Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kim maymun?

Buvim bilan o‘tirib bemalol nonushta qilgach dasturxonni yig‘ishtirgach qoqqani  hovliga chiqdim. Havo aynibdi. Oftob kulrang bulutlar  orasiga kirib ketibdi. Buni ko‘rib dilim xira tortdi. Qiziq, ob-havo nega odamning kayfiyatiga ta’sir qilar ekan-a, o‘yladim ichkariga kirayotib. Ko‘zim beixtiyor devordagi soatga tushdi. “Obbo, darrov 12 bo‘libdi-ya, maktabga ketish kerak”. Kiyinib yo‘lga otlandim.

Sinf rahbarimizning darsi tinchgina o‘tdi.  Hademay ikkinchi soatga ham qo‘ng‘iroq chalindi. Matematika o‘qituvchisi sinfga shoshib kirdi.

–   O‘tilgan mavzuni  keyin so‘rayman. Bugungi darsimiz sal murakkabroq.   Mavzuni yaxshilab tushunib olsangiz, keyingi  darslarda qiynalmaysiz.

Ustoz  tez-tez yurib borib  doskaga  mavzuni  yoza boshladi:  Arifmetik  ma’lumotlar tahlili...

–   Ustoz, tashqariga chiqib kelay, – qornini ushlab o‘rnidan turdi Sanjar.

–   Chidab tur, mavzuni o‘tib olay, – dedi ustoz orqasiga o‘girilib qaramasdan.

–   Voy, ustoz, sirayam iloji yo‘q, sinfni rasvo qilib qo‘yaman, – inqilladi Sanjar.

– Uff, yomon xirasan-da, yuguraqol.

–   Saida opa, menda ham shunga zarurat bor, – javobni ham kutmasdan Sanjarga ergashdi Rauf.

–   Voy, ustoz, – chayon chaqqanday o‘rnidan sakrab turdi G‘olib. – Sport zalida yap-yangi kurtkam qolib ketibdi. Yo‘qolsa oyimdan o‘laman, bir zumda olib qaytaman.

–   Zalda o‘zing ham qolib ketsang bo‘larkan, darsimni tinchgina o‘tib olardim.  Boravering, darsni tushunmasanglar mendan xafa bo‘lmalaring, – dedi ustoz. Bolalar  bir ishni qotirganday tirjayib chiqib ketishdi. Ustoz og‘ir xo‘rsindi-yu, tenglamalarni  yozishda davom etdi.

– Ana endi shu misollar bo‘yicha mavzuni...  – ustozni gapini bo‘lib eshik ochilib   Sanjar, Rauf, G‘olib qaytib kirishdi.

– Aytdim-ku, hali-beri yangi   mavzu tugamaydi deb, – dedi Sanjar. Ular ruxsat ham so‘ramay joylariga o‘tirishdi. Ustoz ularga  gapirmadi, hech narsa bo‘lmaganday mavzuni tushuntirishda davom etdi.

– Mansur, telefon o‘ynama, – to‘satdan baqirib yubordi Sanjar.

– O‘ynamayapman, chaqmachaqar, – undan o‘tkazib qichqirdi G‘olib. Sinf shovqinga to‘ldi.

– Uff,  nega ustozni dars o‘tishiga  xalaqit beryapsiz, sizga kerak bo‘lmasa, bizga kerak, – dedim sabrim chidamay.

–   Senga nima, ming‘illama, ko‘zoynak! – dedi Sanjar tilini chiqarib.

–   Donoligingni uyingda qilasan, – dedi Rauf.

–   Moshxo‘rdaga qatiq bo‘lma, to‘rtko‘z, – qo‘lini musht qilib o‘qtaldi G‘olib.

Gangib qoldim, ko‘zimga yosh to‘ldi, ko‘zoynagim xiralashdi. O‘tirib ancha yig‘ladim.   Dars ham “dars” bo‘ldi. Ustoz ularga nima dedilar, eshitmadim ham.

O‘sha kuni uyga kelgach bobomga hammasini aytib berdim. Bobom menga bir zum tikilib jim qoldilar. Keyin shunday dedilar:

–   Qizim, senga bir gap aytaman, xulosa o‘zingdan. Maymunlarning eng yaxshi ko‘rgan odati  – odamlarning  ustidan kulish. Chunki u – maymun: uning ishi shu.

 

Mubina TohirboYeva,

Yashnobod tumanidagi 152-maktab

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.