Yaxshilik
Atrof jim-jit. Quyoshning zarrin nurlari butun borliq bo‘ylab tarala boshladi.
Uyqudan barvaqt uyg‘ongan Yurik derazadan tashqariga qaradi. U kunning ajoyibligidan zavqlanib atrofga tikilar ekan, kimgadir yaxshilik qilish, shu yo‘l bilan hammaning mehrini qozonish haqida o‘ylab qoldi.
Yurik kimga, qanday yaxshilik qilsam ekan, deb uzoq o‘yladi. U birdan xayoliga kelgan: “Agarda singlim cho‘kib ketsa-yu, men uni qutqarib qolsam-chi”, degan fikrdan quvonib ketdi. Shu payt xonasiga singlisi kirib keldi-da:
– Aka, yuring, birga sayrga chiqaylik. Siz bilan aylanish qiziqarli-da, – dedi. Yurik esa qovog‘ini uyganicha:
– Men hozir jiddiy narsalar haqida o‘ylayapman. Sen qayoqdagi sayr haqida gapirasan. Bor, ket, menga xalaqit berma, – dedi. Singlisi akasidan xafa bo‘lib chiqib ketdi.
Yurik xayol surishda davom etdi: “Qaniydi, enagamizga bo‘rilar hujum qilib qolsa, men miltig‘im bilan darhol ularni otib tashlar edim. Ana o‘shanda hamma mening qahramonligimdan hayratda qolardi”.
Uning xayolini bo‘lib, eshikdan enaga mo‘raladi:
– Yurochka, idishlarni olishga yordamlashvor.
– Ko‘ryapsiz-ku, bandman, o‘zingiz olavering, – dedi Yurik qo‘pollik bilan.
Enaga chuqur xo‘rsindi-yu, boshini sarak-sarak qilgancha eshikni yopdi...
Oradan bir necha soat o‘tdi. Yurik hamon xayol surardi. Bu safar u xayolida quduqqa tushib ketgan kuchugi Trezorkani qutqarib olayotgan edi. Kutilmaganda Trezorka Yurikning yoniga kelib, vovullagancha dumini likillatdi. Bu uning qorni ochqab, chanqaganini bildirar edi.
Yurik oyog‘i ostidan unga mo‘ltirab turgan kuchukka qarab:
– Yo‘qol, bu yerdan. O‘ylashimga xalaqit beryapsan, – deb baqirdi.
Trezorka uning vajohatini ko‘rib, tashqariga otildi-da butalar orasiga kirib, ko‘zdan yo‘qoldi.
Yurik nima qilishni bilmay, oshxonada kuymalanib yurgan onasining yoniga bordi:
– Oyi, ertalabdan beri o‘ylaverib boshim qotib qoldi. Men yaxshi inson bo‘lishni istayman. Odamlarga yaxshilik qilishni, ularga foydam tegishini xohlayman. Nima qilsam, atrofdagilar mendan xursand bo‘lishadi?!
Onasi Yurikning boshini silab, jilmaydi:
– Sen atrofdagilarga foydang tegib, yaxshilik qilishni istaysanmi?! Unda singlingni sayr qildirib kel, enagaga idishlarni yig‘ishtirishga yordamlash, Trezorga suv ber...
O‘g‘ilginam, kimgadir yaxshilik qilish uchun qahramon bo‘lish shart emas. Yoningdagilarga ko‘maklashish, mehr ko‘rsatib, g‘amxo‘rlik qilish chinakam yaxshilik hisoblanadi. Sen yaxshilikni uzoqdan, xayollaring bilan izlama. U yoningda! Uni faqat o‘rnida, vaqtida ishlata olishing kerak...
Rus tilidan
Shahrizoda SANAQULOVA tarjimasi