Qayerdasan, jodi
Mana, ikki haftadir-ki, qishloqdamiz. Tushungandirsiz. Mehmonlik hurmatimiz tugagan. Shuncha kun bolam-bo‘tam qilib silab-siypalagan, qo‘limizni sovuq suvga urdirmagan bobo-buvim ham bizga endi bemalol ish buyurishyapti. Dadam eshitmasin-ku, qishloqda ish tugamaydi. Saharlab turib olma, nashvatining tagiga to‘kilganlarini teramiz. Zaxa yemaganlarini karton qutilarga joylab omborga tashiymiz. Chirigan, qurtlagan mevalarni to‘g‘raymiz-da, teshilgan, qiyshayib-qing‘ayib ketgan tog‘oralarga solib molning oxuriga qo‘yib chiqamiz. Keyin esa tomorqadan buvimning ta’biri bilan aytganda, “sho‘rlik yetimcha”, bizningcha esa yeb to‘ymas, buzoqqa qayta-qayta o‘t yulib solamiz. Bu orada buvijonim tongda qorib qo‘ygan xamiri bir tog‘ora bo‘lib oshadi. Buvim ayvonga yugurib chiqadilar-da xamir yuqi qo‘llarini silkitib opam ikkimizni chaqirib, tandirga olov yoqishni buyuradilar. Men tomorqaga bog‘-bog‘ qilib choshlab qo‘yilgan g‘o‘zapoyalarni tandir yoniga tashiyman. Opam olov yoqadi.
G‘o‘zapoya bu – paxta pishadigan o‘simlik ekan. Oppoq paxtani terib olishgach, poyasini qishloqdagilar o‘rib olarkan. Ya’ni, qurigan g‘o‘zapoya odamlarga tayyor o‘tin ekan. O‘ziyam tandir ichida raqsga tushganday buralib-buralib shunaqangi chiroyli yonadiki, olovdan ko‘z uzolmay qolasiz. Tandirga ham bu olov yoqadi, shekilli, uch-to‘rt bog‘ g‘o‘zapoyani yamlamay yutadi. Bu olovda pishgan nonlarning rangi balki shuning uchun ham juda boshqacha bo‘lar. O‘tin tashiyverib charchayman, kunning qizig‘i, olovning taftidan peshonamdan reza-reza ter oqadi. Lekin na opam, na buvim mening bu mehnatimga rahmat, demaydi.
Endi dam olaman, degan paytimda mollar bo‘kirib-o‘kirib podadan qaytadi. Kun bo‘yi qirda chakagi tinmay o‘t chaynab, qorni do‘mbiraday shishib kelgan govmish ham, uning orqasidan o‘zini hali ekinzorga, hali paxtazorga urib tog‘amning jahlini chiqargan ochofat qo‘y-echkilar oqshom uyga kelgach ham, yemish so‘rab ma’ragani – ma’ragan. Uyda ham ularga ovqat tayyor turishi kerak. Uni amakivachcham – Sanjar bilan men bechora tayyorlashim kerak. “Bo‘ldi, charchadim”, deyishga bobomdan qo‘rqaman. Chunki dadam: “Ota, nevaralaringizni, ayniqsa, Firdavsni yaxshilab pishiting. Hayotni tanisin”, deb tayinlab ketganlar. Buvim opamga xamir qorishni, tuxumbarak pishirishni, sho‘rdanak qovurishni, sigir sog‘ishni o‘rgatadi. Ular uncha qiyinmas. Opamga bu ishlar yoqadi shekilli, buvimning buyrug‘ini yugurib-yelib bajaradi.
Bugun ham bobom tushlik qilib dalaga qaytayotganlarida menga ish buyurib ketdilar:
– Bacham, terakning tagida besh bog‘ makkayi bor. Shularni jodida qirqib, mollarni oxuriga solib qo‘y, (oxur – mollarning xontaxtasi) podadan qaytganda ermak qiladi.
– Xo‘p bo‘ladi, bobojon, menga ham ularning baqir-chaqiri yoqmaydi, – dedim.
Bobom, – senga ishondim, – dedilar-u, ketvordilar. Men bobomni ishontirishga ishontirdim-u, bir narsaga aqlim yetmay o‘ylanib qoldim. “Jodu”da maydala, dedilar. Jodu nima ekan? Hindcha kinodogi Jodu o‘zga sayyoralik maxluq edi. Uni bilaman. Ammo, bizning qishloqda qanaqa jodu bo‘lishi mumkin? U qanday qilib jo‘xoripoyani kesadi? Savolimga javob topish uchun og‘ilxonaga yugurdim. U yerdan hech qanaqa g‘aroyib narsani topmadim. Keyin bobomning ish qurollari saqlanadigan omborchaga o‘tdim. Ketmon, o‘roq, bolta, bolg‘a, lom, tokqaychi... bularning ichida ham joduga o‘xshash buyumni ko‘rmadim. Keyin buvimning yoniga bordim.
– Ha, nega tarvuzing qo‘ltig‘ingdan tushib, shalpayib turibsan? U boshing og‘riyaptimi? – buvim shoshilib yonimga kelib peshonamni ushladi.
– Joduni topolmay qiynalib ketdim, shunga. Biyi, jodu o‘zi nima?
– Jodu, deysanmi? Ibi, man o‘lay, sanginaga jodu nega kerak, bacham? Sehri jodu kufr ish, bachayinaga kim jodu qiladi? – dedi buvim hayron bo‘lib.
– Bobom, – xo‘rsindim, o‘zimni yanayam bechora ko‘rsatib.
– Bovang, dam bo‘l-e, bacham, bovang esini yebdimi, sani jodu qilib?! – jahl bilan qo‘l siltadi buvim.
– Men qayerdan bilay, o‘zlari dalaga ketayotib jo‘xori yo‘g‘-e makkapoyani joduda qirqib qo‘y, – deb tayinladilar-ku!
– Ibi, qip-qizil shaharlik bo‘libsan-ku san, “jodu” bilan “jodi”ni adashtirgan. Bovang jodu demagan, jodi degan, chog‘i. San “jodu”, deb boshimni qotirasan. Yur, sanga jodini ko‘rsatib qo‘yay, – buvim qo‘limdan ushlab molxonaga olib kirdilar. Oxurga yaqin joyda yotgan kattagina temir dastali xodaga ishora qildilar. – Ana jodi, shu yerda-ku! Sara solib qarasang ko‘rarding.
Tavba, sara solib, deganlari yana nima bo‘ldi? deb o‘yladim ichimda. Lekin buvimga hech narsa demay, xoda yoniga yugurdim. Bordim-u nima qilishni bilmay turaverdim.
– Bor, bir bog‘ makkapoya olib kel, – dedilar buvim. G‘izillab borib olib keldim. – Endi mana bu temir dastani ko‘tar, – dedilar xoda o‘rtasiga o‘rnatilgan temirga ishora qilib. Ko‘tardim. Temir dasta tagidagi xodaning o‘rtasiga oshpichoqqa o‘xshash o‘tkir tig‘li temir qistirilgan ekan. Buvim o‘sha “oshpichoq” ustiga makkapoyadan bir siqimini qo‘ydilar-da temir dastasini ko‘tarib tushirib ikki metrli ko‘m-ko‘k poyani birpasda yetti-sakkiz bo‘lakka bo‘lib tashladilar.
– Qani, endi sen maydala, faqat ehtiyot bo‘l, – deb tayinladilar. Men buvimning harakatlarini takrorladim. Bir zumda bir bog‘ makkapoyani to‘g‘rab tashladim.
– Zo‘r ekan, jodi deganlari. Lekin, biyijon, nega tayyor o‘tni maydaladik. Shundoq yesa ham bo‘ladi-ku. Yoki mollaringizni tishi o‘tmaydimi?
– Nega o‘tmas ekan o‘tadi, mollarim hali yosh, ammo poyani ko‘pi nishxo‘rdga chiqib uvol bo‘ladi. Jodida to‘g‘rab bersang, mol bir bog‘iga to‘yadi. Poyalarni butun tashlasang, bargini yeydi-yu, poyasi qolib ketadi. Shuncha molni to‘ydirish osonmi, senga. Oddiy jodini nimaligini bilmaysan-u, mahmadanalik qilishingni qara, – qulog‘imdan cho‘zdi buvim.
– E, men shaharda yashasam, mol boqmasam, jodini bilishim shartmas, qishloqdagilar bilaversin, ishlataversin, buvijon.
– Bekorginani aytibsan. San o‘zbekmisan, o‘zbekni bolasimisan, tilimizdagi hamma so‘zni ma’nisini bilishing shart, – koyib berdi buvim.
Yaxshiyam “sara sol”, “nishxo‘rd” degan so‘zlarning ma’nosini so‘ramabman. Aks holda bechora qulog‘im yana jabr ko‘rardi. Lekin rostdan ham, bu nima degani o‘zi? Siz bilmaysizmi?
Muhabbat HAMIDOVA