Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Vaʼda

Anvarning matematika faniga xushi yo‘qroq. Yozma ish o‘tkaziladigan  bo‘lsa, bir parcha qog‘ozga “Men sening do‘stingman” deb yozib bilimdonlarga jo‘natadi. O‘tgan safar daftari uyda qolib ketgani uchun dars oxirigacha tik oyoqda turdi. Dars so‘nggida “Ustoz, uy vazifasini keyingi safar, albatta, bajarib kelaman, “o‘g‘il bola gap”, deb so‘z berdi.

Mana bugun sinfga kirdi-yu, birinchi soat  matematika fani ekanligi yodiga tushdi.

–  Jamshid, daftaringni berib tur, – dedi eshikdan kirib kelayotgan o‘qituvchini ko‘rib.

Jamshid o‘ng‘aysizlandi, lekin daftarini uzatmadi.

– Do‘stim bo‘lsang, berasan, – dedi sekin pichirlab.

Anvar noiloj uzatilgan daftarni oldi-da, masalasini yozishga tutindi.

– Bugun uy va­zifani tekshirishni Anvardan boshlaymiz. O‘tgan safar “ikki”ni nasiya qilgan edik. Qani, Yunusov,  yozuv taxtasida ishlab ko‘rsat-chi? – deya o‘qituvchi  Anvarni chaqirib qolsa bo‘ladimi.

Uy vazifasini ko‘chirishga endigina chog‘langan Anvar shoshib qoldi. O‘tgan safar “o‘g‘il bola gap”ini  qo‘shib qasam ichgani yodiga tushdi. Nima qilish kerak? Xayoliga kelgan “ajoyib g‘oya”dan sevinib, Jamshidning usti oppoq qog‘oz bilan o‘ralgan daftar muqovasini  yechdi-da, o‘zinikini uning daftariga kirgazdi.  Balki siz ishonmassiz, tayyor yechilgan masalaning javobini yozuv taxtasiga yozguncha  qo‘li qaltiradi,  peshonasini ter bosdi.

– Qoyil, to‘g‘ri ishlabsan, – dedi o‘qituvchi uning yozganlariga ko‘z yugurtirar ekan, – lekin mana bu 87 raqamini qayerdan olganingga hech tushunmayapman. Shuni aytsang, “besh” baho seniki.

Anvar yozganlariga qarab o‘qituvchining savoliga javob topishga tirishar, lekin raqam qaysi qo‘shilmadan hosil bo‘lganini anglolmasdi. O‘qituvchi Rustam aka parta oralab o‘quvchilarning uy vazifalarini tek­shirar ekan, daftarini “unutgan”  Jamshidni turg‘azib qo‘ydi-da, ishida davom etdi. Anvar o‘tiradigan parta oldida biroz to‘xtadi. Parta ustida Jamshidning ismi yozilgan muqovani ko‘rgan  ustoz hammasini tushungan edi.

–  Jamshid, daftaring uyda qolib ketgan bo‘lsa ham, agar masalani yechgan bo‘lsang, 87 raqami  qayerdan kelganini do‘stingga  tushuntirib berarsan? Agar tushuntirsang, ikkingizning bahoingiz ham “besh”, – dedi.

Jamshid yozuv taxtasi oldiga keldi va  Anvar uzatgan bo‘rni  oldi.  Avval 9 tonna yoqilg‘ini 5 ga ko‘paytirdi. So‘ng to‘qqizni o‘n ikkiga ko‘paytirib, chiqqan sondan qirq beshni ayirdi. So‘ng 87 raqamini besh xonali sonlarga qo‘shdi. Sinf suv quygandek jim-jit edi. Hamma Jamshidning ketma-ket yozayotgan raqamlaridan ko‘zini uzmasdi.

– Barakalla, Jamshid. O‘rtog‘ing “besh” olishi uchun juda harakat qilding. Kundaligingizni olib keling.

Rustam aka va’dasida turib, ikkoviga ham “besh” qo‘yib berdi. Anvarning qo‘lidagi  daftarga baho qo‘yar ekan, avvalgi sanalarga qo‘ygan baholarini ko‘rsatib unga ishora qildi. “Mana shunday   yaxshi  o‘qish kerak”,  – dedi sekingina shivirlab. So‘ng  sinfga yuzlanib:

– Daftaringizga sana yozishdan avval muqovalarini ko‘zdan kechirib qo‘ying. Yana adashib do‘stingizning daftariga yozib qo‘ymang, – deya ta’kidlagan bo‘ldi. 

Ustozning bu gaplarini  Jamshid bilan yuzlari uyatdan qizargan Anvardan boshqa hech kim tushunmadi.

 

Gulchehra AKROMOVA,

Toshkent viloyati

Zangiota tumanidagi

19-maktab o‘qituvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.