaramay o‘qtin-o‘qtin Temur Mahkamovichni eslab qolar, shunaqa paytlarda sarosimaga tushib, beixtiyor kitob-daftarini qo‘yib, dars tayyorlashga kirishganini o‘ziyam sezmay qolardi...
Chorshanba kuni geografiya fani bo‘lishi kerak edi. Muallima kechikibroq qoldi.
Qobiljon bir-ikkita o‘rtog‘i bilan ungacha Geografiya xonasini toza changini chiqarishdi.
Dunyo xaritasi ko‘rsatkichlarni olib qilichbozlik qilishdi, javon ustidagi katta globusni olib voleybol o‘ynashdi. Xuddi shu paytda Qobiljon otgan globus bexosdan polga tushdi-yu, xuddi tarvuzdek yorilib, ikki pallaga ajralib ketdi, hamma jim bo‘lib qoldi. Keyin qo‘rqa pisa joy-joyiga tarqaldi. Qobil bo‘lsa “Agar kim aytsa o‘zidan ko‘rsin”, – deb, mushtini ko‘rsatib qo‘ydi.
Lekin baribir geografiya muallimasi buni bildi va xonaga direktorni boshlab keldi. Temur Mahkamovich gapni cho‘zib o‘tirmadi. “Kim sindirdi?” deb so‘radi xolos. Bolalar bir-birlariga qo‘rqa-pisa qarab qo‘yishdi-yu, indashmadi.
– Yana bir marta so‘rayman, globusni kim sindirdi?
Shu payt kutilmagan hodisa yuz berdi: sinfdagi eng a’lochi, eng yuvosh odobli bola – Rustam o‘rnidan turib boshini eggancha, “men” desa bo‘ladimi? Bolalar “vuy!” deb yuborishdi. Hatto Qobiljon ham bunga hayron qoldi.
(Davomi bor)