Shum bola o‘zga sayyorada
(Boshi o‘tgan sonda)
Shu payt Yu uchib keladi
Yu: – Salom bolalar! (kuladi).
Omon: – Yu, yaxshimisan? Qo‘ling... Iya qo‘ling joyida-yu!
Qoravoy: – Iya, Yu, tushunmadim. Qo‘lingni anavi dev yulib olgandi-ku! Qanday qilib yana qo‘l paydo bo‘ldi?
Yu: – U yerda boshqa bir qorong‘i xona bor. Unga kir, o‘zingga kel. U yoqda ko‘r ko‘z ochadi, quloq eshitadi. Tushunding!
Qoravoy: – Tushundik. Demak, shifoxona, unga kirsang qulog‘i kar eshitadigan, ko‘zi ko‘r ko‘radigan, cho‘loq yuradigan bo‘lib qoladi.
Yu: – To‘g‘ri, men qo‘l yo‘q, kirdim, mana, qo‘l bor.
Omon: – Zo‘r ekan u joy.
Yu: – Ha zo‘r. Halol, pok jonli kir, ochiq. Bo‘lmasa berk.
Qoravoy: – Tushundim. Halol odamlar kirsa ochiq, yomonlarga berk?! Biz xursandmiz. Seni ko‘rdik. Endi rahbaring va uning yordamchisi bilan xayrlashsak-da, yerga qaytsak. Vaqt ham tez o‘tib ketdi. Seni Yerda kutamiz.
Yu: – Yaxshi. Men u rahbar ayt. U hozir kel.
Qoravoy: – Mayli.
Uchovlon yordamchisi bilan rahbarni kutib olish uchun raketadan tashqariga chiqishadi. Shu onda rahbar uchib keladi
Yu: – (rahbarga) Yer bolalari o‘z sayyoralariga uchib ketisharkan, siz bilan xayrlashishmoqchi.
Rahbar: – Mat-la-hau (yaxshi). Akro manko, sando (olqish sizga, yerliklar).
Qoravoy: – Sizlarga ham olqish! (Manku-sa-akro!) Biz yerimizga jo‘naymiz! Xayr do‘stlar! (Man-pu-la-e-ha!)
Yu: – (ko‘zidan yosh oqadi) Yer boramiz!
Rahbar: – Offa, man tugi (Rahmat, ko‘rishguncha).
Qoravoy bilan Omon raketaga chiqishadi. Yu uchib kelib yana ikki dona qurtga o‘xshagan yaltiroq narsa beradi.
Yu: – Bu tugamas yemish. Yer yetguncha og‘zingga sol. Yaxshi bo‘ladi.
Qoravoy: – Rahmat Yu. Mana, tarjimon-apparat bilan milliy qo‘shiqlar yozilgan planshet. Sizlarga bizdan sovg‘a. Ol!
Yu: – Rahmat! (oladi va uchib ketadi).
Qoravoy: – Omon, raketani ishlat. Yer bilan bog‘lan.
Omon: – Xo‘p! (ishga kirishadi). Yer, Yer, men Venera. Yer, men Venera. Biz uchayapmiz (Yer javob beradi).
Yerdan ovoz: – Men yer. Sizni eshityapmiz Venera. Gapiring, qachon qaytasizlar?
Qoravoy: – Men Venera. Yerga uchyapmiz. Bizni kuting. Bir oyda yetib boramiz!
Yerdan ovoz: – Yaxshi. Biz sizlarni kutyapmiz (aloqa uziladi).
Omon: – Eh, yerim, seni shunday sog‘indim-ki!
Qoravoy: – Men ham! Endi Yu bergan yemishni yeylik! (Bittasini og‘ziga soladi, ikkinchisini Omonga beradi).
Omon: – Iya, Yu raketa ortida turibdi-ku! (ikkalasi qo‘l silkishadi. Yu ham xayrlashadi).
Qoravoy: – Ajoyib qiz ekan. Uni hech qachon esimdan chiqarmayman. Xayr! (Ko‘zidan yosh oqadi). Xayr, Yu! Yana albatta ko‘rishamiz!
Parda
Xotima
Sahnaga boy ota kirib keladi va karavotda yotgan Qoravoyni tepib uyg‘otadi
Boy ota: – Tur, ishyoqmas, kun tepangga keldi-yu, sen hali ham yotibsan. Otlarga qara, yemini, suvini ber. Tushundingmi, bachchag‘ar?
Qoravoy: – Tushundim. Tushundim! (ko‘zini ishqalaydi). Boy ota, kechasi siz ham tush ko‘rasizmi?
Boy ota: – Ko‘raman. Yana biron bir shum ish qilmoqchimisan-a?! So‘rayapsan!
Qoravoy: – (beparvo) Yaxshi tush ko‘rasizmi, Boy ota?
Boy ota: – Har xil tush ko‘raman. Nimaga so‘rayapsan, oldin ayt?
Qoravoy: – Men tushimda Zuhra sayyorasiga uchganmishman. U yerda tillolar shunchalar ko‘p ekanki, sanog‘iga yetolmadim. Sizga besh-o‘nta tangasidan olib kelmoqchi bo‘lib turuvdim, meni tepib uyg‘otib yubordingiz!
Boy ota: – E-e, esiz! Bilmapman-da, aytsang uyg‘otmasdim. Unda tez yot, zora yana o‘sha joyidan tush ko‘rsang. Iloji boricha ko‘proq ol. Anavi axlatqop boru, o‘shani olib ket o‘zing bilan. Tushundingmi?!
Qoravoy: – Tushundim, boy ota. Unda menga ruxsatmi?
Boy ota: – Ruxsat! Uxlayver! Xizmatkorlarning birortasiga aytarman, hamma ishlarni sening o‘rningga qilib turadi. (chiqib ketadi).
Ko‘p o‘tmay xonaga Omon, uning ortidan boy ota kiradi
Omon: – He, seni qara, haliyam uxlayapsanmi? Tur o‘rningdan! Boy ota menga topshirgan sening ishlaringni hammasini bajarib bo‘ldim. Sen uyalmay haliyam uxlab yotibsan.
Qoravoy: – (ko‘zini zo‘rg‘a ochib) Endi tushimning davomini ko‘rayotgan edim, uyg‘otib yubording. Boy ota uchun yig‘gan tillolarni endi axlatqopga solayotgan edim.
Boy ota: – Bachchag‘ar! Qani o‘sha tillolar?!
Qoravoy: – O‘sha yerda qoldi. Omon uyg‘otib yubormaganda olib kelardim.
Boy ota: – Omon bachchag‘ar, kim senga uni uyg‘ot dedi, nega uyg‘otding? Tillolar nima bo‘ladi endi? Ularni kimdir gumdon qiladi-yu.
Omon: – Men qayerdan bilay?
Qoravoy: – Bilish kerak edi.
Boy ota: – (achinib) Tillolar qolib ketaveradimi? Qancha yig‘ganding?
Qoravoy: – Yarim qopcha edi. Ko‘tarsam ko‘tara olmadim, og‘ir edi, boy ota.
Boy ota: – Bitta-yarimtasini ham cho‘ntagingga solib olvolmadingmi, bachchag‘ar?!
Qoravoy: – Cho‘ntagim yo‘q-ku, boy ota. O‘zingiz tiktirib tashlagansiz, esingizdami?!
Boy ota: – Esimda-esimda. Mayli tikkan joyini ochaqol! Zora tushingda o‘sha sayyorada bo‘lib qolsang cho‘ntagingni tillolarga to‘ldirib olarsan! Tushundingmi, bachchag‘ar?
Qoravoy: – Tushundim, boy ota. Endi Siz aytganingizday qilaman. Hozir Omon bilan biroz o‘ynab kelsak maylimi, boy ota?
Boy ota: – (yumshab) Mayli, birpas o‘ynab kelaqolinglar. (chiqib ketadi).
Qoravoy: – (kulib) Qoyilmi, Omon tentak?
Omon: – (achchig‘lanib) O‘zing tentak. Endi seni hech uyg‘otmayman. Boy otaning kaltagidan keyin uyg‘onasan, bilding?!
Qoravoy: – (kulib) Hazillashdim. Sen mening do‘stimsan-ku! Yur, bozorga borib, u-bu shirinliklarni ko‘rib, hidiga to‘yib kelamiz. (ketishadi)
(Tamom)
To‘lqin MUHIDDIN