Otaga itoat qilish kerak
Bir Maymun kenja bolasi bilan yashardi. Ba’zan kenjatoyni o‘zi bilan tashqariga olib chiqar, gohida uyda yolg‘iz qoldirardi. Maymuncha esa hali o‘zini dushmanlardan himoya qilishni bilmasdi. Kunlardan bir kuni otasi unga eshikni hech kimga ochmasligini tayinlab, yegulik qidirib chiqib ketibdi.
Kenjavoy uyda o‘tiraverib zerikibdi. Derazadan tashqarini tomosha qilibdi. O‘sha atrofda yurgan ayyor Tulki uni ko‘rib yemoqchi bo‘libdi. Otasi uyida bor-yo‘qligini bilish uchun uning oldiga kelib:
– Men otangning do‘stiman, uni ko‘rgani keldim. Chaqirib yubor, – debdi.
– Otam yegulik olib kelgani bozorga ketgan.
– Tushunarli, yaqinda kelib qolsa kerak. Uni ichkarida kutaman, eshikni och.
– Buning iloji yo‘q. Otam, men yo‘qligimda hech kimga eshik ochma, deb tayinlagan.
– Otang senga ishonmas ekan-da, bo‘lmasa bunday qilmasdi, – debdi Tulki Kenjatoyga suqlanib qarab.
– Ishonadi, lekin men hali kichkinaman-da.
– Voy bechora, sen juda sodda ekansan-ku. Otang seni yaxshi ko‘rganda tashqaridagi qiziqarli, ajoyib hayotdan ajratarmidi? Ko‘chaga chiqsang, do‘stlar orttirasan, ko‘nglingga yoqqan o‘yinni o‘ynaysan. Axir, sening ham o‘z xohishing bilan ish tutishga, o‘zing bilgancha yashashga haqqing bor-ku!
– To‘g‘ri aytasiz, amaki, – xo‘rsinibdi maymuncha.
– Endi meni ichkariga kiritasanmi?
– Albatta, hozir eshikni ochaman.
Maymuncha eshikni ochmoqchi bo‘libdi. Lekin eshikni ochishga kuchi yetmabdi.
– Eshikni ocha olmayapman, – debdi, deraza yoniga qaytib kelib.
– Unda eshikni tashqaridan sindiraman.
– Yo‘q, unday qilmang, otamning jahli chiqadi.
– Jahli chiqmaydi, axir u mening do‘stim-ku!
Tulki eshikni sindirishga harakat qilibdi, lekin eplay olmabdi. Bundan qattiq g‘azablanibdi. Chunki oson qo‘lga kiritishi mumkin bo‘lgan o‘ljasidan ayrilayotgan ekan-da! Tulki maymunchaga suqlanib qarar ekan so‘laklari oqib ketibdi.
– Amaki, nimaga menga bunday qarayapsiz? – ichiga titroq kirib so‘rabdi Maymuncha.
– Seni yaxshi ko‘rganim uchun. Eshikni ocha olmadim, derazadan sakray qol, o‘zim seni aylantiraman.
– Chiqolmayman, otam urishadi.
– Yana otang haqida gapiryapsanmi? Ko‘chada seni o‘yin-kulgi, xursandchilik kutib turibdi. O‘tirasanmi chollarga o‘xsha-a-ab? Seni o‘zim ko‘z qorachig‘iday ehtiyot qilaman.
Maymuncha uning so‘zlariga ishonib derazadan sakramoqchi bo‘libdi. Shu payt otasi kelib qolib: “Bolam, unday qilma! Biror yering sinib qoladi”, – debdi. Uning ovozini eshitgan Tulki urra qochibdi. Kenjatoy esa uning ortidan: “Amaki, otam keldi, nima uchun qochyapsiz?” – deb baqiribdi.
– Nima uchun derazadan sakramoqchi bo‘lding? – so‘rabdi Maymun o‘g‘lidan.
– Anavi do‘stingiz bilan o‘ynamoqchi edim.
U mening do‘stim emas, sening amaking ham emas. U – yirtqich Tulki. Seni yemoqchi bo‘lgan.
– Yo‘g‘-e, axir u juda mehribon-ku?!
– Bir qarashda shunday. Sen hali do‘st bilan dushmanni ajratolmaysan. Shu sababdan men senga tashqariga chiqmasligingni tayinlagandim. Sal bo‘lmasa sendan ayrilib qolardim, – erkatoyini bag‘riga bosibdi ota Maymun.
Saboq: Ota-ona farzandiga mehribon bo‘lsa ham ko‘pincha ular buni bilmaydi. Bola otasiga itoat qilishi lozim. Aziz bolajon! Ota yoki onangiz uyni sizga qoldirib, chiqib ketgan bo‘lsa, begonalar uchun eshikni ochmang. Ota-onaga itoat qilish hamisha yaxshilikka olib keladi.