Maqtonchoqning holi
Deraza tokchasidagi sopol tuvakka ekilgan Piongul xonaga o‘zgacha tarovat baxsh etar edi. Gul o‘sib kattalashgach, tomirlari tuvakka qisilib, yaxshi o‘sa olmay qolibdi.
Bir kuni tuvak Piongulga qarab:
– Sen mensiz bir kun ham yashay olmaysan. Sening gullab-yashnashingning asosiy sababchisi menman. Demak, mendan bir umr qarzdorsan, mening qadrimga yetishing, xizmatimni qilishing kerak, – debdi.
– Menga hayot baxsh etgan ona tuproq, shoxlarimni yashnatib o‘stirgan saxovatli quyosh bo‘ladi. Sening uyingda esa ildizlarim qisilib, barq urib o‘solmayapman, – debdi Piongul.
Tuvakni jahli chiqib:
– Ey nodon, men o‘zim kichkina bo‘lsam-da, bag‘rim keng, – deb baqiribdi.
Shu payt qattiq shamol esib derazani ochib yuboribdi. Tuvak guli bilan birga yerga tushib, sinibdi.
Uy egasi gulni olib borib gulzoriga ekib qo‘yibdi. Piongul ona yer bag‘rida yayrab-yashnab, shunday barq urib o‘sibdiki, uni ko‘rgan qo‘shnilar, qarindoshlarning havasi kelibdi. Hovlilariga ekish uchun ko‘chatidan so‘rashibdi. Singan tuvak qoldiqlarini esa uy egasi axlat qutisiga tashlab yuboribdi.
Daminjon PIRMATOV