Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qaldirgʻoch

Bahorning ilk kunlari. Atrof yam-yashil. Kamronlarning  hovlisiga  yoqimli  chug‘urlab  qaldirg‘ochlar uchib keldi. Ular oldiniga  o‘tgan yilgi inlari atrofida   aylanib,  o‘zaro nimalarnidir maslahat qilishdi. Tumshuqlarida loy tashib in tashqarisida paydo bo‘lgan  tirqishlarni  to‘ldirishdi. Keyin xuddi me’morlardek  uzoqroqdan qarab  in atrofini tekshirishdi.

Ularni kuzatayotgan Kamron beixtiyor qo‘llarini ular tomonga cho‘zar, qushlar bilan tillashishni  xohlardi.

– Kamronjon, nima qilyapsan? – nabirasini jim bo‘lib qolganidan xavotirlanib so‘radi buvisi.

– Qaldirg‘ochlar tinmay  vijirlashyapti. Siz ularni tilini tushunasiz-ku, nima deyishyapti.

– Salom Kamronjon, bizga  o‘rtoq bo‘lasanmi, bizni  qo‘riqlaysanmi, deyapti.

Birozdan so‘ng koptokning devorga urilgan ovozi eshitildi. Buvisi hayron bo‘lib tashqariga chiqdi. Qarasa, Kamron  koptokni devorga  otib o‘ynayapti.

– Hay-hay, bolajonim, unday qilma, qal­dir­g‘ochlar xafa bo‘ladi.

– Nega xafa bo‘lishadi?

– Negaki, sen ularning tinchini buzyapsan. Ular seni yaxshi bola, bizga o‘rtoq bo‘ladi, deb ishonib  ayvonimizga in qurishgan.

– Bo‘pti, ularga o‘rtoq bo‘laman. Ularni menga olib bering. Qo‘limda ko‘tarib yuraman, mushukdan qo‘riqlayman.

– Iye, sen ularni qo‘lingda olib yursang bolalariga kim  chivin, don keltiradi? Polaponlari och qoladi-ku! Hadeb to‘pni osmonga otaversang, sendan qo‘rqib  ketib qoladi.

– Qayoqqa ketib qoladi?

– Yaxshi odamlarnikiga.

– Yaxshi odamlar kimlar?

– Qaldirg‘ochlarni sho‘x bolalardan, dush­manlaridan qo‘riqlaydiganlar.

– Qanday qilib qo‘riqlashadi?

– Mehr bilan-da!

– Mehr nima?

– Bilsang bolajonim, qaldirg‘ochlarning dushmani – ilon. Qushlar undan juda qo‘rqadi. Ilon iniga yaqinlashsa, ona qaldirg‘och bezovta bo‘lib chirqillaydi. Bu paytda befarq bo‘lmay, ularga  yordamlashish kerak.  Aslidachi, qaldirg‘ochlar xosiyatli uyga in qurishadi. Bu degani – shu uyda yaxshi odamlar yashaydi, uqdingmi bolajonim?

– Unday bo‘lsa, bizning uyda kim yaxshi? Bobommi, sizmi, dadammi?

– Biz hammamiz, sen ham yaxshisan, bolajonim.

– Ur-re, biz yaxshimiz, men ham yaxshiman. Endi men  qaldirg‘ochlarimni hech kimga xafa qildirmayman, koptogimni  devorga ham, darvozaga ham otmayman! – quvonchdan irg‘ishladi Kamron.

Robiya JABBOROVA,

Qashqadaryo viloyati Nishon tumani

20-maktab o‘qituvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.