Beparvolik kasri
Bahor. Yomg‘irli kunlar. Shahnoza derazadan yomg‘ir yog‘ishini tomosha qilyapti. “Eh-h, yomg‘ir tezroq tugay qolsaydi, o‘rtoqlarim bilan mazza qilib o‘ynardik”, – deb xo‘rsindi u. Nihoyat yomg‘ir tindi. Bulutlar ortidan quyosh ko‘rindi. Shahnoza yugurib oshxonaga onasining oldiga bordi.
– Oyijon yomg‘ir to‘xtadi. Endi ko‘chaga chiqib o‘ynasam, maylimi?
– Mayli, faqat qalinroq kiyinib ol, – tayinladi onasi.
– Ukangni ham olib chiq. Halitdan buyon xarxasha qilib, ovqat tayyorlashimga xalaqit beryapti.
– Oyijon, Javohirni olib chiqsam, o‘ynagani qo‘ymaydi. Ko‘tar deb injiqlik qiladi.
– Qizim, ko‘rmayapsanmi, u ham uyda zerikdi. Olib chiqmasang bo‘lmaydi.
– Mayli-i – ukasini istamaygina yetakladi Shahnoza.
– Shoshma, uni ham qalinroq kiyintirib ol. Quyosh ko‘ringani bilan tashqari sovuq, shamollab qolmasin.
– Xo‘-o‘p, – Shahnoza ukasini erinib kiyintirishga tushdi: – Uf-f, oyi, paypog‘i qayerda edi, topolmayapman!
– Kiyim javonida turibdi, yaxshilab qara. To‘qqiz yosh bo‘lyapsan, qizim, bunday ishlarni bemalol uddalashing kerak...
Shahnoza qancha qidirmasin, ukasining paypog‘ini topa olmadi. “E-e, paypog‘i yo‘q-ku, oyimdan yana so‘rasam, urishib berishi aniq”, – xayolidan o‘tkazdi u. – Tuflini paypoqsiz kiysa ham bo‘laveradi.
Shahnoza ko‘chaga shoshildi. Dugonalarini ko‘rib sevinib ketdi. Ular bilan quvlashmachoq o‘ynab, ukasi esidan chiqdi. Javohir yig‘ilib qolgan ko‘lmakda yura boshladi. Tuflichasi suvga to‘ldi, yuzlari loy bo‘ldi. Dugonalari bilan obdon o‘ynab charchagan Shahnozaning ko‘zi shundagina kiyimlari nam, yuzi loy ukasiga tushdi. Darhol uni uyga olib kirdi. Onasiga bildirmaslik uchun yuz-qo‘llarini yuvib, kiyimlarini almashtirdi.
Ko‘p o‘tmay, ukasining burni oqishni boshladi. Tinmay yig‘lashga tushdi. Kechga borib isitmasi ko‘tarilib ketdi. Otasi “Tez yordam” chaqirishga majbur bo‘ldi. Shifokor uni tekshirib, shamollaganini aytdi va isitmasini tushirish uchun ukol qildi. Shu payt Javohir shunday qichqirdiki, Shahnoza sapchib tushdi. Igna xuddi uning tanasiga kirgandek bo‘ldi. Uning be’etiborligi sabab, ukasi kasal bo‘lganidan o‘zini yomon ko‘rib ketdi. Bunday xatoni takrorlamaslikka o‘ziga o‘zi so‘z berdi.
Diyora FAXRUTDINOVA,
Toshkent shahar
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi
241-maktabning 7-sinf o‘quvchisi