Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ota ariq nega ranjidi

Bir ariqchadan toza, tiniq suv oqib bog‘-u rog‘larni sug‘orar, atrofdagi o‘simliklarga hayot baxsh etarkan. Bir kuni ko‘chada o‘ynayotgan bolalar ariqqa axlat tashlab, uni iflos qilishibdi. Suv bolalarning bu ishidan xafa bo‘lib, tepadagi katta ota ariqqa aytib beribdi. Ariq bobo ariqchaga boshqa suv bermay qo‘yibdi. Oqibatda ariqcha bo‘yidagi daraxtlar, o‘simliklar sarg‘ayib, qurishni boshlabdi. Buni ko‘rgan odamlar o‘ylanib qolishibdi. Mo‘ysafidlar uni sababini bilmoqchi bo‘lib suv boshiga, Ariq boboning oldiga borib:

– Bizga nega suv jo‘natmay qo‘ydingiz? – deb so‘rashibdi. Ariq bobo ularga shunday javob qilibdi:

– Sizlarni bolalaringiz mening o‘rtancha o‘g‘lim ariqvoyni xafa qilib, unga har xil axlatlarni tashlabdi. Suv qadriga yetmaganlarga, tabiatni suymaganlarga suv berishni lozim topmadim.

Shunda oqsoqollar bolalar nomidan Ariq bobodan kechirim so‘rab ta’zim qilibdilar. Ariq bobo oqsoqollarning uzrini qabul qilib, suvni ochib yubordi. Ariqcha suvga to‘lib oqibdi, bog‘-rog‘lar yashnab, gul-giyohlar barq uribdi. Bolalar ham o‘z xatolarini tushunibdi. Ariq atrofini, oqar suvni toza saqlashga ahd qilishibdi.

Bu voqeadan xabardor bo‘lgan Quyoshbobo ham xursand bo‘lib, zaminni harorati bilan siylabdi.

 

Daminjon PIRMATOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.